AYDAR-ARNASOY KO‘LLARI tizimini rivojlantirish bo‘yicha muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda

Bugungi global dunyo sharoitida suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj benihoya katta. Shu bois, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan, u yerdagi hayvonot dunyosidan oqilona foydalanishni ta’minlash, biologik xilma-xillikni saqlash, baliqchilikni rivojlantirish, tabiiy suv havzalarida baliqlarni ko‘paytirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish kompleks yondashuvni taqozo etadi.
“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” 1969-yilda “Arnasoy”, “Aydarko‘l”, “Tuzkon” ko‘llarining birlashishi natijasida tashkil topgan. Jizzax hamda Navoiy viloyatlari hududlarida joylashgan. Janubdan Nurota tog‘ tizmasi, shimoldan “Qizilqum” cho‘li, janubiy-sharqdan “Yalong‘och” cho‘li va shimoliy-sharqdan Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lib, o‘ziga xos geografik muhitga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-martdagi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Davlat soliq qo‘mitasi huzurida “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil qilingan. Uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari sifatida suv havzasida baliqlarni ko‘paytirish maqsadida baliq chavoqlari yetishtirish uchun inkubatsiya sexlarini qurish, ko‘llar tizimida baliq yetishtirishning zamonaviy texnologiya va usullarini keng joriy etish, eksportbop hamda raqobatbardosh baliq mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha texnologik jarayonlarni bosqichma-bosqich shakllantirish, shuningdek, baliq ovlash xo‘jaliklari tomonidan ijara shartnomasi shartlariga rioya etilishi monitoringini olib borish belgilangan.
Direksiya tomonidan inkubatsiya sexi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 2019-yilda 7,2 million dona oq amur, do‘ngpeshona va sazan baliq chavoqlari tayyorlangan hamda ko‘llarda mavjud suv uchastkalarining 80 tasi yoki 161 ming gektari tanlov asosida 64 nafar talabgorga ijaraga berilgan.
Ko‘llar tizimi hududida baliqchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida o‘tgan yilda ijarachilar tomonidan jami 3657,4 tonna baliq ovlangan.
Shuningdek, Direksiya tomonidan ko‘llar tizimi hududida obodonlashtirish va ko‘llar tubini chiqindilardan tozalash tadbirlari amalga oshirilgan bo‘lib, hudud jami 46,1 tonna maishiy chiqindidan tozalangan.
Sohada bajarilayotgan ishlar va qonunchilikka rioya etilishi holati Bosh prokuraturaning Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini rivojlantirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan doimiy ravishda o‘rganilib, mavjud kamchilik hamda qonunbuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan qat’iy choralar ko‘rib kelinmoqda.
Xususan, boshqarma tomonidan ko‘llar tizimi hududida faoliyat yuritib kelib, shartnomada ko‘rsatilgan talablarni qo‘pol ravishda buzgan 70 ta ijarachi bilan Direksiya o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomalari bekor qilinishi hamda ijara to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lamasdan kelgan 24 nafar ijarachidan jami 642,1 million so‘mlik qarzdorlikning ixtiyoriy undirilishi ta’minlandi.
Shuningdek, tabiiy suv havzalarida baliqni ko‘paytirish qat’iy nazoratga olingan bo‘lib, shu vaqtgacha jami 1 million 427 ming dona yoki 28,5 tonna chavoq suv havzalariga tashlandi.
O‘tkazilgan o‘rganish va nazorat tadbirlari jarayonida 8 nafar ijarachiga baliq ovlanishini qayd etish daftari berildi hamda 38 nafar ijarachi tomonidan jami 507,1 tonna ovlangan baliq hisobotda ko‘rsatilmagani aniqlanib, bu kamchiliklar to‘liq bartaraf etildi.
Boshqarma xodimlari tomonidan sayyor qabullar tashkil etilib, ko‘llar tizimi hududidagi jami 22 ijarachi va boshqa tadbirkorlik subektlarining murojaatlari ko‘rib chiqilib, mavjud muammolarni hal etilish uchun qat’iy choralar ko‘rildi, Direksiya va Jizzax, Navoiy viloyatlari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda aholi hamda tadbirkorlar o‘rtasida 36 ta targ‘ibot tadbiri amalga oshirilib, amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, boshqarma tomonidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi muhofazasiga doir qonunchilik ijrosi doimiy ravishda o‘rganilib, qonun buzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha jami 31 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi.
Jumladan, ko‘llar tizimi suv obektlari hududi muhofazasi to‘laqonli ta’minlanishi, ko‘l hududida sodir etilgan huquqbuzarliklarning to‘liq fosh etilishi hamda qonunbuzarliklar oqibatida yetkazilgan zararlarning undirilish ahvoli Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini kun-u tun nazorat qiluvchi ekologik nazorat punktlarida tekshirilib, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish xususida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasiga taqdimnoma kiritildi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, suv resurslarini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish, nafaqat suvni balki boshqa tabiat boyliklarini muhofaza etishni ham taqozo etadi.
D.TURG‘UNOV,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 34-boshqarma prokuri