Shavkat Mirziyoyev: suv toshqini biz uchun achchiq saboq boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni videoselektor yigʻilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan favqulodda hodisalarga yana bir bor alohida toʻxtalib oʻtdi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Butun insoniyat koronavirus bilan birga, iqtisodiy inqirozga ham qarshi kurashayotganini hammamiz koʻrib, kuzatib turibmiz.
Jahonda murakkab vaziyatdan chiqish uchun karantin choralarini asta-sekin yumshatayotgan davlatlar soni koʻpayib bormoqda.
Yaratganga shukur, bugun Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyat tobora barqarorlashib boryapti. Kundan-kunga kasallikka chalinganlarga nisbatan sogʻaygan bemorlar soni koʻpaymoqda. Karantinga yangi olinganlarga nisbatan ancha koʻp odam undan chiqarilmoqda. Natijada bugungi kunda koronavirus yuqtirgan 2 ming 204 nafar bemordan 1 ming 454 nafari yoki 66 foizi toʻla sogʻaydi.
Karantindagi aholining 83 foizi oʻz uyiga qaytdi. Yaʼni, ijobiy dinamika kuchayib bormoqda. Shifoxonalarda qolayotgan 740 nafar bemorni davolash, salomatligini tiklab, oilasi bagʻriga qaytarish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda.
Bu ishlar osonlikcha boʻlayotgani yoʻq. Hozirga qadar bunga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 2 trillion 250 milliard soʻm sarfladik va 500 million dollar xalqaro moliya institutlaridan jalb qildik.
Bugungi kunda butun dunyoda hech kim pandemiya yana qancha davom etishini bilmayapti. Shu sababli, qanchalik qiyin boʻlmasin, xalqimiz bilan birga pandemiya sharoitida, barcha talablarga amal qilgan holda, ishlash va yashashga oʻrganishimiz kerak.
Epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarganidan foydalanib, biz iqtisodiyotimizda karantin rejimini asta-sekin yumshatmasak boʻlmaydi. Chunki bu tartib iqtisodiyotimiz rivojiga va aholimiz hayotiga juda katta salbiy taʼsir qilmoqda.
Bu borada xalqimizga, ayniqsa, fermer va tadbirkorlarga qulaylik yaratish uchun karantin talablarini yumshatish boʻyicha dastlabki qadamlarni qoʻydik.

Hurmatli doʻstlar!
Bu yil insoniyat uchun, shu jumladan biz uchun juda ogʻir keldi. Keyingi bir haftaning oʻzida xalqimiz ketma-ket kutilmagan sinovlarga duch keldi.
27-aprel kechasi Buxoro viloyatida, ayniqsa, Olot va Qorakoʻl tumanlarida yuz bergan ogʻir tabiiy ofatdan yaxshi xabardorsizlar.
Bu ofat viloyat boʻyicha 38 mingdan ziyod aholi xonadonlari, 847 ta ijtimoiy soha obyektlariga, ekin maydonlariga zarar yetkazdi. Qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va infratuzilma sohalariga ham jiddiy talafot yetdi.
Biz tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻryapmiz. Hukumat komissiyasi tunu kun ishlamoqda. Bugungacha 70 foiz ijtimoiy obyektlar, 20 foiz aholi xonadonlarining tomi yopildi. Shuningdek, 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 1 ming 100 ta transformator taʼmirlanib, 286 ming aholining elektr taʼminoti tiklandi. Yakka tartibdagi uy-joylar ham taʼmirlanmoqda.
Afsuski, boshimizga kelgan sinovlar shu bilan tugagani yoʻq.
Xabaringiz bor, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir boʻlgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Ularning barchasiga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazilmoqda.
Suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini oʻrganish boʻyicha Hukumat komissiyasi ishlamoqda. Zarar yetgan uy-joylarni tiklash va taʼmirlash, odamlarni oʻzining tiklangan uyiga qaytarish va roʻzgʻoriga yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilish boʻyicha barcha masalalar hal qilinmaguncha Sirdaryoga biriktirilgan har bir rahbar kuchaytirilgan safarbarlik rejimida ishlaydi.
Bu hududlardagi odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yana-da yaxshilash kerak. Ularga yangi uy-joylar, ijtimoiy obyektlar barpo etib, yangi ish oʻrinlari yaratib berishimiz shart, deb hisoblayman.
Bugungi kunda qator mahallalarda keng qamrovli tozalash-tiklash ishlari amalga oshirilyapti, natijada 53 mingdan ziyod aholi oʻz uylariga qaytishi yoki yaqin qarindoshlari uyiga koʻchib oʻtishi taʼminlandi.
Takror aytaman, davlatimiz, jamiyatimiz hech kimni bunday kutilmagan falokatlar qarshisida yolgʻiz va eʼtiborsiz qoldirmaydi.
Odamlarimiz hayotini saqlab qolish va evakuatsiya qilishda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari muhim rol oʻynadi. Bugungi kunda ular avariya va tiklash ishlariga keng jalb etilgan.
Afsuski, hozirgacha 4 nafar fuqaromizning tabiiy ofat oqibatida halok boʻlgani, 1 nafari bedarak yoʻqolgani aniqlandi. Jumladan, aholini xabardor qilish va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimini kuchli suv oqimi olib ketgan. Ular oʻz jonini fido qilib, yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qolishdi.
Halok boʻlganlarning yaqinlari va oila aʼzolariga oʻzimning chuqur hamdardligimni bildiraman.
Yigitlarimizning jasorati barcha kasbdoshlari va yoshlar uchun Vatanga, xalqimizga sodiqlik va fidokorona xizmat qilishning namunasi boʻlib qoladi.
Albatta, Buxoro va Sirdaryodagi ofatlar Yaratganning bizga yuborgan sinovi. Bunga sabr qilishimiz, qattiq mehnat bilan, birgalikda yorugʻ yuz bilan oʻtishimiz kerak.
Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, xalqimiz bu sinovlar oldida oʻzini yoʻqotib qoʻymaganini alohida taʼkidlamoqchiman. Mana, “oynai jahon” orqali koʻryapsizlar, xalqimiz yana-da birlashib, oʻzining mehr-oqibati, bagʻrikengligi, buyuk saxovatini har kuni, har daqiqada namoyon etmoqda. Buni Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridan koʻchirilgan fuqarolarning 81 foizini Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlari aholisi ixtiyoriy ravishda oʻz xonadonlariga joylashtirgani ham yaqqol koʻrsatib turibdi.
Boshqa viloyatlar, vazirlik, kompaniya va uyushmalar, aholimiz tomonidan qisqa vaqtda Buxoro va Sirdaryoga yordam berish uchun katta miqdordagi homiylik mablagʻlari oʻtkazildi, qurilish materiallari, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va roʻzgʻor buyumlari yuborildi.
Fursatdan foydalanib, jabr koʻrganlarga yordam koʻrsatayotgan bagʻrikeng, saxovatpesha va hamdard xalqimizga yana bir bor oʻzimning samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman.
Xalqimiz bir narsadan koʻngli toʻq boʻlishi kerak, hech qanday ortiqcha gap-soʻzlarga va mish-mishlarga oʻrin boʻlmasligi lozim. Mening topshirigʻimga koʻra huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan suv toshqini bilan bogʻliq voqea yuzasidan obyektiv, xolis va keng qamrovli tergov harakatlari boshlangan. Xalqimizni ishontirib aytaman, tergov yakunlari boʻyicha barcha aybdorlar, kim boʻlishi va egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, qonun oldida javob beradi.

Bu suv toshqini biz uchun achchiq saboq boʻldi. Shu sababli suv ombori masalasida biz xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda toʻgʻonning barcha dambalarini chuqur ekspertizadan oʻtkazamiz. Faqat shundan keyingina yakuniy xulosaga kelamiz.
Shuningdek, mening topshirigʻimga binoan hozirgi kunda tegishli davlat organlari tomonidan kuchli yogʻingarchilik sababli eroziya yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha gidroinshootlar, toʻgʻonlar va GESlarda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Afsuski, Sardobadagi ofat natijasida biz bilan chegaradosh boʻlgan yon qoʻshnimiz – Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlarini ham suv bosdi. Biz Qozogʻiston Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali bu masalani oʻzaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qilib oldik. Kuni kecha Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya voqea joyida boʻlib, vaziyatni har tomonlama chuqur oʻrgandi.
Biz qardosh qozoq xalqi bilan azal-azaldan bir daryodan suv ichib, oʻzaro quda-anda boʻlib, et bilan tirnoqdek yaqin boʻlib yashaganmiz. Quvonchli kunlarda ham, sinovli damlarda ham hamisha bir-birimizga yelkadosh boʻlib, qoʻllab-quvvatlab kelganmiz.
Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qoʻshni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar koʻrganidan, albatta, biz juda afsusdamiz.
Hukumatimiz, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi va mutaxassislar qozogʻistonlik hamkasblari bilan birgalikda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha, albatta, yaqindan hamkorlik qiladi.
Biz qozogʻistonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanimizni bildirdik.
Ishonchim komil, biz boshimizga tushgan bu ogʻirliklarni ham xalqimiz bilan birgalikda, oʻzaro hamjihatlikda bir tanu bir jon boʻlib, albatta, yengib oʻtamiz.

  • OʻzA