Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

Voyaga yetmaganlar huquqlari — qonun himoyasida

Bugungi kunda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida prokuratura organlarining zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklangan. Ayniqsa, yoshlar va voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, himoya qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bosh prokuraturaning voyaga yetmaganlar haqidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida bir qator ishlarni amalga oshirgan. Xususan, o‘tgan 2019-yil davomida voyaga yetmaganlar haqidagi qonunlar ijrosini ta’minlash yuzasidan 3 049 ta tekshirish o‘tkazilib, 14 137 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. Natijada 14 895 nafar mansabdor shaxslar intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan, 2 milliard 973 million so‘mlik zarar ixtiyoriy qoplangan, 77 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 16 130 nafar shaxslarning, shu jumladan, 12 346 nafar voyaga yetmaganlarning huquqlari tiklangan.
Misol uchun, Bosh prokuratura va voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi ish rejalari asosida O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi o‘rganilib, yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarni joylashtirish hamda vasiy yoki homiy tayinlash masalasi hal etilgan. Binobarin, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini o‘rganish natijasiga ko‘ra, xulqi ijobiy tomonga o‘zgargan hamda profilaktik hisobda saqlash asoslari yo‘qolgan 77 nafar voyaga yetmagan shaxs hisobdan chiqarilgan.
Shu jumladan, Zangiota tarbiya koloniyasida voyaga yetmagan mahkumlarga nisbatan tayinlangan jazoning ijro etilishini hamda ularning ta’lim-tarbiya olishini ta’minlash bilan bog‘liq qonun hujjatlariga rioya qilinishini o‘rganish natijalariga ko‘ra, “Hunarmand” uyushmasi, Ichki ishlar hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamkorligida koloniya tarbiyalanuvchilari uchun yog‘och o‘ymakorligi hamda tikuvchilik kurslari tashkil etilgan.
Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni targ‘ib etish, ularning huquqiy ongini o‘stirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimdir. Huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonunga hurmat ruhini qaror toptirish haqida so‘z ketganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tish zarur. Mazkur hujjatda aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda innovatsion usullardan, targ‘ibotning ilg‘or va ta’sirchan vositalaridan, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar belgilangan.
Kezi kelganda shuni ta’kidlash joiz, huquqiy madaniyatni shakllantirish jarayonida yoshlarga alohida e’tibor berilayotgani, huquqiy ta’lim sifatini oshirish masalasi kun tartibiga qo‘yilayotgani bejiz emas. Buning uzviy davomi sifatida Xalq ta’limi va Adliya vazirliklari bilan hamkorlikda korrupsiyaning kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha davlat organlarining faoliyatida yuridik bo‘lim xodimlarining huquqiy madaniyati hamda savodxonligini oshirish ustuvorligi va muhimligiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Binobarin, ta’lim tizimini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish borasida umumta’lim muassasalarida ota-onalarning noroziliklariga sabab bo‘layotgan salbiy holatlarni tahlil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda onlayn-so‘rov o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Qolaversa, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarga oid bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar uchun taklif va loyihalar tayyorlandi. Jumladan, 2019-yil 11-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi,
2019-yil 22-aprelda “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2019-yil 29-may kuni “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-apreldagi “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar uchun umumiy ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ham shular jumlasidan.
E’tiborlisi, 2019-yil 6-dekabrda “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Voyaga yetmaganlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni ijtimoiy himoyalash hamda ular orasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, voyaga yetmaganlar nazoratsizligi va qarovsizligining oldini olish maqsadida farzand tarbiyasida alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar to‘g‘risida “Ota-onalar uchun eslatma” ishlab chiqilib, joylarga tarqatildi.
“Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha 2019-yilda amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar Dasturi” tasdiqlanib, ijroga qaratildi. Shuningdek, “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasasidan oila va jamiyatga reintegratsiyalashuvi davrida voyaga yetmagan va uning oilasi vaziyatini baholash va kuzatib borish jarayonini tashkillashtirish bo‘yicha” amaliy qo‘llanma tayyorlandi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni amalda keng joriy etish, bolalarni sportga yanada kengroq jalb qilish, ma’naviy va jismoniy rivojlanishi, sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya”si qabul qilinganining 30 yilligini nishonlash maqsadida “Sog‘lom tanda – sog‘ aql” shiori ostida bolalar uchun sportning milliy kurash turiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etildi.
Bugungi kunda qizlarni erta turmushga berish holatlarining oldini olish, erta turmush qurishning salbiy jihatlarini aholiga tushuntirish maqsadida Bosh prokuratura tashabbusi asosida “Maxsus reportaj” nomli videofilm tayyorlanib, televidenie orqali keng yoritildi. Shuningdek, jinoyat sodir etib, o‘ziga xulosa qilib, to‘g‘ri yo‘lga kirgan va jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini egallagan voyaga yetmaganlar taqdirini o‘zida aks ettirgan “Imkon bering” nomli tarbiyaviy xarakterdagi videofilm ham tasvirga olingan.
Eng muhimi, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf o‘quv rejasiga “Oila psixologiyasi” fanini alohida fan sifatida kiritish taklif etildi.
Zotan, ma’naviy yetuk, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash xalqimizning ezgu orzusi va davlatimiz siyosatining pirovard maqsadidir.

Abduqahhor MULLAJANOV,
Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i

"Yoshlar ovozi"

Наверх