Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

Jamoatchilik palatasi jamiyatnikimi yoki..?

2020-yil 16-aprel kuni davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Jamoatchilik palatasi ish faoliyatining asosiy yo‘lalishlari sifatida “davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy shakldagi tizimli hamda samarali muloqotini yo‘lga qo‘yish hamda ularning ijtimoiy manfaatlari kelishilishini ta’minlash; fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga ko‘maklashish” kabi bir qancha vazifalar belgilab berildi.
Jamoatchilik palatasi zimmasiga “jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik monitoringi” mexanizmlarini qo‘llash, har yili O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida milliy ma’ruzalar tayyorlash vazifalari ham yuklatilgan.
Umuman olganda, yurtimizda Jamoatchilik palatasining tuzilganini ijobiy holat, deb baholayman. Biroq ayni chog‘da quyidagi jihatlarga e’tibor qaratsak ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Siyosatshunoslikning fundamental konsepsiyalaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, fuqarolik jamiyati davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmaydigan va boshqarilmaydigan erkin fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda ko‘ngillilar uyushmalarining o‘zaro samarali ijtimoiy aloqalari tizimidan tashkil topadi. Fuqarolik jamiyati davlatning iqtisodiy va siyosiy prinsiplaridan farq qiladigan o‘ziga xos qonuniyatlarga asoslanadi.
O‘zbekistonda shakllangan fuqarolik jamiyatini qurish modeli ko‘p jihatdan paternalistik xarakterga ega. Ya’ni mazkur jarayonni davlat (hokimiyat) boshqaradi, jamiyatda ijtimoiy faollikni uyg‘otadi, uning turli nodavlat notijorat tashkilotlar ko‘rinishidagi ijtimoiy yo‘naltirilgan harakatga aylanishini ta’minlaydi. Jamoatchilik palatasining tuzilishini aynan mana shunday dunyoqarashning mahsuli deyish mumkin.
Aslida esa fuqarolik jamiyati quyidan (jamiyatning o‘zidan), favqulodda paydo bo‘ladi. Deyarli o‘ttiz yildan buyon tom ma’nodagi fuqarolik jamiyatini qura olmaganimizning asosiy sababi ham shunda bo‘lsa kerak.
Ikkinchi jihat. Mening fikrimcha, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonning qabul qilingani mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga doir aniq milliy strategiyaning yo‘qligidan dalolat beradi. Masalan, oxirgi uch-to‘rt yil mobaynida fuqarolik jamiyati qurilishiga tegishli bir-birini takrorlovchi, ba’zida inkor etuvchi hujjatlar qabul qilindi. “Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror (2017-yil 27-mart), “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon (2018-yil 4-may), “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror (2019-yil 30-oktyabr) shular jumlasidan.
Yuqoridagi hujjatlar asosida Prezident huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha Maslahat kengashi tuzilgan edi. Ammo oradan ikki yil o‘tar-o‘tmay mazkur organ tugatilmoqda. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti negizida tashkil etilgan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazining umri esa undan ham qisqa bo‘lib chiqdi — yarim yilga ham borgani yo‘q. Endilikda ushbu ikki tuzilma Jamoatchilik palatasiga qo‘shib yuborilmoqda. Bunday holat siyosiy elitamizda fuqarolik jamiyatini qanday qurishimiz kerak degan savolga javob hamon yo‘qligidan dalolat beradi.
Uchinchi jihat. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va ijtimoiy hayotimizni doimiy ravishda ilmiy tadqiq etadigan, mazkur ijtimoiy-siyosiy voqelikning konstruktiv tamoyillarga asoslangan indikatorlarini ishlab chiqadigan “aql fabrikalari” (Think tanks) ham mavjud emas. Vaholanki, bu turdagi ilmiy markazlar va maktablarni tashkil etish vaqti keldi.
Xulosa qilib aytish lozimki, aholida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish muhimligi hamda fuqarolarning tashabbuslari jamiyat uchun zarur ekani haqida tushuncha hosil qilish doimiy va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Yurtimizda fuqarolik jamiyatini qurish muammosi kelgusida ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Bu esa yanada kengroq nazariy va empirik tadqiqotlarni o‘tkazish, olingan ilmiy natijalarni ijtimoiy hayotimizga tatbiq etishni talab etadi. Bunday mas’uliyatli pallada faqat jamiyat hal qiluvchi rol o‘ynashi lozim.
Sanjar SAIDOV,
siyosatshunos

"Yoshlar ovozi"

Наверх