OMON QOLISH HIKMATI

Koronavirus insoniyatni jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda
Yer yuzi aholisi karantin holatida yashamoqda. СOVID-19 pandemiyasi oxir-oqibat insoniyatni shunga majbur etdi. Tizginsiz dinamikaga o‘rganib qolgan global dunyo harakatdan to‘xtab qolgandek go‘yo. Vaqtinchalik, albatta. Lekin tan olaylik, bunday noodatiy reallik hammamizda hadik va xavotir uyg‘otayotgani bor gap. Axir, falokatga hech kim tayyor emasdi!
Koronavirus infeksiyasi iqtisodiyot tarmoqlari, jahon moliyaviy tizimi, xalqaro savdo aloqalariga nechog‘liq zarba bergani, buning oqibatlari qanday bo‘lishi, kim va qancha miqdorda ziyon ko‘rishi xususida fikr yuritmoqchi emasmiz. Ayni chog‘da asosiy e’tiborni o‘zimizga qaratganimiz ma’qul. Vaholanki, izolitsiya inson ruhiy salomatligiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatishini mutaxassislar alohida ta’kidlamoqda. Gazetamizning doimiy eksperti, amaliyotchi psixolog Luqmon KAZAKOV mavzu yuzasidan quyidagicha fikr-mulohaza yuritdi.
— Karantin qattiq stress yoki depressiya holatiga tushgan insonlar uchun, ayniqsa, xavfli. Sababi uyda o‘tirib, ular o‘z muammolari girdobiga g‘arq bo‘la boshlaydi. Odatiy muhitda, masalan, ishga borib kelib, mehmon kutib yoki do‘st-birodarlar davrasida muammolardan biroz chalg‘ish mumkin. Biroq izolyasiya sharoitida muloqot imkoniyati cheklanadi. Natijada bemordagi tushkunlik kayfiyati zo‘rayadi. Buning oldini olish uchun uni imkon qadar yolg‘izlatib qo‘ymaslik zarur.
O‘zining giperfaolligi bilan ajralib turadigan xoleriklarni ham karantin ancha qiynab qo‘yishi turgan gap. Bunday insonlar uyda bamaylixotir o‘tirolmaydi. Ular doimo harakatlanib turishi kerak. Aks holda, ichini kemirib tamomlaydi. Oxiri tars yorilib, yo‘q joydan mojaro keltirib chiqaradi. Masalan, yaqinlari bilan janjallashib qolishi mumkin. Shu bois xoleriklarga izolyasiya vaqtida, albatta, biron ish bilan mashg‘ul bo‘lishni tavsiya qilaman.
Melanxoliklarni ham ehtiyot qiling. Ular har qanday falokatu kulfatni ko‘ngliga yaqin olib, xayolida faqat yomon senariylar tuzadi. Bu bilan ruhiy salomatligiga jiddiy putur yetkazishi mumkin.
Sangvinik va flegmatiklar karantinni nisbatan og‘riqsiz o‘tkaza oladi. Chunki ko‘nikuvchanlik ushbu temperament egalariga xos xususiyatdir. Ular noxush holatdan ham foyda axtaradi, vaziyatni murakkablashtirmaydi, muammoga pozitiv yondashib, darhol yechim izlashga kirishadi.
Umuman olganda karantin hammaning boshiga tushgan sinov. Shu bahonada sabr-bardoshimizni imtihondan o‘tkazib, kuchli va kuchsiz sifatlarimizni aniqlashimiz mumkin. Fe’l-atvorimiz ham toblanadi.
Modomiki, bugun hammamizdan uzoq muddat uyda qolish talab qilinar ekan, men har bir kunni obdon rejalashtirib olishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Shunda zerikishga vaqt qolmaydi. Bolalarni ko‘proq harakatli o‘yinlar, jismoniy mashqlarga jalb qilish maqsadga muvofiq. Kattaroq yoshdagilar kitob mutolaa qilgani ma’qul. Uyda o‘tirib bajariladigan xobbingiz bo‘lsa, nur ustiga nur. Masalan, men baliq ovini xush ko‘raman. Hozir bo‘sh vaqtimdan foydalanib, biroz eskirib, ishdan chiqib qolgan qarmog‘imni sozlayapman.
Albatta, izolyasiya davrida odamlar siqiladi, tajanglashadi. O‘zaro kelishmoqchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Karantindan keyin ajrimlar soni ortadi, degan fikr ham aslida asossiz emas. Biroq biz hazrati insonmiz. Har narsa va holatni chuqur mulohaza qilib, idrok etish, voqea-hodisalardan to‘g‘ri xulosa chiqarish qo‘limizdan keladi. Sabrli bo‘laylik, azizlar.
Nargiza UMAROVA