Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

Koronavirus xavfi ostida yettita olimpiya yoʻllanmasi

Aslida, Xitoyning Uxan shahrida oʻtkazilishi kerak boʻlgan musobaqa koronavirus tarqalganligi sababli Iordaniya poytaxti Amman shahriga koʻchirilgan edi. Shunday qilib, Osiyo va Okeaniya mintaqalaridan boks boʻyicha Tokyo olimpiadasi yoʻllanmasi uchun nomzodlar aniqlandi.
Ayollar oʻrtasidagi bahslarda Tursunoy Rahimova tailandlik raqibini magʻlub etib, olimpiada yo‘llanmasini qoʻlga kiritdi va oʻzbek sporti tarixida boks boʻyicha olimpiya oʻyinlarida qatnashuvchi ikkinchi ayol sportchiga aylandi. Bungacha Rio olimpiadasida Yodgoroy Mirzayeva ishtirok etgan edi. Bu safar ushbu bokschimiz musobaqani ancha erta yakunladi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqada qatnashgan bokschilarimizning yetti nafari olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Ulardan oltitasi gʻolib va sovrindorlar boʻlishdi.
Navbatdagi olimpiada oʻzbekistonlik bokschilar uchun Riodagisiga nisbatan biroz qiyin kechishi kutilmoqda. Sababi bir necha yillar davomida AIBA pro boxing turnirida ishtirok etgan va charm qoʻlqop ustalarimiz uchun tajriba maktabi hisoblangan «Uzbek tigers» jamoasi oʻz faoliyatini toʻxtatdi. Endi bokschilarimizga yangi jamoalar va promouterlar kerak.
Sportchilarimiz olimpiya oʻyinlarida ilgari erishgan mavqeyini tushirib yubormasligri, oʻzbek boksi zarbi, zalvorini Tokyoda koʻrsata olishi shart.
O‘zJOKU 104-guruh talabalari

"Yoshlar ovozi"

Наверх