KIMGA — BAYRAM, KIMGA — BAHONA

…mening tarallabedod, mast-alast xalqim.
Iosif Brodskiy
“Bizardi rayon — Paxtachi — alkogol sotib olish va ichish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi, bilasanmi shuni? Bu — statistika!”, degandi “melisa”da ishlaydigan tengqurim. Buni-ku bilish uchun davlat organida ishlash shart emas. Shunchaki, bu yurtda yashash kifoya. Bayramlar — asl basharamizni ochish uchun bahona bo‘lib qoldi. Yangi yilmi u, 8-martmi u, mustaqillikmi u, xalqaro OITSga qarshi kurashish kunimi u… farqsiz. O‘tirvolib, butilka bo‘shatgani hisob. Ichmadingmi zaharinga — bayram qilmapsan! Ichkilik qo‘ymadingmi dasturxonga — bayram dasturxonimas u…
Otam eslaydi: “Bir jumada ehson oshiga qari-qari otaxonlar qolishdi. Masjid hujrasining to‘-o‘riga, pechkaning oldiga o‘tqazdik, hurmatlab. Men xizmatda. Choy-poy tashib turibman. Birda kirsam, gaplari qulog‘imga chalindi-yu qotdim-qoldim, turgan joyimda. “Ay, — deydi unisi bunisiga, — bayram kep qoldi, araqdi tezro-oq opqo‘yish kerak, qimmat bo‘p ketadi”, desa bo‘ladimi! Senlarni hurmat qip, bunday joylarga chaqirganning o‘zi ahmoq, dedim-yey!..”
Har oyning boshida mahalla idorasi bo‘lmish muzeyning yarim xaroba binosi oldida qari-qartang uymalashib ketadi — pensiya. Aksari chollar olarini oladi-da katta yo‘ldan nariga yo‘l soladi. U yoqda somsaxonalar bor. Arag‘i bilan, albatta. Borishadi-yu alla-pallada anqib-aljirab chiqishadi. Qarisida ahvol shu bo‘lgach, yoshlaridan nimani kutasan…
Yaqinda sovuq xabar eshitdim. Qishlog‘imizdagi yosh bir yigitcha o‘zini osib qo‘yibdi. Sababini bilmadik. Bilganimiz… oilaviy sharobxo‘rlikka mukka tushganlardan ekan. Ma’rakasiga imomimiz boribdi, biroq janazasini o‘qimabdi. Qaytanga shunda to‘planmish qavmga qattiq-qattiq gapiribdi. “Kamroq araq ichib, ko‘proq bolalaringni tarbiyasi bilan shug‘ullaninglar!”, debdiyu ketibdi…
Hademay yana bayramlar kelaveradi. Yana qog‘ozlardagina “obod” ko‘chalarimizda shirakayf shukuh g‘o‘ldiragancha sanqiydi: “Qiq… qani… bib… bayram uchun… hq-q… oldik!” Gazagiga sho‘rbodring aralash sho‘rpeshanalarida qolgan loyqa xotiralarini chaynashadi: qaysi biri kimni o‘lasi qilib urganidan kelsa, qaysi biri qaerdan nima o‘g‘rilab sotganidan oladi gapni… Sho‘rlik vatan, deb yuborasan turib-turib, ne-echta tekinxo‘rga yem bo‘lib yotibdi…
Yangi yil yaqinlashganda ijtimoiy tarmoqlarimizni kazo-kazo ulamolarning bahsi bosdi: milodiy yil yangilanishini nishonlash biz uchun gunohmi, muboh?!
Biri oyat keltirgan, biri hadis, biri xorij bilgichlarining fikridan… Tavba-tavba, ey ahli ulamo, kimlar uchun tortishyapsiz? Muqaddas kitoblarni bir muddatga yopingda, internetdan bosh ko‘tarib, ko‘cha-ko‘yga, bozoru do‘konlarga… aqalli derazadan tashqariga qarang: kimlarni ko‘ryapsiz?! Birovi og‘irkarvon oylik-maoshini tobora sakrab borayotgan narxlarga yetkazolmay asabiy. Birovi qovog‘i soliq, osmonga qarab-qarab, hali g‘amlab qo‘yilmagan o‘tinni o‘ylayapti. Birovi qarzga bota-bota, bor-budini sota-sota o‘qitgan o‘g‘lini ishga joylay olmay halak… Sizning-cha, ular bu munozaralarga muhtojmi? Va’z-nasihat kor qilgulik hollari bormikan o‘zi?!
Aslida-ku, Xudoning sog‘-omonlikda ko‘rsatgan har biri kuni — tortiq. Uni solih amallaru yaxshi niyatlarda o‘tkazganga — bayram. Bil’aks, nojo‘ya qilg‘iliqlaru badgumonliklarda o‘tkazganga — bahona. Harnechuk 2020-milodiy yilgayam hatladik. O‘zi xayrli qilsin, deb tugatgim kelyapti-ku, xayr-barakotga arzish ham kerak. Shunday ekan, o‘zi arzirli qilsin, deymiz. Ishlarimizni, niyatlarimizni, tutumlarimizni, tushunchalarimizni… arzirli qilsin!..
***
Xufton palla. Ko‘cha o‘rtasida uch kishi ohista uyga qaytayapmiz: o‘ngda choponga o‘rangan otam, so‘lda nimchasi kissalariga qo‘l suqqan men, o‘rtada velosipedini yetaklagan jigarimiz — Bobur (amakimning o‘g‘li).
