Forsiyda bitilgan hikmatlar

G‘iyosiddin Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida Hazrat Alisher Navoiy hayotiga doir
bir ibratli mutoyibani keltiradi.
“Oliy sha’nli Amirning (ya’ni Hazrat Navoiyning) tanishlaridan bo‘lgan bir kampir bir tegirmon borasidagi da’vo yuzasidan tinimsiz devonga kelib-ketar va janjal qilardi. Ul hazrat unga nasihat qilib:
— Bunday ishlar uchun ering
kelib-ketgani ma’qul, — dedilar.
U kampir bunga javoban:
— Tirikchiligimizning o‘tishi ana shu tegirmonning tasarrufimizga o‘tishiga bog‘liq, shu sababdan men erim bilan birgalikda bu ishning
orqasidan yuguramiz, — dedi.
Ul hazrat yana bir marta, ayollarning bunday ishlar ketidan yugurib yurishi munosib ish emas, dedilar-da, quyidagi baytni chiroyli so‘zlar jaranglovchi tillariga keltirdilar.
Bayt:

Mard shitoban beh va zan bo darang,
Ord naxizad chu bijunbad du sang.

(Mazmuni: erkakning tez yurgani, ayolning esa sekin harakat qilgani yaxshidir. Agar (tegirmondagi) toshning har ikkalasi ham (baravariga) aylansa, un chiqmaydi).
Oila saodati, xotirjamligining muhim shartlaridan birining Navoiy talqinidagi forsiy ifodasidan ko‘rinmoqdaki, mutafakkir shoir bu tilda ham ancha “ko‘p va xo‘p” yozgan. Quyida shu fikrimizga oydinlik kirituvchi ayrim misollarga murojaat qilamiz.
Mumtoz adabiyotimizda yoshi ulug‘, piru badavlat, yaxshi insonlarning, piri komillarning yo‘lidan borish komillik yo‘lidagi muhim qadam ekani, bu ikki dunyo saodatining kaliti ekaniga doir targ‘ib-tashviqlar bor.
Sa’diy Sheroziy “Guliston”ida yozadi:

Gile xushbo‘yi dar hammome ro‘ze,
Ba xud az dasti mahbubi dastam.
Ba tu guftam: “Ki mishki ya avere,
Ki az bo‘yi dara vezi tu mastam…

Ya’ni: bir kuni hammomda bir gil (loy) parchasi mahbubning qo‘lidan qo‘limga tushdi. Men unga dedimki: Namuncha muattar, xushbo‘y bo‘lmasang? Bu muattarligingdan mast bo‘layozdim-ku!

Bi guft: Man gile nochiza budam,
Va lekin muddate bo gul nushastam.

Ya’ni: men hech kim e’tibor bermaydigan oddiy tuproq edim. Biroq ma’lum muddat atirgul o‘sgan joyning tuprog‘i bo‘ldim; undan bahra oldim… Mendagi asl muattarlikning boisi atirgul…
Sa’diy Sheroziy atirgul timsolida komil insonlarga ishora qilayotgani shubhasiz. Endi “Devoni Foniy”dagi quyidagi baytga diqqat qilaylik:

Ba piri, ey javon, gar davlati ayn-ul yaqin xohi,
G‘ubori rohi piron to‘tiyo kun dar javoniho.

