Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

MUHIM, LEKIN MAVHUM MASALA

  • O‘zbekistonning milliy manfaatlarini kim belgilaydi?
  • Mamlakat uchun hayotiy muhim masalalarni hal etish, siyosiy qarorlar qabul qilish, xalqaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda rasmiy doiralar odatda milliy manfaat tushunchasiga murojaat qiladi. Milliy manfaat o‘z nomi bilan xalqning xohish-irodasi, talab va istaklarini ifoda etadigan konsepsiya. Shu asosda davlat siyosati belgilanadi va yuritiladi.
    Nazariy jihatdan hammasi risoladagidek. Biroq amalda milliy manfaati nimadan iborat ekanini ochiqlayotgan davlatlar uncha ko‘p emas. O‘zbekistonda ham mazkur tushuncha mavhumligicha qolmoqda. Buning sabablari xususida “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi rahbari, taniqli siyosatshunos olim Farhod TOLIPOV bilan suhbatlashdik.
    Farhod aka, milliy manfaat qanday shakllanadi o‘zi?
    — Uning uchta tayanch nuqtasi bor — foyda, zarurat va imkoniyat. Ya’ni dunyodagi har qaysi davlat o‘ziga nima foydali, nima muhim ekani va nimani real qila olishidan kelib chiqib milliy manfaatlarini belgilaydi. Ba’zan yuqoridagi uchlik bir-biriga muvofiq kelmasligi mumkin. Ular o‘rtasida muvozanatni ta’minlash siyosiy elitaning mahorati va tafakkuriga bog‘liq.
    Milliy manfaatni kim belgilaydi? Mamlakat rahbarimi?
    — Nafaqat u, balki ratsional qaror qabul qilish, u yoki bu masalani xolisona va chuqur o‘rganish uchun hukumatga malakali ekspertlar kerak. Mustaqil tahliliy doiralar ko‘magi milliy manfaatni belgilashda ham, so‘zsiz, qo‘l keladi. Bunday amaliyot ko‘pgina rivojlangan davlatlarda ijobiy natija bergan. O‘zbekiston ham jahon tajribasiga tayangani ma’qul, deb o‘ylayman.
    Nega siyosatchilarimiz milliy manfaat haqida faqat umumiy gaplar bilan cheklanmoqda?
    — Menimcha, na davlat, na jamiyatda bu borada aniq tasavvur shakllangani yo‘q. Milliy manfaatni har kim o‘zicha tushunyapti va talqin qilyapti. Fikr va yondashuvlarda nisbiylik vujudga kelmoqda.
    Siyosiy partiyalar hukumat uchun kurash olib borayotganida milliy manfaat iborasini ko‘p ishlatadi. Deylik, o‘tgan yilgi saylovda qaysidir partiya O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishini yoqlagan bo‘lsa, boshqasi qarshi turdi. Har biri o‘z pozitsiyasini milliy mafaat nuqtai nazaridan asoslashga harakat qilgan. Lekin hech qaysi partiya yetakchisi milliy manfaatlarimiz o‘zi nimadan iborat ekanini xalqqa tushuntirib bergani yo‘q. Siz aytgandek, siyosatchilarimiz umumiy gaplar bilan cheklanib qolmoqda.
    Milliy manfaat davr, muhit yoki siyosiy vaziyatga qarab o‘zgarishi mumkinmi?
    — Umuman olganda, ha. Lekin hech qachon o‘zgarmaydigan vaziyatlar ham bor. Ular milliy manfaatlarimizga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
    Masalan, O‘zbekiston aniq geografik joylashuvga ega. Chor atrofimiz quruqlik bilan o‘ralgan. Dengiz yo‘llariga chiqish imkoniyatimiz yo‘q. Mana shunday ob’ektiv vaziyat bizni tranzit davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishga undaydi. Boshqacha aytganda, tashqi savdo va transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlash O‘zbekistonning doimiy strategik maqsadlari sirasidan joy olgan.
