Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

DOLZARB MAVZUDAGI QIZIQARLI VA MAZMUNLI VEBINAR

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan Zoom dasturi orqali AQSH oliy ta’lim tizimiga bag‘ishlangan vebinar tashkil qilindi. Vebinarda Kaliforniya davlat universiteti (AQSH) professori Zair Ibragimov “AQSHda universitet ta’limi” mavzusida ma’ruza qildi. Professor ma’ruzasini Kaliforniya davlat universiteti ta’lim tizimi misolida tashkil qildi.
Vebinarda 200 dan ortiq – respublikamizning OTM o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlari, O‘zbekiston Milliy universiteti dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.
Ma’ruzachi oldiniga AQSH oliy ta’lim tizimi haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida talabalarning tahsil olishi, qaysi fanlar o‘qitilishi, ularda ta’lim olish uchun qanday imkoniyatlar va sharoitlar yaratilgani, professor-o‘qituvchilar va talabalarning majburiyatlari va vazifalari haqida to‘liq gapirib berdi. SHuningdek, universitet va fakultet ma’muriyatining ta’limni tashkil qilishdagi o‘rni haqida ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Professor Zair Ibragimov AQSHdagi oliy ta’lim va undagi kredit tizimini Kaliforniya davlat universiteti matematika yo‘nalishi misolida tushuntirib berdi. U ma’ruza yakunida vebinar ishtirokchilari bergan savollarga batafsil javob berdi.
Savol: – O‘zbekistondagi oliy ta’lim tizimida amaliy mashg‘ulotlarga soatlar ko‘p ajratilgan. Amerika ta’lim tizimida professor-o‘qituvchilarga amaliy mashg‘ulotga soat ajratiladimi yoki hammasi mustaqil ta’lim sifatida bo‘ladimi?
Javob: – Professor-o‘qituvchi haftasiga uch para ma’ruza o‘qiydi. Amaliy mashg‘ulotni (seminar ham deyish mumkin) assistentlar o‘tishi mumkin. Bu har bir universitetning o‘ziga bog‘liq. Masalan, men ishlayotgan Kaliforniya universitetida amaliy mashg‘ulotning o‘zi yo‘q, to‘rttasini ham ikki para, ikki paradan professor o‘qiydi. U ixtiyoriy va unga talab deyarli yo‘q. Masalan, xohlasam, uch soat ma’ruza o‘qib, bir soat amaliy mashg‘ulot tarzida o‘taman.
Vebinar juda mazmunli va qiziqarli o‘tdi.
Ma’ruzachi haqida qisqacha ma’lumot:
Doktor Zair Ibragimov – Kaliforniya shtati universitetining (California State University, Fullerton – CSUF) professori, matematik. 25 yildan ko‘proq o‘quv va ilmiy tajribaga ega. Hozirgi paytda u CSUF universiteti professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot qo‘mitasi raisi va Milliy ilmiy jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladigan “Talabalar uchun xalqaro tadqiqot tajribasi” dasturining direktori sifatida faoliyat olib boradi. Dunyoning nufuzli jurnallarida 30 dan ziyod ilmiy maqolalari va 100 dan ziyod ilmiy va ilmiy anjumanlarda ma’ruzalari bilan qatnashgan.
Zair Ibragimov 1982–1985 yillarda Toshkent shahridagi fizika-matematika ixtisoslashtirilgan maktab-internati (hozirgi S.H. Sirojiddinov nomidagi akademik litsey)da o‘qigan va 1984 yil O‘zbekistonda o‘tkazilgan matematika olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan. 1985-1988 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning matematika fakultetida tahsil olgan va 1991 yilda Novosibirsk davlat universitetidan matematika bo‘yicha bakalavr darajasini, 1998 yilda Oklaxoma universitetida matematika bo‘yicha magistr darajasini va 2002 yilda Michigan universitetida matematika fanlari bo‘yicha PhD ilmiy darajasini olgan.
Dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘zining bilim va salohiyatini namoyish etayotgan Z. Ibragimov kabi yurtdoshlarimiz bilan qancha faxrlansak arziydi.

Dilshoda Hamdamova,
O‘zMU jurnalistika
fakulteti doktoranti

"Yoshlar ovozi"

Наверх