Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

Urush va kulcha

— Bu urushning oxirgi yangi yili bo‘lsin…
Qiz shunday deb pichirladi-da, onasiga mo‘ltiradi:
— Ona, mana bunaqa kulcha pishirib bering, — u qo‘lidagi eski gazetadan surat ko‘rsatdi. — Qarang,
“Ol-ma-li kulcha” deb yozibdi.
Zebuniso yengil xo‘rsindi. Dastur­xonga qaradi: olma qoqi, bir necha bo‘lak non, turshak. Qozonga sho‘rva ilgandi. U javob berish o‘rniga qiziga buyurdi:
— Sigir ham och qolgandir. Ozgina yemishi bor edi, tashlab kel, qizim.
Sovib qolgan sandal kulini titib turgandi hamki, oqsoqlangancha eri Tilavoldi kirib keldi.
— Keling…
— Qara, nima olib keldim, — erkak etigini ham sug‘urishni unutib, unga qog‘ozga o‘ralgan bir hovuch oq narsani ko‘rsatdi — shakar!
— Qayerdan oldingiz? — ayol bir xursand bo‘lib, bir hadik bilan so‘radi.
— Bugun omborda ishladik. Ko‘rsang edi u yerdagi oziq-ovqatni… Hammasi frontga jo‘natilarkan. Bir qop shakar ham turgandi.
— O‘g‘irlab oldingizmi? — dedi ayol ko‘zlarini katta-katta ochib.
— Biror marta egri ish qilganmidim? — Tilavoldi terslandi. — Mudirdan ish haqim o‘rniga so‘rab oldim. Axir qizing kechadan beri kulcha deyaverib…
— Ha, — Zebunisoning yuzi endi yorishdi. — Ozgina un bor, qatiq ham. Tuxum bilan shakar qo‘shsam…
— Unda tayyorlayqol, — eri etigini yechib, oyog‘ini sandalga tiqdi. — Bugun sovuq jondan o‘tkazdi-ku…
Ayol shosha-pisha oshxona tomonga yurdi. Qizi imillab molga yem berayotgan ekan.
— Yemga tuz ham qo‘shib yubor, — dedi u ovozini balandlatib. Keyin shakarni o‘choq chetiga qo‘ydi-yu, o‘zi tovuq katagiga kirib ketdi. Ishqilib, birorta tuxum bo‘lsin. Baxtiga tuxum topildi. Yaxshilab chayib, oshxonaga o‘tdi. Sirli idishga chaqib, ustiga qatiq solib ara­lashtirdi. Shakar qani? O‘choq boshiga qo‘ygandi. Chiqib qaradi: yo‘q. Yuragi shuv etdi. Mushuk tegdimi? Yo‘g‘-e, mushugi shakar yemaydi. Alanglab turgandi, qizi yoniga chopib keldi.
— Nima qidiryapsiz, ona?
— Hozirgina shu yerga shakar qo‘ygandim…
Qizning yuzlari oqardi.
— Shakarimiz yo‘q edi-ku…
— Hozirgina dadang keltirdi, bolam. Shirin kulcha qilamiz… Lekin aniq shu yerga qo‘ydimmi, eslolmayapman.
— Men… — qiz yig‘lamsiradi. — Tuz deb o‘ylab… mol yemishiga…
Uyog‘ini ayta olmadi. Onasining lablari uchdi.
— Tuz bilan shakarni farqlolmaysanmi, qiz tushmagur?
— Axir bir xil-da… Shakarligini bilsam edi, bir marta yalab ko‘rardim.
Qiz yig‘lay boshladi. U xatosidan emas, endi kulcha yeya olmasligidan o‘kinib yig‘lardi. Ona uni bag‘riga bosdi. Molxona tomon xo‘rsinib qarab qo‘ydi.
— Mayli-da… molimiz sho‘rlik ham biz­ni sut bilan boqib turibdi. Biz esa tuzuk yemish berolmaymiz. Bir shakar yesa-yebdi-da. Yaxshisi, quymoq qilib beraman. Uyam mazali… Faqat dadangga o‘zing ayt. Jahli chiqmasa bo‘lgani…
Tilavoldi qizining mo‘ltillab aytgan gapidan “qah-qah” otib kulib yubordi. Ko‘zlari yoshlanib uzoq kuldi. So‘ng ma’yus tortib qoldi. Bir nuqtaga tikilgancha o‘y surib ketdi.
— Yaralanmaganimda hozir frontda bo‘lardim… O‘sha ombordagi shakarni bizlarga eltib berishardi. Men senga… bir hovuchini olib, xatjildga solib bo‘lsa-da yuborardim, qizim. Qo‘yaver, hali shunday kunlar keladi. Shirin kulchalar yeyaverib, ortib qolganini mushukchangga ham berasan. Sabr kerak, sabr…
Zebunisoning ko‘zlari namlandi. De­raza ortida yog‘a boshlagan qorni ko‘rib, xayoli chalg‘idi:
— Katakning ustini yopib kelay…
Issiqqina sho‘rva uch jonning charchog‘ini chiqardi. Quymoq deganlari rostdan mazali ekan. Olmali kulcha ham shunaqa bo‘lsa kerak-da…
Yangi yil kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qolganida sandal chetida uxlab yotgan qiz tushida olmali, gilosli, qaymoqli kulchalarni ko‘rar, lablari tamshanib qo‘yardi.

Nodirabegim IBROHIMOVA

"Yoshlar ovozi"

Наверх