Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

Buxoroda 15379 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Homiylar soni ortib bormoqda.

Buxoro viloyati hokimligida koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish bo‘yicha tuzilgan shtab mas’ullarining xabar berishicha, viloyatda 15379 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ayni paytda viloyatda 1 million 924 ming nafardan ortiq aholi mavjud.
Koronavirus infeksiyasining oldini olish hamda chetdan kelgan fuqarolar uchun “Sitorai Moxi-xossa” davolanish sanatoriysi bo‘lib karantin zonaga aylantirilgan. “Sitorai Moxi-xossa” mas’ul koordinatori Umar Sherovga ko‘ra, 340 o‘rinli sanatoriyda 239 nafar fuqaro maxsus shakllantirilgan observatsiya-karantin o‘rinlaridan foydalanmoqda.
Buxoro tumanidagi “Jo‘yzar”, Vobkent tumanidagi “Porloq kelajak” oromgohi, viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi, shuningdek, Buxoro shahridagi “Buxoro grant”, “Turon”, “Varaxsha” mehmonxonalarida ayni paytda 729 nafar, shifoxonalarda 553 nafar, maxsus muassasalarda 328 nafar fuqaro karantinda saqlanmoqda. 79 nafar hamyurtimiz karantin muddatini o‘tab, uyiga qaytgan bo‘lsa, koronavirusga chalingan 4 nafar bemor tuzalgan (2 nafari Toshkent shahridan, 1 nafari samarqandlik bo‘lib, charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelgan, yana 1 nafari qashqadaryolik, u charter reys orqali Buxoroga Rossiyadan kelgan).
Uy karantinidagilar esa 5448 nafarni tashkil etmoqda. Ularga muntazam ravishda 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hamda tibbiy vositalar yetkazib berilmoqda. Shuningdek, viloyatda tadbirkor va homiylar tomonidan 112 million so‘mdan ortiq xayriya ishlari amalga oshirilgan.
Viloyatdagi mavjud barcha karantin ob’ektlarda kun-u tun ishlayotgan jami 540 dan ziyod tibbiyot xodimlari ham e’tibordan chetda qolmagan.
Laylo HAYITOVA

"Yoshlar ovozi"

Наверх