Ya’ni, ey yigit, qariganda asl haqiqat gavharini (ayn-ul yaqin davlatini) topishni istasang, yoshlikda ulug‘lar izi tuprog‘ini ko‘zingga to‘tiyo qil.
“Ayn-ul yaqin”ga tasavvuf lug‘atlarida “Ko‘z bilan ko‘rar darajada ko‘rib, mushohada etib bilmoq. Masalan, uzoqda bir tutun ko‘rmoqdamiz. U yerda olov borligini ilm-an bilyapmiz, demakdir. Bu bilish darajasiga “ilm-an yaqiyn” deymiz. Olovga yaqin kelib, ko‘zimiz bilan ko‘rsak, bunga “ayn-al yaqin” bilish deyiladi. Hislarimiz ila olovning borligini va boshqa sifatlarini bilsak, bu bilishimiz darajasiga “Haqqal yaqin” deyiladi”, deya ta’rif beriladi.
Demak, Navoiy fikricha, ma’naviy darajaning ortishi, insonning kamolot kasb etishi ulug‘ zotlarning hurmat-ehtiromini joyiga qo‘yish, hatto xizmatlarini ixlos bilan bajarishga bog‘liq. Hazratga nisbat berilgan quyidagi baytda ham yuqoridagi mazmunning badiiy ifodasini ko‘ramiz:

Ey Navoiy, sen kim-u masjidi mehrob istamak?
Qayga qo‘ysa xo‘blar ayog‘in, sen boshingni qo‘y.

Junayd Bag‘dodiy yaqiynni shak-shubhaning oradan ko‘tarilishi, degan bo‘lsa, Zunnun Misriy ko‘z bilan ko‘rgan narsani — ilm, qalb bilan ko‘rgan narsani — yaqin deb aytgan. Nasriddin Tusiy “Takosur” surasining 6-oyati va “Voqi’a” surasining 94-oyatiga tayanib, yaqiynning 3 darajasi — ilm-ul yaqin (shubha va gumondan xoli bo‘lgan aqida haqida bilim hosil qilish), ayn-ul yaqin (shubhadan xoli aqida sohibi bo‘lish) va haqqul-yaqin (shubhadan xoli aqidaning mohiyatiga etish) borligini ta’kidlaydi.
Xoki poyi ko‘zlariga to‘tiyo qilgulik zot Koinot Sarvari yoxud Ul zotning yo‘lidan ixlos ila boruvchi avliyoulloh bandalardir. Shuning uchun ham Alisher Navoiy bunday ulug‘lar, ruhiy tarbiya ustozlari xizmatida bo‘lishni sharaf deb biladi; bu sharafli xizmat davomida boshga tosh tegib yorilsa ham, bu — saodat nishonasi ekanini aytadi:

Eranlar xidmatidin chekmagil bosh,
Gar boshingga gardundin yog‘ar tosh.
Ki gar ul tosh ila boshing ushalg‘ay,
Saodat xattidur, gar zaxmi qolg‘ay.

Hazrat Navoiyning hikmatlarida olam va odam munosabati, umrning o‘tkinchiligi, dunyoning foniyligiga doir ta’sirli tasvirlarni, ifodalarni topamiz. Shoir bizni hushyor torttirishga majbur qiladigan voqea-hodisalarga diqqat qaratadi.

Agar xarob buvad xonai jahon, chi ajab,
Ki did xona, ki obod mond bar sari ob?

Ya’ni: agar bu olam uyi xarob bo‘lsa, buning sira ajablanadigan joyi yo‘q, zero, uyning suv ustida obod turganini kim ko‘ribdi? Shu o‘rinda shoirning “Sab’ayi sayyor” dostonidagi bu olamni suv ustidagi yarmidan ko‘pi nihon turgan kattakon (“ulug‘rak”) kesakka mengzatganlarini eslash foydadan xoli bo‘lmaydi:

Ey ko‘ngil, boqmagil jahon ishiga
Ki jahon qilmadi vafo kishiga.
Bir ulug‘rak kesak erur bu jahon
Ki erur ko‘pragi suv ichra nihon…

Ba’zan umr haqida tafakkur qilib, o‘z ifodasi bilan “aynal-yaqiyn asror”iga etishgan Navoiy umrga xitob qiladi:

In davr, ba yak chashm zadan gashta digargun,
Ey umr, ba raftan zi bari mo chi shitob ast?

