Gitler Mamadali bobomizning boshi uchun 50 ming marka tikkan edi…

1939-yil 1-sentyabrda Germaniya Polshaga bostirib kirishi bilan Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. Urush harakatlari va front liniyalarida 110 millionga yaqin kishi ishtirok etgan. 6 yil davom etgan janglarda 55 milliondan ortiq fuqaro qurbon boʻldi. Bu qirgʻin haqida tahlillar hech qachon tugamaydi…

Bu urush talafoti Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. 1941-yilda Oʻzbekiston aholisi 6,5 million edi. 1,5 milliondan ortiq yurtdoshimiz urushga safarbar etilgan. Ulardan 500 mingdan ziyodi halok boʻlgan, 263 mingdan koʻpi bedarak yoʻqolgan, 659 mingga yaqin vatandoshimiz uyiga qaytmagan, 640 mingdan ziyodi nogiron boʻlib qoldi.

Oʻsha yillarda Oʻzbekiston milliy harbiy qoʻshilmalar tuzish tashabbusi bilan chiqdi. 1941-yil 13-noyabrdan 1942-yil martigacha 14 milliy harbiy qoʻshilmalar, jumladan, 9 oʻqchi brigada va 5 otliq askarlar diviziyasi tuzilib frontga joʻnatildi.

Front va front ortida oʻzbekistonlik mard oʻgʻlonlar haqiqiy qahramonlik koʻrsatgan. Xususan, Stalingrad mudofaasini yorib, dushman ustidan muhim gʻalaba qoʻlga kiritilishida koʻrsatgan jasorati uchun 2 ming 733 oʻzbekistonlik jangchi “Stalingrad mudofaasi uchun” medaliga sazovor boʻldi. 1941-yil dekabrda Moskva mudofasida ham oʻzbeklar qahramonlik koʻrsatgan. Toshkent piyoda askarlari harbiy maktabining 180 kursanti Panfilov diviziyasi old saflarida edi. Gʻulom Abdukarimov Moskva yaqinidagi janglarda Panfilov diviziyasining tibbiy batalyon bosh jarrohi boʻlgan. 1941-yil 17-18-noyabrdagi ogʻir mudofaa janglarida u 120 askarni operatsiya qilib, hayotini saqlab qoldi. Unga doʻsti Zarif Ibragimov yordam berdi. Panfilov diviziyasi tarkibida Mamadali Madaminov, Abdulla Togʻayev va boshqa koʻplab oʻzbeklar jang qilgan.

Moskva uchun olib borilgan janglarda oʻzbek xalqi qahramon qizlarining jasorati namunasini koʻrsatgan Zebo Gʻaniyeva “Qizil bayroq” ordeni bilan taqdirlandi. Moskva ostonasida fashist qoʻshinlarini tor-mor qilishda koʻrsatgan jasoratlari uchun 1 ming 753 oʻzbekistonlik jangchi “Moskva mudofaasi uchun” medali bilan taqdirlandi.

Kavkaz uchun olib borilgan janglarda Toshkentda tuzilgan Sobir Rahimov qoʻmondonligidagi diviziya jiddiy muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritib, 8 mingdan ortiq dushman jangchisini yoʻq qildi. Bu diviziya yurtdoshimiz qoʻmondonligida Sharqiy Prussiyagacha jangovar yoʻlni bosib oʻtdi. Keyinchalik Polsha yerlarini ozod qilishda Sobir Rahimov rahbarligidagi 37 gvardiyachi Rechitsk oʻqchi diviziyasi alohida ajralib turdi. Dansig shahri uchun janglarda u ogʻir yarador boʻldi. S.Rahimov 1945-yil 26-martda vafot etdi. 1965-yil 6-maydagina tarixiy haqiqat tiklanib, oʻzbek xalqining mard oʻgʻli Sobir Rahimovga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.

1944-1945-yillarda Belarus, Ukraina, Moldova, Boltiqboʻyi respublikalari va Rossiyaning gʻarbiy viloyatlarida faoliyat koʻrsatgan oʻzbek jangchilari faoliyati Ikkinchi jahon urushi tarixi sahifalariga bitilgan boʻlib, ularning nomlariyoq dushman koʻngliga qoʻrquv solgan edi. Bular orasida M.Topiboldiyev, J.Otaboyev, I.Musayev, A.Hakimov, I.Qosimov va boshqalarning mardlik namunalarini taʼkidlash mumkin.

