OʻzMU KARVONI YOʻLGA TUSHDI

SARDOBAliklarga OʻzMUdan!
Bugun ertalab Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti jamoasi tashabbusi bilan sardobaliklarga kundalik ehtiyoj uchun kerak boʻlgan xoʻjalik mollari, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, sanitariya- gigiyena vositalari ortilgan birinchi karvon manzilga yetib bordi. Kunning ikkinchi yarmida universitetidagi psixologiya, sotsiologiya va pedagogika yoʻnalishidagi professor-oʻqituvchilar, tashabbuskor yoshlar guruhi sardobaliklar yoniga yetib borishdi. Ular jabr koʻrgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlar oʻtkazishmoqda. Sardobaliklarni koʻngillarini koʻtarish, yaxshi va yorugʻ kunlarga ishonch uygʻotish maqsadida psixologik koʻmak berib, ularni ruhan qoʻllab – quvvatlashmoqda.
Universitet faollari tashabbusi bilan ochilgan hisob raqamiga professor-oʻqituvchilarimiz, xodimlar va talabalarimiz tomonidan mablagʻlar kelib tushdi. Jumladan, bolalar kiyimlari – 864 dona, ayollar kiyimlari – 1094 dona, erkaklar kiyimi – 593 dona, oyoq kiyimlar – 102 juft, xoʻjalik mollari va sanitariya-gigiyena vositalari – 20 ta korobka, pul koʻrinishidagi moddiy yordam – 30 mln 644 ming so’mni tashkil etdi.
OʻzMU rektori Avazjon Marahimov voqea joyida boʻlib turibdi.
Insonparvarlik yordami doirasida oʻtkazilayotgan bu aksiya davom etmoqda.
Navbatdagi karvon ertalab yoʻlga tushadi. OʻzMU “Siz bilan birgamiz” nomli sahovat shtabida jarayon davom etmoqda.
OʻzMU Axborot xizmati