Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

O‘zbekiston qachon startaplar mamlakatiga aylanadi?

UMUMIY YONDASHUV BILAN NATIJA BO‘LMAYDI
Odatda biznes deganda yo biron korxonani ochib yuritish yoki muayyan xizmat turini ko‘rsatish orqali daromad olishni tushunamiz. Vaholanki, iqtisodiy jihatdan ilg‘or mamlakatlar mazkur faoliyatni allaqachon moddiylikdan intellektual kenglikka ko‘chira olgan. Bejiz emaski, bugun konveyerdan chiqayotgan mahsulotdan ko‘ra, g‘oya va innovatsiyalar ko‘proq qadrlanmoqda. Dunyoni o‘zgartirib yuborayotgan ham shulardir.
Innovatsion kelajak sari ilk qadam startap ekotizimini yaratishdan boshlanadi. Janubiy Koreya, Isroil, Singapur, Malayziya kabi mamlakatlar tajribasi bu yo‘l qanchalik uzoqqa olib borishi mumkinligini ko‘rsatdi. O‘tgan yili Isroilning o‘zida umumiy qiymati 21 milliard AQSh dollariga teng 138 ta startap loyihasi g‘oyat daromadli biznes sifatida investorlarga sotilgan. Koreyada esa 30 mingdan ortiq (!) yuqori texnologik kompaniya mavjud. Shundan kamida o‘ntasi 1 milliard AQSh dollariga baholangan. Ushbu “gigant”lar o‘z vaqtida startap sifatida ish boshlagani kishini hayratga soladi.
O‘zbekistonda to‘laqonli biznesga aylana olgan startaplar hozircha nihoyatda kam. Bori ham asosan mahalliy iste’mol bozoriga mo‘ljallangan. Lekin vaziyat asta-sekin o‘zgarmoqda. Xususan, yurtimizda innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirish tizimi yaratildi. Shu maqsadda davlat byudjetidan 50 milliard so‘m ajratilgan.
Ochig‘ini aytganda, bu ko‘mak yetarli emas. Boz ustiga, startaplarni qo‘llab-quvvatlashga mablag‘ning bir qismi sarflanadi, xolos. 2019 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi 31 ta startaperga 28,2 milliard so‘m taqdim etdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etilgan tanlov doirasida yana beshta loyihaga 200 million so‘m yo‘naltirildi. Qolaversa, O‘zbekistonda ilk bor ilmiy loyihalar uchun “C.A.T. Science Accelerator” akseleratsiya dasturi e’lon qilinib, 20 ta startap kompaniya tashkil etildi. Ular tomonidan jami 20 milliard so‘mdan ortiq texnologik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Markaziy Osiyo miqyosida olib qaraganda vaziyatni unchalik ham yomon deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri, startaplar soni va ularni moliyalashtirishda davlatning ulushi bo‘yicha Qozog‘iston bizdan birmuncha oldinda. Biroq tahlilchilar iqtisodiy islohotlarning hozirgi sur’ati bilan O‘zbekiston tez orada yaqin qo‘shnisiga yetib olishini taxmin qilmoqda.
Qolaversa, aholi soni va yoshlar salmog‘i bo‘yicha mintaqadagi eng yirik mamlakatmiz. Bu esa innovatsiyalar qilishga intellektual salohiyatimiz yetarli ekanidan dalolat beradi. Boshqa tomondan, 34 million aholiga ega respublika startaplarga mablag‘ tikadigan xorijiy sarmoyadorlar, venchur jamg‘armalari, turli kompaniyalar, biznes-farishtalarni ham e’tiborsiz qoldirmasligi aniq. Xullas, bu yog‘i o‘zimizga — mehnat, shijoat va harakatimizga bog‘liq.
O‘zbekistonda startap ekotizimini barpo etishda boy berilayotgan jihatlar, muammoni qaysi tomondan ko‘rish va yechimlarni qaerdan izlash kerakligi, yaqin istiqbolda qanday o‘zgarishlarni kutish mumkinligi xususida sohada ko‘p yillik tajribaga ega malakali ekspert, BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasi yoshlar tadbirkorligiga ko‘maklashish yo‘nalishi menejeri Usmon RAHIMJONOV bilan suhbatlashdik.
Usmon aka, nega startaplarimiz jahonda raqobatlasha olmayapti?
— Chunki ular avval-boshdanoq ichki bozorga yo‘naltirilgan. Qamrovni keng olish kerak. Sizning g‘oyangiz nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo aholisining ehtiyojini qondirishga xizmat qilsin. Isroil shu yo‘ldan bordi. Natijasini ko‘rib turibmiz.
Lekin buning uchun tashqaridagi “ob-havo”ni ham bilish kerak-ku.
— Shubhasiz. Afsuski, uzoq vaqt qobig‘imizga o‘ralib yashadik. O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi sust kechdi. Butun dunyoga tatiydigan mahsulot yoki xizmat turini yaratish uchun o‘sha dunyoni kamida ko‘rib kelish kerak.
Yurtimizdagi startaplarning asosiy qismi IT sohasi bilan bog‘liq. Moliyaviy texnologiyalar (fintex) yo‘nalishi bizda yaxshi rivojlanyapti. Paynet, Payme, Click kabi elektron to‘lov platformalari birpasda ommalashib ketganini qarang. Demak, bunday loyihalarga talab, ehtiyoj bor. Ammo ular mamlakatning o‘zida qolib ketmoqda. Chunki yuqorida aytganimdek, qamrov tor olingan. Bu kompaniyalar mana endi-endi Markaziy Osiyo, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Misr, Eron bozorini o‘rganib, kengayishga harakat qilmoqda.
O‘zbekistonning startap ekotizimida yana qanday bo‘shliqlar mavjud?
— Biznes doiralarimiz startaplarga xayrixoh emas. Men hamisha bir gapni takrorlayman: startap bu bir nechta kishining uch oydan olti oygacha bo‘lgan umri degani. Siz shaxsiy hayot, oila, bo‘sh vaqt, sog‘liq, huzur-halovatdan voz kechib, ertayu kech tinim bilamay ishlashingiz kerak. Shunda ham natija chiqish-chiqmasligini bilmaysiz, hamma narsa mavhum bo‘lib ko‘rinadi. Bunday xatarli ishga yoki o‘ta ishtiyoqmand inson, yoki tavakkal qilishdan qo‘rqmaydigan yoshlar qo‘l urishi mumkin. Afsuski, dastlabki bosqichda ularga deryali hech kim yordam bermaydi. Ko‘pincha startaper loyihaga shaxsiy mablag‘ini tikishga majbur. Holbuki, statistikaga ko‘ra, har o‘nta startapning atigi bittasi daromad keltirishi mumkin. Qolgani nobud bo‘ladi.
Xo‘sh, unda nima qilish kerak?
— Aslida startaplarga buyurtmani biznes shakllantiradi. Xorijda o‘nlab investitsiya kompaniyalari, biznes-farishtalar faoliyat yuritmoqda. Ammo O‘zbekiston sharoitida bu haqda gapirishga hali erta. Sababi tadbirkorlarimiz kelajagi mavhum loyihalarga sarmoya kiritishdan qo‘rqadi. Hozircha bu “yuk”ni davlat yelkasida tortib ketmoqda. Yurtimizda xorijiy hamkorlar ishtirokida venchur jamg‘arlari, bir qancha milliy investitsiya kompaniyalari tuzildi. Biroq innovatsion biznesda hukumat tashabbusni hadeb o‘z qo‘liga olishi noto‘g‘ri. Bu bilan u chetda tomoshabin bo‘lib tursin, demoqchi emasman. Aksincha, dastlabki bosqichda startaper aynan davlatning ko‘magi va ishonchiga ehtiyoj sezadi. Shunday paytda unga yelka tutib berish, uslubiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish, g‘ayratini so‘ndirmaslik kerak.
AQSh, Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari hozirgi darajaga osonlikcha erishdi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. Ular ham ne-ne mashaqqatlarni boshidan kechirgan. Qaerdaki yuksalish, rivojlanish bo‘lsa, bilingki, o‘sha joyda kimdir tinimsiz mehnat qilib, o‘zini qurbon qilyapti. Xitoyliklarni qarang, robotdan ham qattiq ishlaydi. Biz tabiatimizga mana shu sifatni singdirishimiz zarur. Bugun taraqqiyot yo‘lida jonni jabborga berib harakat qilmasak, ertaga pand yeb qolamiz.
Bunday hal qiluvchi pallada yoshlarga qanday o‘rin ajratilgan?
— Hozir ko‘p narsa yoshlarga bog‘liq bo‘lib turibdi. Respublikamizda “Digital generation”, “IT-nation”, “Digital girls”, “IT-generation” kabi loyihalar amalga oshirilayotganidan xursandman. Chunki ular yosh avlodni axborot texnologiyalariga oshno etadi. Yigit-qizlarda dasturiy ta’minot, kompyuter injiniringi kabi sohalarga qiziqish yuz, ming chandon ortishi zarur. Davlatimiz rahbari yaqin istiqbolda O‘zbekistonda 1 millionta dasturchini tayyorlash vazifasini ko‘ndalang qo‘ygani ham bejiz emas.
Afsuski, mazkur yo‘nalishda ta’lim beradigan oliy o‘quv yurtlarimiz kam. Borlari ham asosan poytaxtda joylashgan. Viloyatlarda faqat Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filiallari faoliyat ko‘rsatadi. Natijada aksariyat yoshlar o‘zini qaerga urishni bilmaydi. Ishonchim komil, ularga zamonaviy ta’lim olib, iqtidorini namoyon etishi uchun kengoq imkoniyat yaratilsa, O‘zbekistondan ham Bill Geytslar yetishib chiqadi.
Harqalay, Prezident parlamentga qilgan murojaatnomasida ta’lim va fanni ijobiy o‘zgarishlar kutayotganini ta’kidladi. Xususan, joriy yilda oliy ta’limga qamrovni 25 foizga yetkazish, davlat grantlarini esa ikki baravarga oshirish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, hududlarda Toshkentdagi kabi barcha qulayliklarga ega IT-parklar quriladi. Bu juda to‘g‘ri siyosat, menimcha. Chunki axborot texnologiyalari bo‘yicha salohiyatimiz ancha yuqori. O‘zbekistonda nafaqat dasturchilar va mahalliy IT-kompaniyalarini ko‘paytirish, balki sohaga doir autsorsing xizmatlari hajmini oshirish ham zarur. Ayni damda 70 foiz kuchni autsorsingga tashlagan ma’qul. Kishi boshiga 10 dollar emas, 50, 100 dollarlik dasturiy mahsulotni chetga sotaylik. Dasturchilarimiz jahondagi “o‘yin qoidalari”ni o‘rganib, yetarli tajriba orttirganidan keyin xalqaro raqobatga dosh beradigan yangi startaplar yarata boshlaydi. Startaplarimiz ko‘payib, dunyo bozoriga chiqishimiz osonlashadi. Hozir esa har qancha urinmaylik, yo‘q joydan natija chiqarish juda qiyin.
Innovatsiyani faqat o‘zimiz qilishimiz shart emas-ku. Ba’zi ishlanmalarni chetdan sotib olsa ham bo‘ladi. Siz bunga nima deysiz?
— Juda to‘g‘ri fikr. Xitoyni oling. U ko‘plab muvaffaqiyatli startaplarni eksport qilish evaziga iqtisodiyotini yuksaltirib, jahonning texnologik xabiga aylanyapti. “Huawei” ham tag-tugi bilan chetdan sotib olingan biznes aslida. To‘g‘ri, bizda butun boshli korporatsiyalarga yetadigan mablag‘ yo‘q. Shunga qaramay, tajribali investorlarni jalb qilish orqali O‘zbekistonda startap madaniyatini shakllantirish mumkin. Ochig‘i, nega shu paytgacha mamlakatimizga startaplardan o‘sib chiqqan jahonga mashhur “Uber”, “AliExprass” kabi kompaniyalar kirib kelmaganiga hayronman.
2020-yilda “innovatsiyalar fronti”da sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berishiga ishonasizmi?
— Ha. Sababi bu sohadagi islohotlar ortga qaytmas dinamikaga kirib bo‘ldi. Endi Prezident hukumatdan natijani talab qila boshlaydi. Afsuski, hozir vazirlik va idoralarda innovatsiyalar bo‘yicha umumiy qarash va yondashuv shakllanmagan. Bir yoqadan bosh chiqarilmayapti.
Yurtimizda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Lekin uning doirasida o‘z istiqbolli reja-maqsadlarini belgilab olib, real natijaga intilayotgan davlat tashkilotlari qancha? Masalan, ilm-fan yoki sog‘liqni saqlash tizimi oldiga qanday strategik vazifa qo‘yilgan? Bunday faoliyatni kim nazorat qiladi, samaradorligini kim baholaydi? Vakolatli organning o‘zi yo‘q-ku! Avvalgi parlament mazkur yo‘nalishda juda sust ishladi. Oliy Majlisga Murojaatnomada Prezident ushbu masalani qayta ko‘tarib, “raqamli iqtisodiyot”ga faol o‘tish kelgusi besh yilda davlat oldidagi eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lishini ta’kidladi.
O‘zbekistonda innovatsion ekotizim ertami-kechmi baribir shakllanadi. Biroq uni yo‘nalishlarga bo‘lib olish, sohaviy akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ularni mustaqil ravishda rivojlantirish juda muhim. Umumiy yondashuv bilan natijaga erishib bo‘lmaydi.

  • Nargiza UMAROVA
  • "Yoshlar ovozi"

    Наверх