Xatolar – eng yaxshi ustoz

2019-yil kutganimdek omadli keldi.
Ba’zilar o‘tgan yilidan norozi bo‘ladi. Bir yil ilgari menda ham shunday kayfiyat hukmron edi: qattiq tushkunlikda edim. O‘qishga kira olmadim. Moliyaviy ahvolimiz og‘irlashdi. Betoblikdan to‘shakka mixlanib qolgach, “pichoq suyakka qadaldi”. Oldimga qat’iy maqsad qo‘ydim: “Bir yil ichida, albatta, o‘zgaraman!”.
Byuklarning bir gapi bor: “Biror-bir maqsadning muvaffaqiyat darajasini o‘z ishonchimiz belgilaydi”. Oradan bir yil o‘tdi: talabalik baxti nasib qildi, sog‘lig‘imni tiklab, ishga ham kirdim. Ingliz tilidan bilim darajamni bir pog‘ona ko‘tardim, moliyaviy mustaqillikka erishdim. Xudoga shukr, Yevropaning to‘rt davlatiga sohamga oid loyihalar yuzasidan sayohat qildim. Eng muhimi, o‘zligimni topdim.
“Asaxiy.uz”, “Acredit.uz”, “Khan Academy Uzbek” loyihalarida dizayner sifatida ishladim. “Asaxiy Books” loyihasida o‘zbek tiliga o‘girilgan “1984”, “Raqamli qal’a”, “Molxona”, “Stiv Jobs”, “O‘lsang, kim yig‘laydi”, “Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi”, shuningdek, bloger Nurbek Alimov va jamoasi “Alimoff Team” tomonidan o‘zbekchaga o‘girilgan “Sapiens: insoniyatning qisqacha tarixi” va “Qurol, Mikrob va Po‘lat: insoniyat jamiyatlari tarixi” elektron kitoblarining dizaynlash ishlarida qatnashdim. Jamoamiz bilan “O‘zbekis­ton bahori” ikkinchi yosh ijodkorlar festivali, “International Sport Summit” loyihasi, “Tahsin – 2019” mukofoti dizaynini yaratishda ishtirok etdim.
O‘ylashimcha, bizdagi katta xatolardan biri — maktabni bitirayotgan o‘quvchi kelajakda qaysi sohadan ketishni aniq bilmaydi. O‘qishga kirish uchun tayyorlanadi — kelajakda o‘z kasbiga ega bo‘lish uchun emas! Shu sababli asosiy maqsadi — talaba bo‘lgach, bir xil qolipdagi hayot tarziga tushib qoladi. Aksariyat tengdoshlarimning o‘z kelajagiga nisbatan tasavvuri mavhum. O‘qishga kirish, ishlash, turmush qurish… Kamdan-kam yoshlarning qat’iy hayotiy maqsadlari bor. Hayot — matematika: aniqlik kerak. Shunda mayda ishlarga chalg‘imay, o‘z maqsa­dimiz tomon harakat qilamiz.
Vaqt — g‘animat, o‘tsa — nadomat. Shuni bir tizimga sololmaganim tufayli ko‘p ishlarga ulgurmayapman. 2020-yilda, avvalo, vaqt taqsimotini yo‘lga qo‘ymoq­chiman. O‘qish va ishni baravar olib borish ham biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Ammo eplayman. Bu yil chet tilini yanada puxta o‘rganib, soham bo‘yicha katta loyihalarda ishtirok etmoqchiman. Soham bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganishni va ilk shaxsiy biznesimni boshlashni maqsad qildim. Har qanday muvaffaqiyatli biznes ortida uzoq yillik mehnat, sinov, omadsizliklar yotadi. Men shu qiyinchiliklarni bosib o‘tishim kerak.
“Yulduzlar jangi” filmi qahramoni “Xatolarimiz — eng yaxshi ustozlarimiz”, deb ta’kidlaydi. Biznesda xato qilishdan qo‘rqmaslik uchun ham xato qilib ko‘rish kerak.

Nurjahon FARMONOV,
web-dizayner va imijmeyker