Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

“Kichkina shahzoda”ning katta sayohati


Boshidanoq aytib qo‘yay: teatrshunos, dramaturg yoki rejissor emasman. Shunchaki tomoshabiniman. Bugun yaqindagina ko‘rgan spektaklim haqida so‘z yuritmoqchiman.

To‘g‘ri, bu teatr-studiyada kuchli dekaratsiya, taniqli aktyorlar, yuzlab tomoshabinlar yo‘qdir, ammo ularning bag‘ri keng. Bu yerda bir yilda bir hafta “ochiq eshiklar kuni” bo‘lmaydi. Balki yil davomida eshigi ham, ko‘ngillari ham lang ochiq turadi. Kirish har kim uchun, har qachon bepul. Tomoshabin sig‘imi atigi 30 kishiga mo‘ljallangan. Lekin maroqlilik jihatidan o‘rnak olsang arziydi: spektakl o‘rtasida hech kim chiqib ketmaydi, telefonda pichirlashib asabni buzmaydi, “uf-f, qachon tugaydi,” deb ilhaq bo‘lmaydi.

Spektakl Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari asosida, “Bizning, faqat bizning Kichkina shahzoda” deb nomlanadi. G‘oya, konsepsiya muallifi va badiiy rahbar: Qamariddin Ortiqov. Rejissor: Jamshid Valiyev. Aktyorlar: Xudoyor Sultonov, Muxtor Asrorov, Lobar Isayeva. Ha, adshmadingiz, aktyorlar bor-yo‘g‘i uch nafar.

Spektakl boshidayoq voqelik ichiga beixtiyor singib ketasiz. Jarayon ham, falsafa ham chiroyli: oddiy ko‘cha supuruvchi (Xudoyor Sultonov) va baklashka yig‘uvchi (Muxtor Asrorov) o‘z ishini boshlaydi. Bir-birini tanimay yaxshilik qiladi, qorin to‘qlab, shodlik ulashadi. Shunda supuruvchi gap boshlaydi:

“6 yashar paytimda g‘alati bir suratga ko‘zim tushdi. Men uzoq xayol surdim. Va umrimda ilk bor rasm chizdim. Kattalar menga chizish o‘rniga jo‘g‘rofiya, arifmetika, tarix va husnixatni ko‘proq o‘rganishimni maslahat berishdi!

Endi shu falsafani hayotga o‘girib ko‘raylik. To‘g‘ri-da, biz bolaning orzu qilishiga ham yo‘l bermay, daromadli ishlarga yo‘naltirib, uni fikrlashdan cheklab qo‘yamiz. Bu holatda inson tuvakdagi gul kabi o‘sadi. Xali og‘riq nimaligini bilmasdan turib “yugurma yiqilasan”, deb erkinligini cheklaymiz. Menimcha, bola yiqilsa ham yugursan. Zero og‘riq nimaligini bilib, ehtiyotkorlikni o‘z tanasida his etsin. O‘ylab ko‘ring, nega xitoy xalqi kunda ixtiro, yangilik yaratib dunyoni egallamoqda? Qanday qilib iqtisodiy jihatdan dunyo mamlakatlarini ortda qoldirib, jahonda peshqadamlik qilmoqda. Yo‘q, aholisi ko‘p bo‘lgani uchun emas. Yoki yaponlarni olaylik: 1945-yili urushdan mag‘lublar qatorida chiqqach, bu mamlakatni “qoloq”, deb atala boshlandi. Ayni paytda esa kun chiqar yurt xech qanday tabiiy boyliksiz, hududi kichik bo‘la turib, aholi soni jihatidan dunyoda 11-o‘rinda turadi. Va ular ayni paytda dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari qatorida e’tirof etiladi. Bu misollarni Olmoniya, AQSh, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar bilan davom ettirish mumkin. Bunday yuksaklikning sababi bitta — erkinlik (nazorat bilan). Ular bunga erishdi va davlatni o‘stirdi”.

