Mo‘ynoqda agrotexnika amaliyoti boshlandi

2019-yil mart oyida O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya fakultetining tashabbuskor talabalari “Orol va yoshlar” shiori ostida Mo‘ynoq tumanida 1,5 gektar maydonda 14 turdan iborat 1000 donadan ko‘p bo‘lgan mevali va manzarali ko‘chatlardan iborat O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv-ilmiy poligoni tashkil etgan edi. Hozir ushbu poligonda madaniy va manzarali o‘simliklarga o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlari o‘tkazilib o‘simliklar jadallik bilan o‘smoqda.
Xayrli ishlarning davomi sifatida “Orol va yoshlar” loyihasi davom etdi. 10-18 mart kunlari Orol hududida amalga oshirilayotgan ishlarga ko‘maklashish, hamda ekspeditsiya davomida O‘zMU o‘quv-ilmiy poligonida qo‘shimcha ko‘chatlar ekishni rejalashtirdi. Safar davomida Innovatsion ishlanmalar orqali Orolqumda 1 gektarli yangi galofit va psammofit o‘simliklarning plantatsiyalari ham ushbu ekspeditsiya doirasida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish qo‘mitasi xamkorligida tashkil etilgan “Orol va yoshlar-2” o‘quv-ilmiy ekspeditsiya ishtirokchilari Mo‘ynoq tumanida joylashgan qariyb 2 gektar maydonni egallagan O‘zMUning 1-o‘quv-ilmiy poligonida agrotexnika amaliyotini boshladi.
Hududda 20 tur va navdan iborat mingta mevali, 400 dona manzarali daraxtlar, shuningdek, tuproqni eroziyadan saqlovchi 250 dona o‘simliklardan iborat ekologik plantatsiya mavjud. Mazkur ekologik o‘quv-ilmiy poligonni bundan roppa-rosa bir yil muqaddam O‘zMUning Biologiya fakulьteti tashabbuskor talaba-yoshlari tomonidan bunyod etilgan edi.
Yoshlar 5 ta guruhga ajratildi. Dotsent Rustam Allaberdiyev guruhi ekologik poligonga traktor yordamida ishlov berishga, dekan o‘rinbosari Orzubek Fayzullayev yangi mevali ko‘chatlar o‘tqazishga, katta o‘qituvchi Otabek Eshonqulov jamoasi esa ko‘chatlar va dorivor o‘simliklarga ishlov berish va oqlashga, o‘qituvchi Jasur Mirzayev guruhi bo‘lsa, bog‘ni begona o‘tlarning qurib qolgan tanalaridan tozalashga kirishdi.
Ravshan OMONOV,
ekspeditsiya axborot xizmati rahbari