Azizadan o‘rnak oling, azizlar!

Innovatsion rivojlanish vazirligi taklifiga binoan yurtimizda bo‘lib turgan Kolumbiya universiteti(AQSH)ning ilk o‘zbek professori Aziza Shonazarova kuni kecha jurnalistlar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan birga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari ham ishtirok etdi.
Eslatish kerak, Aziza Shonazarova 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bayram tadbirida unga mukofotni Prezidentning shaxsan o‘zi topshirdi.
Aziza 2007-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlab, magistratura tahsilini dastlab Polshada, so‘ngra Amerikadagi Indiana-Blumington universitetida davom ettirdi. Doktorlik dissertatsiyasini biryo‘la ikki yo‘nalishda yoqlagan. Ilmiy faoliyatini olima XVI asrdan so‘ng Markaziy Osiyo, xusasan, O‘zbekistonda yashagan ayollarning ijtimoiy mavqeini o‘rganishga bag‘ishladi. Hamyurtimiz shu choqqacha islomda gender va ayollar masalasi bo‘yicha Stenford, Pittsburg, Oksford universitetlarida tadqiqot olib borib, ma’ruzalar o‘qidi. Hozir Kolumbiya universitetida Osiyoda islom tarixi, so‘fiylik ta’limoti bo‘yicha dars bermoqda. Manchester, Ogayo, Illinoys, Sorbonna, Bonn, Varshava, Pekindagi nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan ham yaqindan ilmiy hamkorlik o‘rnatgan.
Aziza Shonazarova sakkizta xorijiy tilni mukammal biladi. Matbuot anjumanida ta’kidlaganidek, u bolaligidan ilmga tashna bo‘lib o‘sdi. Stipendiya olganida uyga dasta-dasta kitob ko‘tarib kelardi. Ingliz tilini ham uyda mustaqil o‘rgangan ekan. Talabaligida arab va fors tillarini chuqur o‘zlashtirib, o‘rta asrlarda bitilgan qo‘lyozma asarlar bilan tanisha boshlagan.
— Temuriylar davridan keyingi tariximiz juda kam o‘rganilgan, — deydi Aziza. — Sababi O‘zbekistonda noyob manbalarni o‘qib, tushuna oladigan olimlar sanoqli. Uzoq yillik izlanishlar davomida islomda gender masalasiga oid ko‘plab qiziqarli faktlarni aniqladim. Masalan, 1988 yilda Pokiston Bosh vaziri bo‘lgan Benazir Bxuttoni hamma musulmon olamidagi birinchi rahbar ayol, deb hisoblaydi. Aslida unday emas. Benazir Bxuttoga qadar 16 nafar malika yashab o‘tgani haqida ma’lumotlar bor. Shundan 15 nafari turkiy edi. Men naqshbandiya tariqati davomchisi Hazrat Og‘oyi Buzrugning ilmiy merosini ham chuqur o‘rgandim. Xalq orasida u Qizbibi nomi bilan mashhur bo‘lib, maqbarasi Buxoro viloyatining Jondor tumanida joylashgan. Bu ayol o‘z davrining zabardast olimasi edi. Muridlari orasida erkaklar ham bo‘lgan. Shogirdlaridan biri — Hofiz Basir unga bag‘ishlab “Mazhar al-ajoyib va majmua al-g‘aroyib” (“Ajoyib voqealar majmuasi”) asarini bitadi. Hozir mazkur kitobni chop etish ustida ish olib boryapman. Og‘oyi Buzrugning hayot yo‘li, ilmiy va tasavvufiy qarashlari Markaziy Osiyoda ayollar qanday o‘rin tutgani haqida muhim xulosalar qilishga imkon beradi.
Aziza Shonazarova Amerikadagi oliy ta’lim tizimi, professorlarga qo‘yilayotgan talablar, talabalarning akademik erkinligi, dars jarayonini tashkil etish va boshqa xususiyatlar to‘g‘risida ham so‘zlab berdi. O‘zbekistonga tez-tez kelib turishini, vatandoshlari bilan ilmiy muloqotga hamisha tayyor ekanini aytdi. Darvoqe, hafta avvalida Azizaga o‘zi tahsil olgan Toshkent davlat sharqshunoslik institutining faxriy professori unvoni ham berildi. Mana shunday yoshlardan o‘rnak oling, azizlar!
Nargiza UMAROVA