…Shu tariqa ko‘cha supuruvchisi o‘zining o‘tmishini ayta boshlaydi. U uchuvchi bo‘libdi. Bir kuni safarga chiqib, katta bir sahroga qulab tushadi. Uning zahirasida bor yo‘g‘i bir haftaga yetadigan suv qolgandi. Noiloj o‘zi samolyotni tuzata boshlaydi. Shunda “Bizning, faqat bizning Kichkina shahzoda” (Muxtor Asrorov): “Menga qo‘zichoq chizib ber”, degan so‘zlar bilan sahnaga kirib keladi. Ular shu tariqa bir-biri bilan do‘st tutinadi. Kichkina shahzoda o‘zi borgan, ko‘rgan sayyoralar haqida so‘zlay boshlaydi. Keling, biz ham unga ergashib, sayyoralar aro sayr qilamiz.

Ular yagona, buyruq berishni yaxshi ko‘radigan qirolning sayyorasiga boradi. Uning g‘alati odati bor ekan — o‘zidan boshqa hech kim yashamaydigan sayyorada, hammaga buyruq berib yurarkan.

Keyingi sayyorada duch keladigan qahramonimiz — judayam uyalchang. Hatto u o‘z kasbidan uyaladi. Uyatli kasb egasiligini unitish uchun ichaveradi. Uning kasbi — ICHISH.

Navbatdagi manzilimiz g‘alati joy. Bizdagi bir sutka u yerda bir daqiqaga teng. Unda yashovchi insonning vazifasi — tun kirganda chiroqni yoqish, kun chiqqanda o‘chirish. Vaqti juda kam, dam olishga esa ulgurmas ekan. Aytishicha: uning ixtiyorida ham bir paytlar vaqt ko‘p bo‘lgan ekan. Umr o‘tgani sari esa sayyora tez aylanayotgan emish. Bu yerda biz u bilan roppa-rosa bir oy gaplashdik. Balki bu muqaddas kitoblarda keltirilganidek “Umrdan baraka ketib, vaqt juda tez o‘tadigan zamon” kelganiga bir ishoradir.

Safar davomida bizga bir qizgina (Lobar Isayeva) hamrohlik qildi. Uni yuqorida zikr etmaganimning sababi — qahramonimiz bir og‘iz ham gapirmaydi. Bu epizodni har kim o‘zicha: gul, kapalak, bizga doim ergashib yuradigan farishta, deb tushindi. Men unga “insonning qalbi”, deb tarif bergan bo‘lardim. Qahramonlar kulsa shodon bo‘lib, yig‘lasa ho‘ngrab, ne bo‘lsa ham sherik bo‘lib yuraverdi.

Kichkina shahzoda bir narsani juda ko‘p ta’kidladi — o‘z sayyorasidagi gulni. Uning guli kichkinagina, dunyoda yagona: tikanlari, go‘zalligi… Usiz hayotini tasavvur qilolmaydi. Aslida, ramantik emasman. Faqat qo‘l bilan ushlab, ko‘z bilan ko‘rsa bo‘ladigan narsalarnigina tan olaman. Lekin bu yerdagi tuyg‘ularni ifodalashda ojizman…
Har kimning o‘z ko‘ngliga yashirgan, hech kimga aytmaydigan, tikaniyu go‘zalligiga ko‘nikib yashaydigan, mukammal, deb hisoblydigan insoni bo‘ladi… Bu insonni shunchaki bir “GUL” deb ta’riflab ketishdi xolos.

Spektakl tugagach bir xulosaga keldim: san’at tijoratga aylanib borayotgan bir paytda, ijodkorlar o‘z cho‘ntagidan xarajat qilib, jon berib ishlayotgani taxsinga sazovor. Nima, ularga daromad kerakmasmi? Qaydam, ular ham men kabi stipendiyaga qarab o‘tirgan talabalar-ku. Bu o‘g‘il-qizlarlarga bitta tanbehim bor: tomoshabinlar zalga sig‘may ketyapti, spektaklni tezroq katta sahnaga olib chiqsinlar!

Asar davomida hayvonlar, suhbatlar, g‘aroyib tomoshalar bo‘ldi. Bularning barini yozmadim. Chunki siz ham kelib ko‘rsangiz, birga fikr almashamiz. Shunisi qiziqroq-da. MANZIL: O‘ZBEKISTON XOREOGRAFIYA AKADEMIYASI MAKTAB INTERNATI. ALBATTA KELING, KUTAMIZ. ASLO, AFSUSLANMAYSIZ!

Bunyod ABDULLAYEV.
2020-yil

Related posts:

"Yoshlar ovozi"

Наверх