“Virusni birgalikda yengamiz!”

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida Yoshlar ittifoqi Buxoro viloyat kengashi hamda “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi hamkorlikda “Virusni birgalikda yengamiz!” shiori ostida xayriya aksiyasini o‘tkazdi.
Tadbirda Buxorodagi qator ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan – karantin davrida shu yerda qolgan mingdan ortiq xorijlik talabalarga, shuningdek, turli xorij davlatlaridan qaytib, ayni paytda Buxoroda karantinda bo‘lgan yurtdoshlarimizga 20 mingga yaqin tibbiy niqob, qo‘lqop, tibbiy salfetka va antitseptik vositalar hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
Buxoro viloyati bo‘yicha jami 475 nafar yosh tadbirkor “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasining jami 75 milliard so‘mlik imtiyozli kreditiga ega bo‘lgan. Ular tomonidan 3420 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Ayni paytda ana shunday yosh tadbirkorlar ta’lim muassasalari Talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan xorijlik yoshlar, karantin manzillaridagi fuqarolar, shuningdek, mavjud qator bozorlarda ham bo‘lishib, aholiga infeksiyadan saqlovchi tibbiy vositalar va oziq-ovqat mahsulotlarini ulashmoqda.
Yosh tadbirkorlar xayrli tashabbuslari orqali xalqimizning o‘ziga xos xayr-u saxovatga ega ekanligini yana bir karra isbotlayapti.
Aksiya barcha tuman, shaharlar bo‘ylab davom etmoqda.
Laylo HAYITOVA