Shu yilning 10 mayida taniqli o‘zbek matematigi, ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika sohasidagi taniqli olim, mehribon va jonkuyar ustoz, O‘zbekistonda matematikani rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan akademik Sa’di Xasanovich Sirojiddinovning tavalludiga 100 yil to‘ldi.
Sa’di Xasanovich Sirojiddinov 1920 yilning 10-mayida Qo‘qon shahrida tug’ilgan. 1942 yilda O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) imtiyozli diplom bilan tugatgan. O‘sha yili u faol harbiy xizmatga chaqirilgan. 1944 yilda Sa’di Xasanovich aspiranturaga o‘qishga kirdi va 1947 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi (uning ilmiy rahbari akademik V.I. Romanovskiy bo‘lib, Sa’di Xasanovichning olim va shaxs sifatida shakllanishiga katta hissa qo‘shgan). 1949-1952 yillarda Sa’di Xasanovich Moskvadagi V.A.Steklov nomidagi matematika institutida XX asrning taniqli matematigi, akademik Andrey Nikolaevich Kolmogorov rahbarligida doktoranturani o‘tdi va 1953 yili o‘sha institutda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Dissertatsiyasini himoya qilganidan so‘ng, ustozi A.N Kolmogorov tavsiyasiga binoan Sa’di Xasanovich 1953-1956 yillarda Moskva davlat universitetida professor bo‘lib ishlagan. 1957 yili Toshkentga qaytib kelgach, Sa’di Xasanovich O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika institutining direktori(1957-1966) etib tayinlandi. U 1956 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi etib, 1966 yilda esa akademigi etib saylandi. Akademik S.X. Sirojiddinov Toshkent davlat universitetining “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasini 1958-1988 yillarda boshqargan , Toshkent davlat universiteti rektori lavozimida ishlagan (1966-1971 va 1983-1987 yillarda), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti (1971-1983) lavozimida ishlagan.
Moskvadan qaytgach S.X. Sirojiddinov o‘zining katta rejalarini amalga oshirishga kirishdi. U o‘zining asosiy vazifasi deb O‘zbekistonda matematiklarning ijodiy faoliyatini jonlantirish, tadqiqot mavzularining dolzarbligi va olingan natijalarning ahamiyati nuqtai nazaridan ular ilm-fanning oldingi qatoriga chiqishiga erishish, yuqori malakali kadrlar (fan doktorlari va fan nomzodlari) tayyorlash, deb bildi.
Shu bilan birga u respublikada matematik bilim darajasini barcha maktablarda va oliy ta‘lim muassasalarida rivojlantirishning jonkuyari edi. S.X. Sirojiddinov ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika, matematik tahlil, O‘rta Osiyodagi matematika tarixi, qisqasi O‘zbekistonda matematikaning deyarli barcha sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
S.X.Sirojiddinovning tashabbusi va yordami bilan ko’plab yosh olimlar Moskva, Leningrad (hozirgi S. Peterburg), Novosibirsk, Kiyevdagi ilmiy institutlar va oliy o‘quv yurtlariga amaliyot o‘tash yoki aspiranturada o‘qish uchun yuborilgan, bu esa ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga va yangi ilmiy yo‘nalishlarga chiqishga imkon berdi.
Bu ishning amalga oshirilishida S.X. Sirojiddinovning yuqori ilmiy obro‘si, shaxsiy aloqalari, ilmiy tadqiqot markazlari va universitetlarning yetakchi matematiklari bilan yaqindan do’stligi katta rol o’ynadi.
Shu bilan birga, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish, O‘zbekistonda matematik tadqiqotlar natijalarini targ‘ib qilish, ularni nufuzli nashrlarda nashr etish o‘tgan asrning 60-90yillariga kelib o‘zining ijobiy natijalarini berdi. Bu davr S.X. Sirojiddinov matematik ijodining yuksalishi, ilmiy kollektivizm ruhining paydo bo‘lishi, tadqiqotlarning yangi yo‘nalishlarining paydo bo‘lishi bilan ajralib turadi.
S.X. Sirojiddinov rahbarligida va uning faol ishtirokida asos solingan mutaxassislar tomonidan keng e’tirof etilgan O‘rta Osiyodagi matematika tarixi bo‘yicha keng qamrovli tadqiqotlar olib borildi. Shu tufayli Toshkent tarixiy-matematik tadqiqotlarning yetakchi markazlaridan biriga aylandi.
S.X.Sirojiddinovning roli haqida gapirganda uning O’zbekistonda matematikani rivojlantirishda maktab matematikasiga bo‘lgan g‘amxo’rligini esga olmasdan bo‘lmaydi. U matematik fanlar binosining poydevori maktab matematikasida yotganligini chuqur angladi. 1962 yildan boshlab har yili O’zbekistonda o‘tkaziladigan Respublika matematika olimpiadalari tanloviga asos soldi.
