Yoshlar ovozi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy gazetasi

Axborot sohasini isloh qilish davr talabi

XXI asr – axborot va axborot texnologiyalari asri, intellektual resurslar, yuksak texnologiya va zamonaviy bilimlar insoniyat taraqqiyotining asosiy va hal qiluvchi omiliga aylanayotgan davr.
Bunday sharoitda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni chop etish, ommaga yetkazish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda ushbu nashrlarni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va chop etish mexanizmlari bo‘yicha huquqiy asosni takomillashtirishga ehtiyoj mavjud edi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning may oyida “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi xalq muhokammasiga qo‘yildi.
Qaror loyihasi yettita banddan iborat bo‘lib, unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarlarning faoliyatini sifatli tashkil etish va rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari tahririyatlari xodimlarining shtat jadvali bo‘yicha soni va ish haqi miqdorlarini tasdiqlash va mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga mahalliy hokimiyat organlarining viloyat, tuman, shahar byudjetidan tashqari jamg‘armalari hisobidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratish, tahririyatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida moliyaviy yil yakunida taqsimlanadigan tahririyat sof foydasining muassisga tegishli qismini tahririyat hisobida qoldirish va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, davriy bosma nashrlarning bosh muharrirlari, xodimlari malakasini oshirish, xususan, gazeta va jurnallar elektron variantini yuritishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilangan.
Loyihada davriy bosma nashrlarda faoliyat yuritayotgan kadrlar masalasi ham o‘rtaga quyilgan. Jumladan, loyihaning 1-bandida “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarlarning faoliyatini sifatli tashkil etish va ularni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratsin” deyilib, o‘z muassisliklaridagi davriy bosma nashrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini rivojlantirish, shu jumladan, jurnalist-kadrlar zahirasini shakllantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
“Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishda 2020-yil 1-sentabrga qadar o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning elektron variantlarini ishlab chiqish va ishga tushirish; ehtiyojmand va faol jurnalistlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish; tahririyat xodimlarining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, davlat mukofotlariga tavsiya etish orqali rag‘batlantirib borish; Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, uning hududiy bo‘limlari bilan birgalikda oyda bir kun davlat muassasa va mahallalarda gazetxonlik kunlarini o‘tkazish; davriy bosma nashrlarda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga taqdim etgan hisobotlarini chop etishni yo‘lga qo‘yish; xalq deputatlari tuman, shahar, viloyatlar Kengashlari tomonidan tegishincha tuman, shahar, viloyat ijroiya hokimiyati muassisligidagi davriy bosma nashrlar tahririyatlarining har yarim yillik yakunlari bo‘yicha o‘z faoliyati, bosma nashr sifat ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’ati, yuzaga kelishi mumkin muammolar hamda istiqbolli rejalar to‘g‘risida hisobotini amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida eshitib borish kabi ustuvor vazifalar belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, loyihadagi ustuvor vazifalar davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining gazeta va jurnallari tahririyatlarining moliyaviy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash, tahririyatlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar mehnatini qadrlash, nashrlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Noila MUSTAFOYEVA,
Toshkent davlat yuridik universitetining Til o‘rgatish kafedrasi katta o‘qituvchisi

"Yoshlar ovozi"

Наверх