Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

Ona tilini hurmat qilgan avlodning ertasi buyuk boʻladi

Millatni millat qilib dunyoga tanitadigan muhim belgilarning eng asosiysi tildir. Yer yuzida juda koʻplab millat, elatlar mavjud. Ular bir-birlari bilan oʻz tillarida soʻzlashganliklari bois millat, elat, degan nomga egadirlar. Tilsiz xalq boʻlmaydi, xalqsiz esa tilning mavjud boʻlishi mumkin emas.
Darhaqiqat, ona tili – millatning ruhi, maʼnaviy qiyofasi, or-nomusi, orzu-umididir. Inson dunyoga kelibdiki, Vatani, Onasi, Oilasi qanchalik muqaddas boʻlsa, ona tili ham shunchalik azizdir. Hattoki, goʻdak ham dunyoni ona tili orqali anglaydi. Usiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy topmaydi. Ona tili – millatning birligi va birdamligining timsolidir.
Dunyo tillari ichida eng goʻzal va jozibador tillardan biri – bu oʻzbek tilidir. Biroq tarixga nazar tashlarkanmiz, bu tilga boshqalarning doimo past nazar bilan qarashi, uni mensimaslik kayfiyati ustuvor boʻlgan. XV asrga qadar turkiy tilga bepisandlik bilan qarab, “Bu til avom tili, undan foydalanib ijod qilib boʻlmaydi”, degan daʼvolarni ilgari surgan. Ammo gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlari turkiy tilda “Xamsa”, yaʼni besh dostonni va boshqa yirik, badiiy jihatdan oʻta mukammal asarlarni yaratdi.
Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy “Tilga eʼtiborsiz – elga eʼtiborsiz”, deb ona tilimizni ulugʻladi. Hazrat Navoiy zamonida adabiyot tili sifatida fors tilining mavqei baland edi. Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy “Xamsa”ni forsiyda yaratgan, adabiyot ahli oʻrtasida turkiy tilda bunday ulkan badiiy asar yaratib boʻlmaydi, turkiy tilning ifoda imkoniyati bunga yetmaydi, degan qarashlar hukmron edi. Ulugʻ mutafakkir “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida turkiy tilning forsiydan kam emasligini, aksincha, balandroq ekanini aniq dalillar bilan isbotlab beradi.
Afsuski, tilimizga boʻlgan istibdodlar davom etaverdi. XIX asrning oʻrtalarida boshlangan chorizm va XX asrning 20-yillarida roʻy bergan kommunistlar istilosi yana tilimizni arosat koʻchasiga olib kirib qoʻydi. Ular oʻzbek millatini yoʻq qilish, uning ruhini sindirish maqsadida yurtimizda rus tilini davlat tili, deb eʼlon qildi. Rus tilida gaplashish madaniyatli kishilarga xos, degan gʻoyani ilgari surib, oʻzbeklarni ona tilida soʻzlashish baxtidan judo qilishga urindi. Bu istibdodga qarshi atoqli adib Abdulla Qodiriy ona tilimiz borasida kuyunib shunday degan edi:
“Oʻzbek tili kambagʻal til emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”.
Turk dunyosining buyuk maʼrifatparvar ijodkori Ismoilbek Gaspirali oʻz bitiklarida “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sugʻurib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”, deya yozib qoldirgan edi.
Oʻtgan asrning 80-yillari oxirlariga kelib milliy uygʻonish davri tarix sahnasiga chiqdi. Bu deyarli barcha sohalarda, shu jumladan, til bilan bogʻliq masalalardagi muammolarga boʻlgan munosabatda yaqqolga koʻzga tashlandi. Xalqimizning asl namoyandalari oʻzbek tiliga davlat maqomini berishni talab qila boshladi, bu boradagi ommaviy noroziliklar soni tobora koʻpaydi.
