SHARQSHUNOSLIKNING YANGI UFQLARI

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Sharq mamlakatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Bunday sharoitda sharq tillarini puxta o‘zlashtirgan, bu mamlakatlar tarixi va madaniyati, siyosati, iqtisodi hamda dini, falsafasi bo‘yicha kompleks bilimlarga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, ayni paytda ayrim sharq davlatlarida kuzatilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni to‘g‘ri tahlil qilgan holda taklif va tavsiyalar bera oladigan, yurtimizdagi ko‘p asrlik madaniy va ilmiy yutuqlarni aks ettirgan qo‘lyozma manbalarni tadqiq etadigan sharqshunos kadrlarni tayyorlash alohida e’tiborga loyiq.
1991 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tashkil etilishi mamlakatimizda sharqshunoslik sohasining taraqqiy topishi, zamonaviy sharqshunos-mutaxassis modelini yaratish uchun mustahkam poydevor bo‘ldi va respublikamizda bir qator ilmiy va ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirishga ko‘mak berdi. O‘tgan davr mobaynida amaldagi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklaridan qat’i nazar, Sharq mamlakatlari bo‘yicha ta’limning kompleksligi masalasi asosiy maqsad qilib qo‘yilgan ko‘p tarmoqli oliy ta’lim muassasasiga aylandi.
Oliy ta’lim muassasasida 10 ta ta’lim yo‘nalishi va ularga tegishli 11 ta magistratura mutaxassisligi doirasida hozirgi zamon sharqshunosligining turli sohalari bo‘yicha dolzarb, kompleks muammolarni hal qilishga mo‘ljallangan milliy kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan. Bunda asosiy e’tibor bevosita dunyo talablariga to‘la javob beradigan, Sharq va G‘arb tillarini mukammal bilish bilan bir qatorda, Yaqin, O‘rta va Uzoq Sharq, Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniyati, tarixi, falsafasi, iqtisodiyoti va ijtimoiy-siyosiy jarayonlari, xalqaro siyosati haqida teran va chuqur nazariy bilimga ega bo‘lgan zamonaviy sharqshunoslarni tayyorlashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020-yil 16-apreldagi “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sharqshunoslik sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etishni yanada takomillashtirish va sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni tubdan takomillashtirish imkoniyatini yaratadi. Xususan, kamida ikkita xorijiy tilni o‘zlashtirgan, Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, falsafasi, adabiyoti, siyosati, ma’naviy merosi, ijtimoiy-iqtisodiy tizimi va xalqaro munosabatlari borasida yetarli bilim va ko‘nikmaga ega, fundamental asosda tayyorgarlikdan o‘tgan sharqshunoslarni tayyorlashga qaratilganligi e’tirof etiladi.
Sharqshunoslik sohasida xalqaro standartlar bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-pedagogik salohiyatni muttasil oshirish, kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, ta’lim jarayonining o‘quv-uslubiy va axborot ta’minotini rivojlantirish, moddiy-texnik bazani zamon talablariga mos ravishda yangilashda o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolar saqlanib qolinayotgani bois ushbu qaror bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ishlab chiqildi.
O‘zbekiston sharqshunosligida yangi sahifani ochib beruvchi ushbu qarorda sharq mamlakatlarining tillari, tarixi, madaniyati va moddiy va ma’naviy merosi, iqtisodiyoti, siyosati, xalqaro maydondagi nufuzi, ularning zamonaviy antropologiya va etnologiyasi, tarjimashunoslik, shuningdek, turizm va gid hamrohligi sohalarida kompleks bilimlarga ega, mehnat bozori uchun raqobatbardosh bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni ta’minlash, ilm-fanni jadal rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati va pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni sharqona qadriyatlar asosida tarbiyalashni takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Qaror asosida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘quv, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar, ta’lim-tarbiya, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular kadrlar buyurtmachilari takliflari hamda xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalari tajribasini inobatga olgan holda tayyorlangan. Bunda universitetda ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshirilishi, sharq tillari o‘qitiladigan ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun doimiy faoliyat yurituvchi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etilishi, iste’dodli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish maqsadida Namangan va Xiva shaharlarida sharq tillari bo‘yicha texnikumlar ochilishi, “Sinxron tarjima laboratoriyasi”, “Multimedia markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan ta’minlash belgilangan.