— …Bayramlardi bir tarafini yaxshi ko‘raman, bir tarafini yomon ko‘raman, buva (biz taraflarda otaning akasini “buva” deydi), — deydi Bobur, xiyol og‘rinib.
— Ihi?.., — hamohang xitoblaydi otam.
— Yaxshi tarafi-i qarindosh-urug‘ bir-birinikiga o‘tadi, yo‘qlashadi, xabar oladi… Silai rahm bo‘ladi, qisqasi.
— Shunday, — ma’qullab tomoq qiradi, otam.
— A-a, yomon tarafi-i-i… shaytongayam bayram qip beramiz-da shu kuni. Ki-imdikiga borma, dasturxonda turadi, anovidan.
— Hm-m… Bu shayton uchunam bayram, to‘g‘ri, — xo‘rsinadi otam.
— Shuning uchunam yuragim bo‘ma-ay boraman, bayramlarda birovdi uyiga. Endi, hojilardi dasturxonida bo‘lmasa… E-e, hozirgi hojilargayam ishonch yo‘q uncha. Xafsalani pir qip yotibdi-ku, qa-anchasi, — deya-deya Bobur bir sakrab velosipediga mindiyu qisqagina xayrlashib, qorong‘ilikka singib ketdi.
Otam ikkov oyoq qoqib, tomoq qirgan ko‘yi uyga kirarkanmiz, o‘ylarim o‘rmalay boshladi, ichimda. Umuman bayram degani biz — o‘zbeklar uchun nima degani o‘zi? Achchiq bo‘lsayam aytaman aytarimni: bayram biz uchun — cho‘chqaday yeyish, molday ichish va maymunday tomosha ko‘rsatish degani! Ayniqsa, tumanimiz — Paxtachi kabi chekka, arosat, sag‘ir hududda yashovchilar uchun!
Ayolim bilan “Damas”ning sag‘risida mehmondan qaytayotib, yo‘l chetida shunday ko‘rgulikka ko‘zimiz tushdiki, tushmagani yaxshirog‘idi. Uchtami-to‘tta erkak jinsiga oid yaratiq ariq labida gandiraklab turar, bittasi yalang‘och yotib olgan, kiyimlari har yoqda sochig‘liq… “Damas”dagi yo‘lovchilarning ko‘pi ayollar, qizlar ekanligidan nafaslar ichga tushdi-ketdi. Gapirib kelayotgan gapimizam esdan chiqdi. Qizlar qizarib yerga, ayollar qizarib chetga qaradi. Bu qizarganu bo‘zargan nigohlar ortida kunda-kunora ko‘rib kelayotgani, ehtimolki oilaviy beparda tomoshalari jonlangan bo‘lsa, ne shom…
O‘tgan oy oxirlari. Boshqa bir “Damas”da, boshqa bir manzil sari shoshardim. Odam tushirganimi-mindirganimi to‘xtaganimizda kalta ishton kiygan sayyoh velosipedda g‘izza o‘tdi-ketdi.
— Turist! — dedi oramizdagi bir yigit.
— Turistmas, tentak u! — dedi mazaxlab haydovchi. — O‘ttiz ikki xil tentak bo‘larkan, shulardan birovida. Emasa, shu faslda, shu kiyimda, shu ulovda chiqadimi, sayaqliqqa?! Yaqinda bittasini boplapti, uchta-to‘rtta jigitlarimiz. Nafas rostlash uchun yo‘l betidagi kafega kirganakan. Gapini hech kim tushunmaydi. Uyam hech kimdi tushunmaydi… Ana shu kafeni bi-ir kunjagida ulpatchilik qip o‘tirganlar bir amallab chaqirib, o‘tqazishipti. Somsa berishipti — yepti, araq berishipti — ichipti, popiris berishipti — chakipti… So‘g‘in nos uzatishipti. “Bunda-ay qip og‘zinga tasha!” deb ko‘rsatishipti, o‘zlari chakib. Og‘ziga tashaptiyu o‘tirgan joyidanam tashapti-da, o‘zini yerga. To-oz-za kaypi oshib qolganakan-da-yey. Bi-ir vaqt o‘ziga kep, chiqib qarasa, valasapitiyam yo‘g‘imish. O‘chib yotganida “fisht” qilishganakan, hex-hex-he…
Manzilimga yetmay, tushib qoldim. Piyoda borarkanman, asablarim qaqshagandan-qaqshardi: bechora sayyoh… yelkamning chuquri ko‘rsin O‘zbekistoningni, deb ketgandir… Nimamiz bilan o‘rnak bo‘lyapmiz, ularga… To‘rtta obidani obod qilib, tevaragidagi yo‘llarni silliqlab qo‘yganimiz bilan turizm rivojlanib qolmasligini, e-eng oldin ichimizni obodlab, nafsimizni silliqlashimiz zarurligini qachon fahmlaymiz, axir?!..
Yo‘q, ularda ham bor rasvoliklar, kerak bo‘lsa bizdan beshbattar, deganlarga ko‘nmayman! Shunday deb, go‘yoki, ayblarimizni latta bilan to‘sgandek bo‘lamiz. Ammo necha qavat lattaga o‘rab-chirmashimizdan qat’i nazar ayb — aybligicha qolaveradi! Xuddi shuningdek, biz — faloniyu pistoniylar avlodimiz deya harchand ko‘pirmaylik, birgina ichkilikdan qizargan turqimiz oldida bir tiyin — hammasi!..
Sherbek BOBONOR o‘g‘li