Yevropa mamlakatlarini ozod qilishdagi jasoratlari uchun B.Boboyev, P.Nurpeksov, T.Nazarov, A.Rahimov, M.Fayozov va boshqalar Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni, 2430 hamyurtimiz “Budapeshtni ozod qilish uchun” medali, 1706 kishi “Berlin olingani uchun”, 109208 kishi “Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun” medali bilan taqdirlangan.

Tarixda qayd etilishicha, Mamadali Topivoldiyev nomini eshitsa nemis askarlarning yuragi zirillagan. 1941-yil noyabrda M.Topivoldiyev quroldoshlari bilan fashistlar bosib olgan Borisov shahri chekkasidagi harbiy lagerdan 146 asirni ozod qildi. Har bir operatsiyadan keyin Topivoldiyev daraxtlarga oʻzining “Kazbek” nomli laqabini xanjar bilan oʻyib yozar va shu bilan nemislarni qoʻrqitib, oʻz izini qoldirardi.

Tarixiy manbalarga koʻra, M.Topivoldiyev yolgʻiz oʻzi dushman kazarmalarini vayron qilgan, 5 harbiy esholonni portlatgan, 76 fashist askarini va 1 nemis generalini qoʻlga olgan. Adolf Gitler Kazbekning boshi uchun 50 ming marka (hozirgi kunda taxminan 825 ming AQSH dollari) miqdorida mukofot vaʼda qiladi. Ammo Kazbekni hech kim qoʻlga ololmagan.

Urush yillari Oʻzbekiston haqiqiy insonparvar oʻlkaga aylandi. Xalqimiz front hududlaridan koʻchirib keltirilgan 1 millionga yaqin oila va bolalar bilan bir burda nonini baham koʻrdi.

Urush davrida 104 korxona Oʻzbekistonga koʻchirib keltirildi. mamlakatda 280 yangi korxona ishga tushishi natijasida 1945-yilga kelib, sanoat ishlab chiqarishi urush arafasidagiga nisbatan deyarli ikki barobar ortdi, neft qazib olish 4, metall ishlab chiqarish 4,8, mashinasozlik mahsulotlari 13,4, koʻmir qazib chiqarish 30, energiya ishlab chiqarish 2,42 barobar koʻpaydi. Respublika sanoati 1940-yilga nisbatan ikki barobar faollashdi.

Olti yil muttasil davom etgan urush barcha mamlakatlarni holdan toydirdi. Eng yangi modeldagi harbiy samolyotlar, tanklar, raketalar ishlab chiqarish shoshilinch oʻzlashtirildi. Oqibatda aholining qorni toʻymas, non, oziq-ovqat, kiyim-kechak yetishmasdi. Va nihoyat, 1945-yil 1-may kuni Berlin taslim boʻldi. Soʻnggi janglar Praga yonida 9-may kuni yuz berdi. 8-mayda esa Germaniya, 2-sentyabrda Yaponiya taslim boʻlish haqidagi hujjatni imzoladi.

…AQSH 1945-yil 6-avgustda magʻlub Yaponiyaning Xirosima, 9-avgustda Nagasaki shaharlariga atom bombasini tashladi. Aslida bu SSSRga poʻpisa edi. Sababi Germaniyani magʻlub etgan SSSR armiyasi Yevropaga katta xavf solardi. Oʻz navbatida SSSR ham 1949-yili atom bombasini, keyinroq neytron bombasini portlatib, Gʻarbni esankiratib qoʻydi. Saksoninchi yillarda dunyodagi barcha atom qurollari bir yoʻla portlatilsa, Yer yuzi bir necha bor yakson boʻlishi, kurramiz oʻz oʻqidan chiqib ketishi mumkin edi.

Urushda shoʻrolar yengdi. Yaponiya atom hujumidan xonavayron boʻldi. Shoʻrolar Germaniyadagi qoʻlga ilinadigan barcha narsalarni olib ketdi. Oʻsha vaqtlar ikki mamlakat taqdiri ayanchli tus olgan edi. Qarang, endi bu ikki mamlakat jahonda eng taraqqiy etgan mamlakatlar ichida 2-3 oʻrinni egallab, xalqining turmush darajasini yuksaklarga chiqarib qoʻydi…

Naim OBLOMURODOV,
tarix fanlari doktori.