ISHONCH BIRINCHI DARAJALI MASALA

Yangi O‘zbekistonda jamiyat bosh islohotchi, davlat esa “tungi qorovul” bo‘lishga tayyormi?
Demokratiyaning qiziq qoidasi bor: mamlakat taraqqiyotida hukumat emas, jamiyat hal qiluvchi o‘rin tutadi. Ma’muriy resurs esa aslida xalq manfaatlariga xizmat qilmog‘i darkor. Kitobiy gapga o‘xshaydi, shunday emasmi? Axir, biz davlatni hamisha bosh islohotchi rolida ko‘rishga, tepadan tashabbus bo‘lsagina ijtimoiy faollik ko‘rsatishga odatlanib qolganmiz.
Mustaqil O‘zbekistonda jamoat tashkilotlari uzoq yillar mobaynida “uyqu rejimi”da ishlagani, siyosiy partiyalar jamiyat hayotidagi og‘riqli masalalarni ko‘rib ko‘rmaslikka olgani-yu muhim islohotlar yuzasidan qat’iy pozitsiyasini bildirishga oshiqmagani, parlament qonunlar chiqarish bilangina cheklanib, ularning ijrosini nazorat qilmagani, mutasaddi rahbarlar odamlar dardiga malham topish o‘rniga shinamgina kabinetida o‘tirib, farovon turmushimiz haqida soxta hisobotlar yozgani achchiq bo‘lsa-da, lekin haqiqat.
Endi bundan keyin ham yuzga parda tortib olib, hammasi yaxshi, deya qarsak chalish yaramaydi. Yangi O‘zbekiston avvalgi xatolarni takrorlamay, yangicha ruh va shiddat bilan o‘zgarishi kerak. Prezident buning birdan-bir to‘g‘ri yo‘li xalq ishonchini qozonish ekanini aytgan. Demak, bugun mamlakat rahbariyati kuchli fuqarolik jamiyatiga ehtiyoj sezmoqda.
Siyosatshunoslik bo‘yicha siyosiy fanlar bo’yicha falsafa doktori, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Sanjar SAIDOVning fikricha, fuqarolik jamiyati faqat ijtimoiy kapital hisobiga kuchayishi mumkin.
— Sanjar, ijtimoiy kapital deganda nimani tushunish kerak?
— Bu jamiyat a’zolarini birlashtirib turadigan fenomendir. Xalqning davlat va hokimiyatga ishonchi aynan ijtimoiy kapital orqali ro‘yobga chiqadi. Ishonch qachon paydo bo‘ladi? Qachonki odamlar mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etsa. Bunday faollik qachon yuzaga keladi? Qachonki davlat organlari xalq manfaatlariga xizmat qilsa. Boshqacha aytganda, fuqarolarga obyekt emas, islohotlar subyekti sifatida qarash va ularning fikri bilan hisoblashish kerak.
— Ijtimoiy kapital rivojlanishining asosiy sharti nimada?
— Ko‘p narsa jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar arxitekturasiga bog‘liq. Masalan, gorizontal modelda tenglik tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda fuqarolarga o‘z qobiliyatini namoyon etishi, tashabbus ko‘rsatishi uchun ko‘proq erkinlik beriladi. Vertikal (ierarxik) munosabatlar tizimida esa buning aksini ko‘rish mumkin. Turgan gapki, davlat tomonidan total boshqaruv o‘rnatilgan jamiyatda demokratiya haqida gapirish tugul, hatto o‘ylash ortiqcha.
— Endi O‘zbekistondagi holat haqida to‘xtalsangiz.
— Bugungi rahbariyat mamlakatda demokratik qadriyatlarni qaror toptirishga harakat qilmoqda. Prezident ochiqlik siyosatini yurityapti, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan talabni qo‘ygan. Lekin hukumatni shu yo‘lga boshlash oson kechayotgani yo‘q. Qolaversa, bir kishining xohish-irodasi bilan natijaga erishish qiyin. Jamiyatning o‘zi ham uyg‘oq bo‘lishi zarur.
Bir paytlar ko‘pdan-ko‘p balandparvoz shiorlar orqali kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tishga harakat qildik. Lekin urinishlar samara bermadi. Chunki tom ma’nodagi xalq hokimiyatchiligida davlat asosiy funksiyalarini jamiyatga topshirishi kerak. O‘zi esa “tungi qorovul” vazifasini bajaradi, ya’ni huquq-tartibot, mamlakat xavfsizligi, tashqi siyosat va chegaralar daxlsizligi bilan shug‘ullanadi, xolos.
— Demak, ijtimoiy kapitalimiz hali zaif.
— Ha. Muammoning ildizi xalq tafakkuriga borib taqaladi. Yangilanayotgan O‘zbekiston sharoitida biz nafaqat uyg‘onishimiz, balki tafakkurimizni o‘zgartirishimiz ham kerak.
