TEMURIYLAR DAVRIDA TABOBAT

Dunyo sahnasida jahongir sifatida dong taratgan, 35 yillik hukmronligi davrida uch qit’adan 27 davlatni birlashtirib, ulkan saltanatga asos solgan Amir Temur bobomizning kuch-qudratining asosiy negizi, hech shubhasiz, uning butun umr “Xalqning dardiga darmon bo‘lingiz” shioriga amal qilib kelganligidir. Buni Sohibqironning mamlakatning barcha jabhalarini yuksaltirish, tabobat sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirgan sa’y-harakatlari misolida ko‘rishimiz mumkin.
Amir Temur ilm-fanga xayrixohligi, olimlarga izzat-u hurmat ko‘rsatgani sabab bu davrda tabobat ilmi taraqqiy etgan. Burhoniddin Nafisning “Kasalliklar sabablari va alomatlari” sharhi, “Mujaz al-qonun” sharhi, G‘iyos Mutabibning “Kasalliklar shifosi”, Mansur ibn Muhammadning “Inson tanasi va uning a’zolari holatining sharhi” va boshqa tib ilmiga oid asarlar yuzaga keldi. Yana shuningdek, manbalarda Temur va temuriylar davrida juda ko‘p mohir tabiblar yashagani, tibbiyotga oid muhim asarlar yozilgani haqida ma’lumotlarni ham uchratamiz. Bular orasida tabiblar sardori mavlono Farrux, mavlono Jaloluddinlar bo‘lgan. Ibn Arabshoh o‘sha zamonda mohir tabiblardan mavlono Ahmadning nomini alohida qayd qilib o‘tgan.
Temur bobomiz ilm ahliga, xususan, tib ilmi olimlariga hurmat bajo keltirganini quyidagi misol ham isbotlaydi. Manbalarda keltirilishicha, Sohibqiron 1396-yilda Hamadonda turganida buyuk vatandoshi Abu Ali ibn Sinoning muborak qabrini ziyorat qilgach, saroy tabibidan shayx ur-raisning asarlarini so‘raydi, tabib unga Ibn Sinoning “Al-qonun fit-tib” va “Kitob-ash-shifo” asarlarini olib keladi. Shunda Hazrat “Qanday ulug‘ ajdodlarimiz bor”, deb xitob qiladi.
Ma’lumki, Temuriylar davrida urushlar kuchaygan va tabibu Dor ush-shifo (shifo uylari)ga ehtiyoj katta bo‘lgan. Ayniqsa, Sohibqiron saroyida bu vaqtda o‘z davrining mashhur tabiblari xizmat qilgan, ular hukmdorning, saroy ayonlarining sihat-salomatligi haqida qayg‘urgan. Amir Temurning farmoni bilan mamlakatda sertarmoq shifoxonalar barpo etilgan. Aholi gavjum shaharlarda salomatlikni muhofaza etish xizmatiga alohida e’tibor qilingan. Bu davrda xalq tabobati, ya’ni turli xil giyohlar yordamida davolash taraqqiy etgan. Amir Temur xalqning sog‘ligiga e’tibor qaratish maqsadida “…kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasinlar. Har bir shaharda dor ul-amorat (hukmdor saroyi) va dor ul-adolat (qozixona) qursinlar”, deya farmon chiqargan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Sohibqiron mamlakat aholisining turmush farovonligini yanada oshirish, aholi salomatligini asrash, bir so‘z bilan aytganda, mamlakat hududida ekomuhitni yaxshilash maqsadida so‘lim bog‘-u rog‘lar barpo etishga e’tibor qaratib, ko‘kalamzorlashtirishni o‘zi nazorat qilgan. U doimo “Xon bo‘lsang-da, bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da, bog‘ yarat…” tamoyiliga amal qilgan.
Amir Temur Samarqand atrofida ko‘pgina go‘zal bog‘lar bunyod ettiradi. Mohir me’morlar, tajribali sohibkorlarning aql-zakovati, mehnati-yu mahorati bilan barpo etilgan Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Chinor, Bog‘i Behisht, Bog‘i Baland, Davlatobod, Bog‘i Nav, Bog‘i Shamol, Bog‘i Jahonnamo, Bog‘i maydon kabi chorbog‘lar va ulardagi go‘zal ko‘shklar o‘sha davr bog‘dorchilik san’atining namunalaridir.
Temurning avlodlari ham mamlakat obodonchiligi yo‘lida bog‘lar barpo etishga alohida e’tibor qaratgan. Ayniqsa, Zaxiriddin Muhammad Boburga bu fazilat unga ulug‘ bobokaloni Amir Temurdan o‘tgan. Bobur ko‘p vaqt istiqomat qilgan Kobul va uning atroflarida bog‘lar barpo etgan. Bog‘larni xuddi Amir Temur Samarqand atroflarida yaratgan bog‘larga o‘xshatib 12 joyda o‘stirgan. Bobur Mirzo Hindistonda esa o‘ndan ortiq jozibali bog‘lar, qasrlar va ko‘shklar yaratgan. Bxira viloyatida go‘zal ko‘llar, buloqlar, o‘rmonlar orasida barpo etilgan bog‘ “Bog‘i Safo” nomini olgan. Agrada “Zarafshon” va “Hasht bihisht” bog‘lari Boburga Samarqandni eslatib turgan. Yana hind qahramoni Rama nomida “Rambog‘” barpo etilgan. Dexalpurdagi “Bog‘i Nilufar” hindlar eng yaxshi ko‘radigan gulning nomi bilan atalgan. Hind olimi M.Randxavaning xabar berishicha, faqat Kobul shahrining o‘zida Bobur amri bilan o‘nta bog‘ reja bilan tuziladi. Bog‘i Shahararo (keyinchalik “Bog‘i Bobur” deb nom olgan), Chorbog‘, Bog‘i Jaluxona, O‘rta bog‘, Suvrat bog‘, Bog‘i Mahtob, Bog‘i Oxuxo shular jumlasidandir. Bundan tashqari Bobur tomonidan Ningarxorda Bog‘i Safo, Qandaxorda Chil Zina, Agrada Zuxro bog‘, G‘azida Sulton suv ombori barpo etilgan.
Amir Temurning yuksak obodonchilik homiysi hamda shaharsozlik landshaftida ekomuhitni yaratishga alohida e’tibor qaratganligini “Temur tuzuklari”dagi fikrlar ham isbotlaydi: “Amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa, yoki koriz qursa yo biron bir bog‘ ko‘kartirsa, yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, ikkinchi raiyat roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili qonun-qoidasiga ko‘ra xiroj yig‘ilsin”, deb yozib qo‘yilgan. Tarixchi sayyoh Ibn Xaldunning hikoya qilishicha, Samarqandda “oqar suv kirmagan biror ko‘cha, biror hovli deyarli yo‘q edi, faqat ba’zi uylargina bog‘siz edi”.
Muxtasar aytganda, Sohibqiron bobomiz sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir ekanligini yaxshi anglagan.
Shavkat BOBOJONOV,
O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti