RASMIY BAYONOT: Uyda qoling! Uydagina xavfsiz bo‘lamiz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:

– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan yana 16 bemor qayd etilib, umumiy kasallanganlar soni 104 nafarga yetdi. Yangi aniqlangan bemorlarning 6 nafari 26-mart kuni Rossiya Federatsiyasidan, 7 nafari 26-mart kuni Istanbul shahridan charter reys bilan olib kelingan fuqarolar, 3 nafari esa ro‘yxatga olingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslardir. Hozirgina Virusologiya institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonada davolanayotgan 19 bemorda pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda. 1 nafar holatda kasallik tufayli o‘lim qayd etildi.

Rossiya va Istanbul davlatlaridan charter reyslar bilan olib kelingan kasallik qayd etilgan fuqarolarimiz begona yurtlarda o‘z holiga tashlab qo‘yilmagani hukumatimiz g‘amxo‘rligining yorqin namunasidir. Agar ular o‘sha yashab turgan hududlarida kasallikka chalingani aniqlanganda holi ne kechishi mumkinligini tasavvur ham qila olmaymiz.

O‘zbekiston shunday holatda – kasallik yurtimiz hududiga kirib kelishi ehtimoli bo‘lgan taqdirda ham fuqarolarimizni olib kelib, ularga tashxis qo‘yib, davolash muolajalarini olib boryapti. Bu davlatimizning xalqona mehribonlik siyosatigina bo‘lib qolmasdan, yurtimiz fuqarolarining har biri O‘zbekiston farzandi sifatida qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar davlatimiz e’tiborida, qaramog‘ida ekanligining tasdig‘idir. Ushbu bemorlarda to‘liq davolash muolajalari o‘tkazilib, jiddiy asoratlarning oldini olish imkoniyati borligi davlatimizda olib borilayotgan insonparvar siyosatning yaqqol namoyishidir.

Karantin tadbirlari davom etyapti. Tinimsiz Respublika komissiyasining qarorlari chiqarilyapti. Qayta-qayta cheklov tadbirlari xalqqa yetkazilyapti. Shunday ekan, uyda qoling, zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmang. 3 kishidan ortiq odamning to‘planishiga yo‘l qo‘ymang. Bunda bir oila a’zolarining son jihatidan ko‘p bo‘lishi istisno. Uyimiz – bu bizning qo‘rg‘onimiz. Uyimizdagina xavfsiz bo‘lishimiz mumkin. Statistik raqamlardan ko‘rib turibmiz:

kasallanganlar soni ortib bormoqda. Atrofimizda virus tentirab yuribdi. Cheklov tadbirlariga, karantin qoidalariga, shifokorlar tavsiyalariga amal qilsakgina vaziyat chigallashib ketishining oldini olamiz.

Manba: www.uza.uz