Fuqarolik jamiyatining huquqiy va institutsional asoslarini allaqachon yaratib bo‘lganmiz. Sohaga doir 200 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Yurtimizda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin demokratik qadriyatlar qon-qonimizga singib ketmagunicha, mamlakatda na bir qonun, na jamoat birlashmalari risoladagidek ishlay oladi. Avvalgidek dekorativ holatdagi, ya’ni nomigagina mavjud bo‘lib turgan fuqarolik jamiyatidan esa hech naf yo‘q.
— Hamma ayb odamlardamikan?.. Axir, qars ikki qo‘ldan chiqadi-ku. O‘z jamiyati bilan hisoblashmaydigan davlat ertami-kechmi baribir legitimligini yo‘qotadi.
— Shubhasiz, tanganing boshqa tomoni ham bor. Fuqarolar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun davlatga o‘ziga ishongandek ishonishi kerak. Aytaylik, bugungi kunda saylov jarayoni yoki siyosiy partiyalar faoliyati aholini ko‘p ham qiziqtirmaydi. Chunki inson qaysidir nomzodga ongli ravishda ovoz berishi hamda muayyan partiyani qo‘llab-quvvatlashi uchun undan qop-qop va’da olishi emas, balki ishidan qoniqishi zarur. Afsuski, amalda unday bo‘layotgani yo‘q. Vaholanki, siyosiy partiyalar ham fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari singari ijtimoiy kapitalni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Ular parlament yoki mahalliy Kengash deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish bilangina cheklanmay, konstruktiv muloqot maydonchasiga alanishi va shu asnoda jamiyatda fikrlar xilma-xilligini ta’minlashi zarur.
Yana bir gap. Demokratik jamiyatni bir musht qilib turuvchi ijtimoiy normalar bo‘ladi. Shulardan biri milliy g‘oyadir. O‘zbekistonda milliy g‘oya yaratildi, ammo xalq ichiga hali ham singgani yo‘q. Mazkur konsepsiya chiroyli so‘zlar bilan ifodalanganiga qaramay, ko‘pchilik uchun mavhumligicha qolmoqda. Bordi-yu, u yurtdoshlarimiz ko‘nglidan chuqur joy ololganida edi, ijtimoiy qadriyat sifatida xalqni birlashtirishga xizmat qilardi.
— Ya’ni ijtimoiy kapitalning bir qismiga aylanardi.
— Xuddi shunday.
— Qiziq, ijtimoiy kapital biz uchun yangi fenomenmi?
— Yo‘q. Ijtimoiy kapital ba’zi bir an’analar ko‘rinishida o‘zbek jamiyatida avval ham bo‘lgan. Mahalla instituti, hashar, qo‘ni-qo‘shnichilik mnosabatlari bunga yaqqol misoldir.
Ta’kidlash kerak, jamiyat rivojlangan sayin ijtimoiy kapital ham zamonaviy ko‘rinish kasb etib, yangi komponentlar bilan boyib boradi. Masalan, bugungi kunda ijtimoiy munosabatlar ko‘proq virtual makonga ko‘chganini kuzatyapmiz. Shunga monand ravishda internetdagi ijtimoiy tarmoqlar segmenti tobora ommalashmoqda.
Fuqarolar turli veb-resurslar orqali siyosiy qarashlarini, qaysidir voqea-hodisaga munosabatini bildirishi mumkindir. Lekin bunday dadillik reallikka ko‘chib, haqiqiy harakatga aylanmas ekan, bari bekor.
— Hozircha dadil fikrlar asosan internet kengliklarida yangramoqda.
— To‘g‘ri. Buni yaxshi ham, yomon ham deyolmayman. Muhimi, odamlarimizda siyosatga qiziqish paydo bo‘lyapti. Faqat o‘sha qiziqish real hayotda qay darajada o‘z ifodasini topmoqda? Mana bu savol ochiq.
— Xalq tafakkuri haqida gapirdingiz. Uni qanday “yangilasa” bo‘ladi?
— Ta’lim mazmuniga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Hozir maktab va universitetlarda ijtimoiy fanlar — falsafa, mantiq, sotsiologiya, dinshunoslik, politologiyadan voz kechilyapti. Bu noto‘g‘ri, menimcha. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, aytaylik, shifokorga falsafiy tafakkur kerak emasmi? Yoki muhandis mantiqiy fikrlamasa ham bo‘laveradimi? Agar ta’lim tizimimiz faqat zamonaviy kadrlar tayyorlashga zo‘r bersa, unda teran tafakkur va keng dunyoqarashga ega shaxsni kim tarbiyalaydi? Bunaqada odamlarda ijtimoiy immunitet sustlashadi — ijtimoiy kapitalni rivojlantirolmay qolamiz. Tafakkurni oziqlantiruvchi fanlarni chetga surib qo‘yish davlat va jamiyatga “qimmatga tushishi” mumkin.
