Buxorolik deputatlar karantin davrida xizmat qilgan 200 nafardan ziyod tibbiyot xodimi hamda aholiga tibbiy vositalar va sabzavot mahsulotlarini tarqatdi

Buxoroda mahalliy kengash depupatlari karantin davrida aholiga beminnat ko‘mak bermoqda. Qorovulbozor tumani hokimi Akmal Ostonovning ma’lumot berishicha, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan mahalliy kengash deputatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan aholiga tortiq qilyapti.
O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati, “Azia Fruits Garden” MChJ rahbari Farrux Bekmirzaev 22 gektar yer maydonida hosil yetishtirmoqda. U Qorovulbozor aholisiga 500 kilogramm tovuq go‘shti, 3 tonna sabzavot mahsulotlari hamda 3000 dan ortiq tibbiy vositalarni bepul tarqatgan.
— Aholiga bepul mahsulotlar yetkazib berishdan tashqari, “Qorovulbozor” dehqon bozorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini har kuni arzon narxlarda, jumladan, kartoshkani 3000 so‘m, piyozni 2000 so‘m, pomidorni 8000 so‘m, sabzini 1000 so‘m va tovuq go‘shtini 15500 so‘mdan sotyapmiz. Bundan tashqari bepul yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ydik. Fuqarolardan telefon orqali kundalik ehtiyoj uchun zarur mahsulotlarga buyurtmalar olib, ularni o‘z narxida manziliga yetkazib berayapmiz, — dedi deputat Farrux Bekmirzayev.
Xalq deputatlari Buxoro shahar kengashi deputati, “Shohrud” xususiy ishlab chiqarish korxonasi rahbari Nodir Hamdamov esa karantin davrida viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasida xizmat qilayotgan 200 nafardan ziyod tibbiyot xodimining xonadonida bo‘lib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari hamda tibbiy vositalarni bepul tarqatgan.
— Qizim Shohida Muxtorova viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasida shifokor bo‘lib ishlaydi. Kecha-kunduz shifoxonada. Karantin e’lon qilinganidan beri uyga kelgani yo‘q. Biz va bolalari bilan faqat telefon orqali muloqot qilyapti. Shifokor qizim bilan faxrlaman! Ularning mehnatini sharaflayotganlarga minnatdorligimni bildiraman, — dedi shifokorning onasi Xolida aya Muxtorova.
Laylo HAYITOVA