Kaltakni to‘g‘ri yeydi! (bizning zamonlarda…)

Bog‘chada, maktabda har bir bayram, sana munosabati bilan ota-onalar pul yig‘ishga tushib ketishadi. Bog‘cha opa bilan o‘qituvchi “Pul yig‘mang, iltimos! Boshimga balo orttirmang!” deb yalingani yalingan. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan ota-onalar telegramda 2 ta “guruh” ochishgan. Biri yashirincha guruh. Bog‘cha opa (yoki o‘qituvchi)ni unga qo‘shmagan. O‘zlari bekitiqcha yig‘ishadi.
Korrupsiyaga hissa qo‘shmaylik, deydigan bir-ikkita kaminaga o‘xshaganlarni ham unday guruhlarga qo‘shishmaydi.
8 mart arafasida bog‘chada ham (tarbiyachi va enaga uchun), maktabda ham (o‘qituvchi uchun) 30 000 so‘mdan yig‘ish boshlandi. Men “pul bermayman!”, deb turib oldim. “Kimning sovg‘a berish niyati bo‘lsa, imkoniyatidan kelib chiqib beraversin!” dedim. Bu gapim ularga (korrupsiyachilarga) yoqmaydi. Chunki 30 000ga ko‘zga ko‘rinarli sovg‘a olib bo‘lmaydi, nari borsa kitob (!) olish mumkin (tag‘in bog‘chada 2 kishiga olish kerak — 15 000 so‘mdan). Nazarimda, “ilg‘or” ota-onalar (asosan, ONAlar!) kam-kamdan pul yig‘ib, ko‘p-ko‘p obro‘ olishni istaydi. Ustozlarga sovg‘a-salom berib, o‘zlarining qandaydir xumorini qondirish, kerilish, ehtimol, o‘qituvchining og‘zini moylab turish, muttaham qilib qo‘yish uchun hammani pul yig‘ishga majbur qiladi.
Men, aqlim darajasida anglashimcha, ustozlar oldida nafaqat bolamiz, balki biz, ota-onalar ham umrbod qarzdormiz. Buni hyech nima bilan uzib bo‘lmaydi. Uning oldida doim bosh egishimiz kerak. Lekin bunday mo‘tabar tuyg‘uni arzongarov sovg‘alarga almashib bo‘lmaydi!
Guruh bo‘lib pul yig‘ishdan bosh tortganim — ziqnalikdan emas. Chunki men, yuqorida aytganimdek, ustozlardan qo‘limdan nima kelsa, qo‘limda nima bo‘lsa, hyech birini ayamayman! Lekin korrupsiyaga qarshi biz kurashmasak, kim kurashadi?! Bu illat qachongacha bizga tushov bo‘ladi?!
8 martda farzandlarimning ustozlariga hurmatimizni qandaydir shaklda ifodalash fikrim bor edi. Faqat pul yig‘ish tarzida emas. Balki istagi bo‘lgan, qurbi yetgan ota-ona individual tarzda ustozga sovg‘a berishi mumkin, degan qarashni ilgari surmoqchi edim. Toki bu sovg‘a yashirincha (imkon qadar) bo‘lsin. Imkoniyati cheklanganroq bolalar, ota-onalar buni ko‘rib, o‘zi hyech nima berolmaganidan tortinmasin! Guruh bo‘lib pul yig‘ishga hissa qo‘sholmay, qiynalmasin.
Afsus… Ayrim ota-onalar hayotga faqat moddiylik oynasidan qaraydimi, bilmadim, baribir pul yig‘ishibdi. Bolalarini 1-sinfdanoq korrupsiya suvi bilan sug‘oribdi. Demak, bu illat o‘sha avlod qonida ham yashaydi.
H.ABDULLAYEV