Boshqa tomondan, yurtimizda oliy ta’lim qamrovi oshirilmoqda, grant o‘rinlari ko‘payyapti. Bu juda yaxshi. Oliy ma’lumotli shaxs ehtimol ertaga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamas. Lekin o‘zining ustida doimo ishlashiga, atrofdagi jarayonlarni muntazam kuzatib, mushohada qilib borishiga, ma’naviyati va madaniyati yuqori bo‘lishiga, qo‘yingki, farzandiga ham puxtaroq tarbiya berishiga ishonaman.
— Ijtimoiy faollik masalasida negadir fuqarolik jamiyati institutlari namuna bo‘lolmayapti. Aksariyati yo nomigagina ishlayapti yoki davlat buyurtmasini bajarish bilan band…
— Haqsiz. Aslida nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolik jamiyatining lokomotivi bo‘lishi kerak. Boz ustiga, ular ijtimoiy kapitalning muhim manbai hisoblanadi.
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan 9 mingdan ortiq jamoat birlashmasidan qanchasi ijtimoiy funksiyasini bajara olyapti, degan savolga, menimcha, qoniqarli javob olish qiyin. To‘g‘ri ta’kidladingiz, aksariyat yirik NNTlar davlat buyurtmasini bajarish bilan band. Ba’zilari jamoat tashkiloti ekanini ham unutib yuborgan.
“Mahalla” xayriya jamoat fondini olaylik. U jinoyatchilik profilaktikasidan tortib, ishsizlik masalasigacha shug‘ullanadi. Oqsoqol va maslahatchilar har bir oilaning ijtimoiy ahvoli, tarkibi, u yerdagi ma’naviy muhit haqida ma’lumot to‘playdi va davlat idoralariga yetkazadi. Shu yerda bitta nozik jihatni ilg‘ab olish kerak: mahalla instituti davlat buyurtmasini bajarar ekan, aslida jamiyatning manfaatini ifoda etmaydi — u davlatga xizmat qiladi. Ijtimoiy munosabatlar nuqtai nazaridan bu normal holat emas. Aslida jamoat tashkiloti fuqarolarning muammolarini aniqlab, vakolatli organlardan yechimini talab qilishi zarur.
Xorijda ham davlat buyurtmasini bajarish amaliyoti bor. Faqat bunday faoliyatda tenglik tamoyili buzilmasligi, ya’ni davlat jamoat tashkilotining mustaqilligi va pozitsiyasiga daxl qilmasligi “oltin qoida” etib belgilangan.
Ikkinchi og‘riqli masala nodavlat notijorat tashkilotlarining moliyaviy ta’minoti bilan bog‘liq. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi taqdim etayotgan grantlar, ochig‘i, ehtiyojga yarasha emas. Ular NNTlarning to‘laqonli faoliyat yuritishiga yetmaydi.
Yurtimizda jamoat tashkilotlariga homiylik mablag‘lari deyarli ajratilmaydi. Aslida hotamtoylar ko‘p. Faqat ular asosan diniy maqsadlar uchun xayriya qilish, masdijlarga ehson tarqatishga odatlanib qolgan. Fuqarolik jamiyati ravnaqiga pul tikadiganlar esa sanoqli. Moliyaviy qiyinchiliklar tufayli ko‘pgina NNTlar “uyqu rejimi”ga o‘tib olgan. Qachon grant yutsa ishlaydi, qolgan vaqt karaxt bo‘lib turaveradi.
— Vaziyatni o‘zgartirishning iloji bormi?
— Avvalambor, islohotlar jarayonida administrativ resursning ishtirokini asta-sekin kamaytirib borish kerak. Ma’muriy-buyruqbozlik usuli ijobiy natijaga olib kelmaydi. Buni mustaqillikning dastlabki yillarida ham ko‘rdik.
Kuchli fuqarolik jamiyati aslida davlatga ko‘makchidir. U yuzga tutilgan ko‘zgu misoli boshqaruvdagi defektlarni ko‘rsatib beradi. Bu xato va kamchiliklar ustida ishlash uchun yaxshi imkoniyat.
Xalq ishonchini qozonmoqchi bo‘lgan davlat uchun fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdan boshqa yo‘l yo‘q. Iqtisodiy jihatdan yuksalishni xohlasak, investorlarni jalb qilmoqchi bo‘lsak, ijtimoiy kapitalimizni boyitishga majburmiz. Lekin tepadan buyruq berish bilan ish bitmaydi. Jamiyat tirik — organizm. U o‘zini o‘zi harakatga keltirishi kerak.
Nargiza UMAROVA