Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

Karantin davrida yashirin faoliyat ko‘rsatgan chilimxona aniqlandi

Buxoro viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qilishicha, karantin vaqtida faoliyati taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, ishlashda davom etgan chilimxona aniqlandi.
Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan karantin tartib-qoidalariga amal qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan tungi reydlar davomida kechki soat 00:20 da Buxoro shahar “Somiy” ko‘chasida joylashgan chilimxona mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgani aniqlangan.
Yashirin tarzda mijozlarga xizmat qilayotgan muassasa mas’ullari bir soatga yaqin vaqt davomida eshikni ochishdan bosh tortgan. Talablarga bo‘ysinmagan. Tadbir davomida ichkariga kirilgandan so‘ng chilimxona egasi va ish yurituvchisi ichki ishlar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan. Tekshiruv davomida chilimxonada 12 nafar mijoz va ular orasida ota-onasining qarovisiz bir nafar voyaga yetmagan shaxsning borligi ma’lum bo‘lgan. Ular ichki ishlar bo‘limiga olib kelinayotganda mijozlardan biri organ xodimlarining xizmat xonasiga borish to‘g‘risidagi qonuniy talablariga bo‘ysinmasdan ularni nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagan.
Ammo qonuniy tartibda barcha shaxslar ichki ishlar bo‘limiga olib kelinib, ularga karantin qoidalariga amal qilish, ko‘cha va jamoat joylarida niqobsiz yurmaslik haqida tushuntirilib, rasman ogohlantirilgan.
Chilimxona rahbari Zuhriddin Barotov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan)ga nisbatan epidemiya qoidalarini buzganligi, shuningdek, ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 54-moddasiga asosan, hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Laylo HAYITOVA

"Yoshlar ovozi"

Наверх