Buxoro davlat Tibbiyot institutida xorijlik talabalar uchun onlayn darslar boshlandi

Buxoro davlat Tibbiyot institutida karantin tufayli o‘z yurtiga qaytmagan – talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan xorijlik talabalar uchun joriy yilning 26-martidan onlayn darslar o‘tilmoqda. Bu haqda Buxoro davlat Tibbiyot instituti rektori Amrillo Inoyatov ma’lum qildi.
Mazkur institutda Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belorus, Pokiston, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Ukraina davlatlaridan jami 309 nafar xorijlik yosh tahsil olmoqda. Ayni paytda karantin tufayli 287 nafar talaba o‘z xohishi bilan shu yerda qolgan. Ulardan 244 nafari turkmanistonlik, 43 nafari hindistonlik talabalardir. Ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Hozir xorijlik talabalar uchun 10 ta auditoriyada parallel tarzda onlayn darslar tashkil etilgan. Ta’lim muassasasi audio va video jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Talabalar onlayn ma’ruzalarni o‘z xonalaridan turib kuzatishadi. Institut professor-o‘qituvchilari esa oliy ta’lim muassasasi bosh korpusining o‘zbek, rus va ingliz tili kafedralarida onlayn darslarni olib borishmoqda. Noodatiy formatdagi mashg‘ulotlardan talabalar mamnun.
– Biz Hindistondan Abu Ali ibn Sino yurtiga tahsil olish uchun kelganmiz. Aynan pandemiya vaqtida biz uchun ham profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan. Xonalarimiz, yon-atrof har kuni viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan dizenfeksiyalanadi, shifokorlar tun-u kun biz bilan birga. Darslardan ham uzilib qolmayapmiz. “Zoom” dasturi ko‘magida ingliz, rus va o‘zbek tillarida onlayn mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Bu dasturning afzalligi shundaki, unda bir vaqtning o‘zida yuz nafardan ortiq talaba onlayn bilim olish imkoniga ega bo‘ladi. Bizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan minnatdormiz, – dedi hindistonlik Tarun Gangurde Pradeer.
Institut ma’muriyati talabalarga 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini muntazam yetkazib beryapti. Talabalar turar joyida tibbiyot xonasi ham tashkil etilib, zarur dori vositalari bilan ta’minlangan.
Institut mutasaddilarining ma’lum qilishicha, Turkmanistonning yurtimizdagi elchixonasi birinchi sekretari Shamuhammet Muhammedov ham ayni damda talabalar turar joyida yoshlar bilan birga. Ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik, hamjihatlikdan minnatdor.
Eslatib o‘tamiz, Buxorodagi 4 ta oliy o‘quv yurti hamda 6 ta kasb-hunar ta’limi muassasasida 32392 nafar yosh tahsil olmoqda. Shundan 1270 nafari (634 nafari oliy o‘quv yurtlarida, 636 nafari kasb-hunar kollejlarida) xorijiy davlatlardan kelib tahsil olyapti. Karantin davrida Buxoroda jami 1238 nafar xorijlik talaba qolgan.
Laylo HAYITOVA