Bir ko‘z ochib-yumguncha zamon boshqa tusga kiradi. Ey umr, bizning yonimizdan muncha shitob bilan o‘tasan? Navoiyning fikricha, umrni mazmunli o‘tkazishning muhim sharti taqvo (parhezkorlik, Allohdan haq-rost qo‘rqishlik, gunohlardan tiyilish) orqali nafsni engishdir:

Oqibat xohad shikast az marg shoxi naxli umr,
Beh zi zo‘ri dasti taqvo nafsro dodan shikast.

Ya’ni: alal-oqibat o‘lim umr daraxtining shoxini sindiradi. Shunday ekan, taqvo qo‘lining kuchi bilan nafsni sindirgan yaxshidir. Nafs sinishi uchun esa uning eng yaqin yordamchisi — kibrni yengib, uni tavozega — kamtarinlikka aylantirmoq lozim. Mumtoz shoirlarimiz bu borada ko‘pincha tuproq detalidan foydalanadi.
Ahmad Yassaviy hazratlari “Tuproq bo‘lgin, olam seni bosib o‘tsin”, deganida aynan shu fazilatni nazarda tutgan. Alisher Navoiy hazratlari ham turkiy hikmatlaridan birida, “agar mardud, ya’ni duosi rad etilmaydiganlardan bo‘lmoq istasang, tuproq bo‘lgin”, deydi. Forsiy hikmatida esa bu mavzuning o‘ziga xos go‘zal badiiy ifodasiga duch kelamiz:

Chun balandonro fitodan lozim omad, past bosh,
Nest mumkin uftodan hech gah bar xoki past.

Ya’ni: yuksakka ko‘tarilganlarning bir kuni pastlashi haq ekan, sen pastda yuraver, chunki tuproqda yotgan kishining yiqilishi mumkin emas.
Xalqimiz orasida “besh kunlik dunyo” iborasi bot-bot qo‘llaniladi. Bu o‘tkinchi, tezda o‘tuvchi dunyo ma’nolarini beradi.
“Besh kunlik dunyo”ga Alisher Navoiy bergan ta’rifga diqqat qaratamiz:

Aflok razlparvaru dar panjro‘za umr,
Gashtan zabuni o‘ zi kamoli razolat ast.

Ya’ni: falak razilparvardir, besh kunlik dunyoda unga mag‘lub bo‘lish ayni razolatning o‘zidir.

Holbuki, Hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda: —
Hayoti naqd buvad mug‘ganam ki charx ba lu’b.
Fitoda to zi tu naqdi hayotro bibarad.

Ya’ni: tiriklik davlati g‘animatdir, chunki falak makr bilan seni mag‘lub etib, hayot deb atalgan ne’matdan mahrum etmoqchi.
Alisher Navoiy yozadi:

Gar bahri rahmati o‘ axd ba mavji g‘am nest,
Garchi zi dudi isyon dorem ro‘siyohi.

Ya’ni: isyon, gunoh tutunidan yuzimiz qora bo‘lsa-da, rahmat, mag‘firat dengizi mavj ursa g‘am yo‘q, noumid bo‘lmasman.
Bu baytlar beixtiyor Mirzo Abdulqodir Bedilning shu satrlarini yodga soladi:

Dunyo tashvishi deb bunchalar ozor,
Bandai ojizni xor etmas G‘affor.
Hargiz bechoralik ranjida bo‘lma,
Bedil der: g‘am tortma Qodir Xudo bor.

Alisher Navoiy har qanday holatda Yaratganning rahmatidan, mag‘firatidan umidini uzmaslikka alohida diqqat qaratadi. Ruboiylaridan birida “Allohning rahmatidan zinhor umid uzmanglar” (Zumar surasi, 32-oyat) ma’nosidagi oyati karimasini nazmda sharhlay turib “… Lek demangiz munikim: Ondin tama’ uz”, deydi.
Ha, Hazrat Alisher Navoiyning forsiyda bitgan hikmatlari ham bizga odam va olam, umr mazmuni, hayot haqiqati haqida qimmatli o‘gitlar beradi.

Abdumurod TILAVOV,
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi