Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

MUSIBAT BIRDAMLIKDA YENGIB O‘TILADI

O‘zidan ham vahimasi yomon bo‘lgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizga kirib keldi.
Kuni kecha bosh vazir tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu virusga qarshi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, joriy holat, virusga chalingan fuqaro va izolyasiyaga olingan shaxslar va aniq rejalar haqida batafsil, keng mushohada bilan, hissiyotga berilmasdan ma’lumotlar taqdim qilindi. Jurnalistlarning barcha savollariga atroflicha javob berildi.
Eng muhimi OAV, blogerlardan aholi orasida vahima tarqatmaslik so‘raldi, bu borada javobgarlik mavjudligi to‘g‘risida ogohlantirildi. Yig‘ilishdan so‘ng o‘tgan davr ichidagi vaziyat mahalliy OAV, blogerlar bu masalada o‘zlarini mas’uliyatli tutishga harakat qildi, deyishimizga asoslar mavjud. Biroq boshqa mamlakatlarda bo‘lganidek, yurtimizda ham bu kasallik aholi o‘rtasida ma’lum vahimani keltirib chiqargani bor gap.
Ayrim OAV va asosan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan turli materiallar odamlarni o‘ng-u so‘liga qaramay bozorlar va savdo do‘konlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini “g‘amlab qo‘yish” uchun ko‘p miqdorda sotib olishiga sabab bo‘ldi.
Koronavirus kabi yalpi xavflarga qarshi kurash kompleks jarayon bo‘lishi, uning barcha turdagi salbiy oqibatlarining oldini olish uchun keng ko‘lamli yondashuv zarur. Jumladan, aholi orasida vahima paydo bo‘lishining oldini olish eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi lozim. Biz o‘zgalarning xatolaridan, tarixda vahima tufayli kelib chiqqan katta yo‘qotishlardan zarur xulosa qilishimiz kerak.
Dushmandan qo‘rqma, vahimadan qo‘rq, deyiladi maqollarning birida.

Pandemiyaning “genetik” asorati
Psixologiyagi oid kitoblarda vahima – his-tuyg‘u va kayfiyatning buzilishi sifatida ta’riflanadi. Vahimaga tushgan odamni asossiz qo‘rquv bosadi, kishi nimadandir xavotirlanib, bezovta bo‘ladi, oromi yo‘qoladi. Unga kelajakda falokat bo‘lishi muqarrardek, o‘zi yoki yaqinlarining hayoti xavf ostida turgandek tuyuladi.
Bunday sharoitda shaxsda asosli, oqilona qarorlar qabul qilish layoqati cheklanadi.
Albatta, bu holat faqat bizning mamlakatimizga xos emas. Zero, koronavirusning jahon miqyosidagi zararlari haqida bir-biridan mudhish xabarlar ko‘payib borayotgan bir sharoitda ko‘plab mamlakatlarda kecha bizda kuzatilganiga o‘xshash vaziyatlar ro‘y bermoqda.
Bu holatni ayrim mutaxassislar qadimga davr yoki o‘rta asrlarda bo‘lib o‘tgan pandemiyalarning insondagi “genetik” asorati sifatida baholaydi. Ammo biz XVIII-XIX asrda emas, hatto XX asrda ham emas, balki XXI asrda yashayotganligimizni unutmasligimiz kerak.
So‘nggi yuz yillikdagi aholi soninining o‘sishi tibbiyot taraqqiyoti natijasi ekani isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

Sarosima va terrorizm
Insoniyatning turli kasalliklar oldidagi tarixiy qo‘rquv hissi, so‘nggi asrda vizual axborot vositalari rivojlanishi bilan yanada “mustahkamlandi”, desak yanglishmaymiz. Jumladan, turli yalpi kasallanishlar haqidagi filmlar kishilarning ong ostiga o‘rnashib qolib, ularning oldidagi real xavfni “oxirzamon ofati” darajasiga olib chiqib qo‘yayotgandek go‘yo.
Agar jiddiy faktlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugun bundan oldin kuzatilgan pandemiyalardan ko‘ra, ancha kamroq xavf oldida turganimiz, yaqqol ko‘zga tashlanadi – 2020-yil 16-mart holatiga mazkur kasallikka chalinganlar orasida qayd etilgan o‘lim holati 4 foizga ham yetmaydi.
Bundan kelib chiqadiki, koronavirus xuddi terrorizmga o‘xshash effekt uyg‘otmoqda, ya’ni aslida terrorizm ortidan keng ko‘lamli urushga nisbatan kamroq qurbonlar berilsa-da, lekin uning ommaviy axborot vositalaridagi “dovrug‘i” butun dunyoni larzaga soladi. Haqiqiy urushlar esa u yoki bu “qaynoq nuqtadagi vaziyat”, deb yoritiladi. Terrorizmning ham asl maqsadi shu – dunyoni qo‘rqitish. Shu tufayli ba’zi davlat rahbarlari koronavirus tarqalishiga qarshi antiterror texnologiyalar yordamida kurashishni taklif etmoqda.

Axborot va ijtimoiy mas’uliyat
Mazkur pandemiya hali epidemiya bosqichidayoq, Shveytsariya Milliy teleradiokompaniyasining Xalqaro axborot xizmati: “bir tomondan, aholini voqealar rivojidan xabardor qilib turishimiz kerak, boshqa tomondan esa OAV yoki ommaviy kommunikatsiya vositalaridagi “faollar” ko‘proq “layk” yig‘ish uchun vahimani kuchaytirishimiz – axloqsizlikdir”, deya ta’kidladi.
Xorijdagi o‘zbek auditoriyasiga mo‘ljallangan ayrim destruktiv OAV fuqarolarimizdan bozor, savdo obyektlaridagi navbatlar haqida foto va video materiallarni jo‘natishni so‘rab murojaat qilmoqda. Bundan nima muddaoligi aniq. Ular yana bir bor o‘zlarining haqiqiy basharasini ko‘rsatmoqda. Bunday foto va video materiallarning tarqatilishi sarosima va vahimaning yanada kuchayishiga xizmat qiladi. Bu esa ular kutgan holat.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda biror bir kasallik keng tarqalishida transport-kommunikatsiyalarining rivojlanganligi va insonlarning turli maqsadlardagi harakatlanishi eng muhim omil bo‘lib turibdi. Boshqa tomondan bu jarayonda odamlarning o‘zini qanday tutishi muhim ahamiyatga ega.

Vahima — yarim kasallikdir
Bu vaziyatda nafaqat tibbiyot sohasi balki inson ruhiyatini o‘rganadigan sotsial psixologiya mutaxassislari katta sahnaga chiqishi lozim ko‘rinadi. Zero, buyuk bobokalonimiz Ibn Sino aytganidek, vahimaning o‘zi – yarim kasallikdir. Xotirjamlik – yarim sog‘likdir. Sabr esa – shifoning boshlanishidir.
Albatta, keng ommadan oddiygina qilib, o‘zini namunali tutishni so‘rash, yetarli bo‘lmasligi mumkin. Chunki u bugun juda katta axborot bosimi ostida qolgan. Ana shunday sharoitda sotsialogiya, psixologiya mutaxassislari kommunikatsiya vositalari orqali odamlarni o‘zi bilmagan holda vahimaga berilib, turli harakatlardan tiyilishga chaqirish yo‘llarini ko‘rsatib turishsa, ayni muddao bo‘lar edi.

Millat boshidagi sinov
Millat va mamlakat tarixida shunday kunlar bo‘ladiki, xalq o‘zining bir maqsad yo‘lida birlasha olish qudratini namoyon etishi, qiyinchiliklarni mardonavor qarshi olishga tayyorligini ko‘rsatib qo‘yishi lozim. Bunga o‘xshash vaziyatlarda, albatta, tashabbusni o‘z qo‘liga oladigan qatlam bo‘lishi lozim. Bunday qatlam davlat xizmatchilaridir. Zero, ular o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan, fidoyilik bilan bajarishdan tashqari, xalq boshiga og‘ir sinov tushgan paytda jamiyatda o‘zini tutishi bilan boshqalarga shaxsiy namuna ko‘rsatishi va yuksak axloqiy qoidalarga rioya qilishi lozim. Buni bizdan ko‘ra bir necha ming barobar yirik xavf ostida qolgan Xitoy tajribasi isbotlab berdi.
Jamiyatning faol qatlamlarini birlashtirgan nodavlat tashkilotlari sinovli kunlarda xalqimizning xotirjamligini saqlab qolishda tayanch bo‘g‘ini bo‘lishi maqsadga muvofiq. Zero, do‘st kulfatda sinaladi.
Har bir jamiyatda bo‘lgani kabi, bizning jamiyatimiz ham qusurli shaxslardan xoli emas, afsuski. Ularga nisbatan qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan jazoning muqarrarligini ta’minlash ham xalqimizning osoyishtaligini saqlashda muhimdir.
Har qanday OAV, ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchisi intrent tarmog‘iga joylayotgan ma’lumoti bevosita yoki bilvosita, zarracha miqdorda bo‘lsa ham, o‘rinsiz vahimaga sabab bo‘lmaydimi, degan savolni o‘z oldiga qo‘yishi lozim.

Vahima uyg‘otganlik uchun javobgarlik
Milliy qonunchiligimizda vahima tarqatganlik uchun mutanosib jinoiy javobgarlik mavjudligi ana shunday harakatlarni o‘ylab yoki o‘ylamay sodir qilayotgan shaxslarni yana bir bor hushyorlikka undashiga umid qilamiz.
Xususan, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 million 600 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 million 900 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar yuqoridagi harakatlar oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan; ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istardikki, bugun biz duch kelgan vaziyat tez orada o‘tib ketadi. Koronavirus tahdidini yengib o‘tishda xalqimiz qay darajada birdam bo‘lib, ahilligini ko‘rsatgani nafaqat o‘zimiz, balki bizga xayrixoh bo‘lmagan kuchlarni ham qiziqtiradi. O‘zbekiston xalqi qiyinchilikni qanchalik oqilona yengib o‘tdi, degan savol qo‘yilganda yuzimiz yorug‘ bo‘lsin!
Biz bu vaziyatda xalqimizning qadimdan shakllanib kelgan donishmandlik xislatlari namoyon bo‘lishiga ishonamiz va bu kelajakda bizning xotirjamligimizga raxna solmoqchi bo‘lgan g‘arazgo‘ylarga aniq signal bo‘lib xizmat qiladi hamda zinhor xalqimizni olomonga aylantirishga jazm etmaydilar.
X.MELIYEV,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

"Yoshlar ovozi"

Наверх