    Yana bir jihat. Mamlakatimizda yer osti boyliklari bisyor. Shu tufayli dunyoning qudratli davlatlari bizga doimo ko‘z tikib turadi. Ularning geosiyosiy ta’siriga tushmaslik, davlat suvereniteti va chegaralar daxlsizligini himoyalash o‘zgarmas milliy manfaatlarimiz hisoblanadi.
    Markaziy Osiyoda azaldan qardosh xalqlar yashab kelmoqda. Mintaqadagi respublikalar bir-birini nafaqat qo‘shni, balki birodar deyishining boisi ham shunda. Qo‘shnilar bilan birdamlikka intilish O‘zbekistonning milliy manfaatlariga hamisha mos kelgan. Mamlakatimiz tashqi siyosiy konsepsiyasida Markaziy Osiyo eng ustuvor yo‘nalish etib belgilangani bejiz emas. 1993-yilda Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati, 2001-yilda Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotini tuzish, 2018-yilda esa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvini muntazam o‘tkazib borish tashabbusi aynan O‘zbekiston rahbariyatidan chiqqanini ham unutmaslik kerak.
    Demak, milliy manfaatni belgilashda real voqelik muhim ahamiyat kasb etadi.
    — Albatta. O‘sha voqelikka avval munosabat bildirasiz, keyin xatti-harakatlar rejasini tuzasiz. Aytaylik, o‘ta noxush vaziyatni odamlar odatda xavf-xatar yoki tahdid sifatida qabul qiladi va uni zudlik bilan bartaraf etish chorasini ko‘radi. Davlat ham xuddi shunday.
    Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston, tom ma’noda, yashab qolish uchun kurash olib bordi. O‘sha paytda hayotiy muhim manfaatlar birinchi planga chiqqandi. Ya’ni milliy davlatchilikni tiklash, iqtisodiyotni jonlantirish, jamiyatdagi o‘tkir muammolarni hal etish zarur edi. Oyoqqa mahkam turib olgandan keyin esa strategik manfaatlar haqida o‘ylay boshladik.
    Strategik manfaatlar uzoq istiqbolga mo‘ljallanadi. Ular mamlakat ichki va tashqi siyosatining tamal toshi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ayni vaqtda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar jamiyat hayotining turli jabhalari, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, qo‘yingki, ongu shuurimizni modernizatsiyalashga qaratilgan. Bu ichki siyosatdagi ustuvor strategik maqsad hisoblanadi.
    Milliy manfaatlarni belgilashda xalq bilan ham hisoblashish kerak-ku.
    — Shubhasiz.
    Bu jarayon qanday mexanizm yordamida amalga oshiriladi?
    — Davlat ahamiyatidagi qarorlarni qabul qilish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash zarur. Siyosiy elitamizga mustaqil ekspertlar bilan bamaslahat ish ko‘rish ham zarar qilmaydi. Hozircha har ikki masalada ahvolimiz qoniqarli emas. Aslida demokratik davlatlarning barchasi shu chig‘iriqdan o‘tgan. Masalan, o‘tgan asrning 50-yillarida Fransiyani siyosatshunoslar bloklangan mamlakat, deb ta’riflardi. Chunki unda amaldorlar o‘z holicha, xalq o‘z holicha yashagan. Siyosiy qarorlar qabul qilishda hukumat jamoatchilikning fikri bilan hisoblashmasdi. Hozir esa vaziyat mutlaqo boshqacha.
    O‘zbekistonda hech bo‘lmaganda parlament eshituvlarini lozim darajada va muntazam tashkil qilish kerak. Ularda deputatlar xalqning pozitsiyasi va xohish-irodasini qat’iy ifoda etsa, ancha oldinga siljiy olamiz.

  • Nargiza UMAROVA
  • "Yoshlar ovozi"

    Наверх