S.X. Sirojiddinov O‘rta Osiyo respublikalaridagi ko‘plab matematiklarning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Uning ta’siri ostida o‘sgan olimlar doirasi juda keng bo‘lib, uning bevosita rahbarligi ostida 10 dan ortiq fan doktori va 40dan ortiq fan nomzodlari tayyorlandi.
S.X.Sirojiddinov boshchiligidagi matematiklarning erishgan yutuqlarini dunyo olimlari tomonidan e’tirof etilishi bo‘lib, Toshkentda o‘tkazilgan ehtimollar nazariyasi bo‘yicha III Sovet-Yaponiya simpoziumi (1975) va Bernulli matematik statistika va ehtimollar nazariyasi jamiyatining birinchi Jahon kongressi (1986) bo‘ldi. Bunday katta kongressni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun S.X. Sirojiddinov umrining so‘nggi yillarini bag‘ishladi. Uning ilmiy va tashkiliy faoliyatida an’anaviy “Farg‘ona Kolloqviumi” deb nomlangan – ehtimolliklar nazariyasining limit teoremalari va ularning tatbiqlari bo‘yicha konferentsiyalar alohida o‘rin egallaydi. Farg‘ona kolloqviumi 1962, 1972, 1983 yillarda Sa‘di Xasanovichning hayotliklarida o‘tkazilgan va ular ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistika sohasidagi mutaxassislar orasida muhim voqealarga aylangan. 1995, 2005, 2011 va 2015 yillarda bo‘lib o‘tgan navbatdagi to‘rtta kolloqvium S.X.Sirojiddinovning xotirasiga bag‘ishlandi. Sa’di Xasanovich o‘nlab xalqaro ilmiy konferentsiyalar va eng yuqori darajadagi simpoziumlarning tashkiliy qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan va ma’ruzalar bilan qatnashgan. Ular orasida: Xalqaro statistika institutining yig‘ilishi (1957, Gaaga, Gollandiya), Xalqaro matematiklar kongressi (1958, Edinburg, Shotlandiya), vaqt qatorlarini o‘rganish bo‘yicha simpozium (1962, Provans, AQSh), Xalqaro statistika instituti (1966, Gaaga, Gollandiya), Matematiklarning Xalqaro Kongressi (1966, Moskva), Xalqaro Universitetlar Assotsiatsiyasining simpoziumi (1970, Kanada; 1975, Kanada; 1985, AQSh), Ehtimollar nazariyasi bo‘yicha II Yaponiya-Sovet simpoziumi (1972, Kioto, Yaponiya), I, II, III, IV Ehtimolliklar nazariyasi va matematik statistikaga oid Xalqaro konferentsiyalar (1973, 1977, 1981, 1981, Vilnyus, Litva), Yevropa statistiklarining uchrashuvi (1981, Varshava, Polsha), ehtimollar nazariyasi bo‘yicha V Yaponiya-Sovet simpoziumi (1986, Tokio, Yaponiya) va boshqalar. U ko‘plab xorijiy universitetlarda (Hindiston, Chexoslovakiya, Shvetsiya, Germaniya va boshqalar) ma‘ruzalar qilish uchun taklif qilingan.
S.X. Sirojiddinovning lmiy yutuqlari e’tirof etilishining isboti sifatida uni xalqaro statistika instituti (Gaaga, 1966) va Moskva matematiklar jamiyatiga (1956) a’zo etib saylanishi, unga A.R. Beruniy (1973) nomidagi davlat mukofotining berilishi va “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvonining berilishi (1970), shuningdek bir qator xorijiy universitetlarning faxriy doktori etib saylanishi bo‘ldi.
Matematika fanini rivojlantirish va ilmiy kadrlar tayyorlashdagi ulkan yutuqlari, shuningdek samarali ijtimoiy faoliyati uchun hayotlik davomida S.X.Sirojiddinov eng yuqori davlat mukofotlari – ko‘plab orden va medallar bilan taqdirlangan. 2002 yilda (vafotidan keyin) “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston matematiklari ustozimiz S.X.Sirojiddinovni chuqur minnatdorlik va faxr bilan eslashadi. O‘zbekistonda matematikaning rivojlanishida uning hayoti va faoliyati kelajakdagi yosh matematiklar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonamiz.

Akademik Sh.Q.Formanov,
O‘zbekiston Milliy universiteti “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasi mudiri f.-m.f.d. O.Sh.Sharipov, O‘zbekiston FA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti “Stohastik analiz” laboratoriyasining mudiri f.-m.f.d. Ya.M.Khusanboev