1989-yilning 21-oktyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuni eʼlon qilindi va bir yarim asrlik qaramlikdan soʻng oʻzbek tili yana davlat tili maqomini oldi. 1992-yilning 8-dekabrida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilanib, mustahkamlandi. 1995-yil 21-dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IV sessiyasida qabul qilingan yangi tahrirdagi “Davlat tili haqida”gi qonun oʻzbek tilining jahon miqyosidagi rasmiy Davlat tili sifatida eʼtirof etilishi va nufuzining yuksalishini taʼminlashi kerak edi. Ammo..
Elni el qilib, uni birlashtiradigan ona tilimiz haqida uzoq yillar davomida faqat maʼlum bir sana – 21-oktyabr arafasida “vaʼzxonlik” qildik. Ommaviy axborot vositalari orqali tilimiz buyukligi haqida toʻlqinlanib gapirdik. Zabonimiz davlat tili maqomini olgan dastlabki yillardagi shodumonlik tantanalaridagi nomiga chop etiladigan toʻrt-besh maqola, tashkilotlardagi xoʻjakoʻrsinga uyushtiriladigan til bayramiga daxldor tadbirlarni inobatga olmasak, ona tili maqomini koʻtarish oʻrniga quruq kampaniyavozlikka aylanib ketdi.
Afsuski, aksariyat amaldorlarimiz ona tilida gapira olmay, rus tilida muloqot qilar, ularning nazdida oʻzbekcha gapirish elita qatlamiga uyatdek koʻrinardi. Yirik tashkilotlarning axborot matnlari, jurnalistlar bilan uchrashuvlari oʻzga tilda olib borildi. Oʻzbek tilida olib borishni talab qilganlarga nisbatan rus tilini bilmaslik, savodsizlik degan “tamgʻa” qoʻyildi. Savol tugʻiladi: oʻz ona tilini bilmagan amaldor savodlimi yoki unga hurmat qilgan insonmi?
Bu kunlar endi tarixning achchiq va mungli sahifalarida ortda qoldi. 2019-yilning oktyabr oyida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ona tilimiz taqdiri bilan bogʻlik ikki buyuk tarixiy hujjatni imzoladi: 4-oktyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror hamda 21-oktyabr kuni “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon eʼlon qilindi. Bu ikki hujjat oʻzbek tili hayoti va rivojida yangi bir davrni boshlab berdi.
Quvonchli mujdalar davom etib, koʻp oʻtmay joriy yilning 10-aprelida butun mamlakat boʻylab Prezidentimiz “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini imzoladi.
Biz ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, goʻzal va sofligini avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, dunyoga tanitishda oʻz hissamizni qoʻshishimiz kerak. Bizni bir paytlar mustamlaka qilganlar “Millatni yoʻq qilish uchun u yerga qurol koʻtarib borish shart emas, uning tilini, maʼnaviyatini, adabiyotini yoʻq qilish kerak. Shunda millatning oʻzi yoʻq boʻlib ketadi”, degan yovuz fikrni ilgari surgan edi. Bu fikr nechogʻliq haqligini oʻz tanamizda his etdik.
Shukrki, bugun ona tilimizni ardoqlab, uning nufuzini oshirish payidamiz. Men ham oʻttiz yildan buyon pedagog sifatida mehnat qilib kelyapman. Biz pedagoglarning zimmasidagi asosiy vazifa esa ona tilimiz rivoji uchun Prezidentimiz boshlab ulugʻ yoʻlda oʻquvchilarimizni milliy ruh, ona tili orqali tarbiyalashdan iborat. Oʻzimizga xos boʻlgan tarbiya va taʼlim olgan, ona tiliga hurmat ruhida kamol topgan avlod esa kelajagimizni yana-da yorqin qilishi shubhasiz.
Bikajon BEKCHANOVA,
Xorazm viloyati Urganch shahar 23-umumtaʼlim maktabi
ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi

"Yoshlar ovozi"

Наверх