BO‘SH O‘TIRMA, ZERIKMA!

Karantin davrida yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish, masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Masofaviy ta’lim” kanali ishga tushirildi. Ayni paytda kanal a’zolari soni 38 mingdan ortgan bo‘lib, turli fanlardan 30 dan ortiq dars materiallari joylandi.
Shuningdek, yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish maqsadida Yoshlar ittifoqining Toshkent shahar kengashi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda @Poytaxtmurojaatbot kanali orqali “Uydagi qahramonlar” onlayn loyihasi tashkil etildi. Hozirgi kunda kanalga 1 110 nafar yosh a’zo bo‘lib, tengdoshlarining amaliy ishlari bilan tanishib bormoqda.
Ittifoqning Navoiy viloyati kengashi ham qator tashabbuslarga qo‘l o‘rdi. Jumladan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida telegram tarmog‘ida 150 ga yaqin o‘zbek va jahon adabiyoti namunalarini o‘zida jamlagan audiokitoblar kanali (https://t.me/yoshlarkutubxonasiQR) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, viloyat kengashi sardorlari tomonidan “Android” dasturida “Leader” intellektual o‘yini ishlab chiqildi. Intellektual o‘yinda har bir yosh ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy sohalarga oid savollarga javob beradi. Ishtirokchilarning natijalari onlayn tarzida qayd etib boriladi. O‘yin g‘oliblari har oyning yakunida qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi axborot xizmati