Ta’kidlash joizki, qarorda universitetning ilmiy foliyatiga, xususan, ilmiy salohiyatini oshirish, sharqshunos ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu borada ham qator maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Xususan, universitetning joriy 43 foizni tashkil etuvchi ilmiy salohiyatini bosqichma-bosqich 2023-yilga qadar 55 foizga oshirish, shu maqsadda universitet doktoranturasiga qabul kvotasini 20 taga yetkazish, yangi ixtisosliklar bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni tashkil etish, ilmiy faoliyatga oid dasturlar doirasida bajariladigan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, bunda ilmiy loyihalarni bajarish jarayoniga iqtidorli talabalar, magistrantlar va doktorantlarni jalb qilishni kengaytirish, shuningdek, ularning innovatsion va startap loyihalarini tanlov asosida moliyalashtirish choralarini ko‘rish nazarda tutilgan.
Mazkur maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida universitet tomonidan tashkil etiladigan sharqshunoslik sohasiga oid dolzarb mavzulardagi ilmiy-amaliy konferensiyalar ko‘lami, professor-o‘qituvchilarining xalqaro va respulika ilmiy jurnallarida, jumladan, “Web of Science”, “Scopus” kabi xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi nashrlardagi maqolalar hamda monografiyalar nashr etish sonini oshirish belgilangan.
Shu bilan birga, universitet tarkibida Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi hamda Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani alohida e’tiborga molik.
Bunda Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markaziga sharq xalqlarining madaniyati, sharq tillaridagi adabiy, tarixiy, falsafiy manbalarni har tomonlama chuqur o‘rganishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yurtimiz qadriyatlari va milliy madaniy merosimizni dunyo miqyosida targ‘ib etish vazifasi yuklatilmoqda.
O‘z navbatida, Sharq mamlakatlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiyoti xususiyatlari va rivojlanish modellarini kompleks tadqiq etish, O‘zbekiston Respublikasining Sharq davlatlari bilan o‘zaro munosabatlarini rivojlantirish nuqtai nazaridan o‘rganish Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanmoqda. Bunda shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, ilmiy-texnik dasturlarga ajratilgan byudjet mablag‘lari, Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari sifatida qayd etilgan.
Qarorda fan-ta’lim integratsiyasini tizimli ravishda tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari va muzeylari huzurida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining adabiy va tarixiy manbashunoslik yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi kafedralarining filiallarini tashkil etishga rozilik berilgan.
Professor-o‘qituvchilar tomonidan iqtidorli talabalar, magistrlar va doktorantlarni jalb etgan holda yozma yodgorliklar bo‘yicha maqsadli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma manbalarning faksimile, foto, skaner nusxalari bilan universitetni bepul ta’minlash masalasi ham zikr etilgan. Shulardan kelib chiqib, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmud Zamaxshariy va boshqa buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tili, madaniyati va tarixiga oid yozma manbalarni, Sharq mamlakatlari tarixi, antropologiyasi, tili va adabiyoti, ijtimoiy-siyosiy jarayonlari, ichki va tashqi siyosatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish vazifalari yuklatilmoqda.
Muassasaga universitet maqomi berilishi sharqshunos kadrlar uchun dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan xorijiy o‘quv va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro diplomlarni e’tirof etish va baholash tizimlardagi tafovutlarni muvofiqlashtirish kabi qulay imkoniyatlarni ham ochib beradi. Universitet xalqaro obro‘sini mustahkamlash, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorligini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or tajribalarni o‘quv va ilmiy jarayonga tatbiq etish alohida ko‘rsatilgan. Shu nuqtai nazardan universitetga chet el oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlarini xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlash huquqi berildi.
Universitet o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotganini hisobga olib, 2020/2021-o‘quv yilidan professor-o‘qituvchilarning ish faoliyatini darslarga sifatli tayyorgarlik ko‘rishga va ilmiy salohiyatini kuchaytirishga qaratish maqsadida o‘quv yuklamasi ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda salmoqli ilmiy nashrlar e’lon qilgan, “ustoz-shogird” tamoyili asosida iqtidorli talabalar, magistrantlar, doktorantlar yoki yosh professor-o‘qituvchilar bilan hammualliflikda yuqori impakt-faktorli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etgan universitet professor-o‘qituvchilarini kompleks baholash indikatorlari asosida moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.
Nodir ABDULLAYEV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent