BIRGALIKDA BIZ KUCHLIMIZ!

Karantin davrida Toshkent «SOS Bolalar mahallasi»da ham o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish tartibi joriy etildi. Bu chora-tadbirlar mahalladagi Yoshlar uylari tarbiyalanuvchilariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Yoshlar uyi — Toshkent “SOS Bolalar mahallasi”ning tizimli bo‘limi hisoblanadi. Yoshlar uyi o‘smirlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, ijtimoiy va hayotiy ko‘nikmalar beradi. Keyinchalik ish va uy-joy bilan ta’minlanishida yordam olib, mustaqil hayotga tayyorlaydi.
Har bir o‘smir psixologik-pedagogik tarbiya, ijtimoiy va hayotiy ko‘nikmalarni o‘zida shakllantirgandan keyingina Yarim mustaqil yashash dasturiga o‘tiladi. Bu dastur davomida ular o‘zlariga biriktitrilgan tarbiyachi ko‘magida malakalarini oshiradi, doimiy ish bilan ta’minlanadi va katta hayotga tayyorgarlik ko‘radi. SOS bitiruvchilarini keyingi kuzatuv – SOS bitiruvchilarining keyingi hayot yo‘llarini kuzatib borish, ularni krizis holatlarida qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
O‘smirlarning psixoemotsional holatini yumshatish maqsadida 4 sessiyadan iborat art-terapiya mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bundan maqsad bosh miyaning o‘ng yarim sharini mashg‘ul qilish, negativ xayol, hissiyotlar va salbiy fikrlarga moyil bo‘ladigan ong senzurasini chetlab o‘tishga imkon berishdir.
Xalqimizda bir maqol bor “Arzanda bo‘lma – pazanda bo‘l”. Pedagoglarimiz kasb-hunar o‘rgangan inson hech qachon kam bo‘lmasligini, inson hayotidagi eng o‘lmaydigan kasblardan biri pazandalik ekanini tushuntirib o‘tadilar. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘smirlarni kasbga qiziqtirish, mehnat inson hayotida muhim rol o‘ynashini o‘rgatishdir. Turmushimizni mehnatsiz, yaratuvchanliksiz tasavvur qila olmaymiz.
Bizning faoliyatimiz ko‘lami va samarasini o‘tgan yilgi faoliytimiz sarhisobi ham ko‘rsatib turibdi. 2019-yil boshida Yoshlar uylarida 43 nafar o‘smir (24 nafar qiz, 19 nafar o‘gil) tarbiyalangan. Shulardan:
— 14 nafari kasb-hunar kollejlarini tugallab, mutaxasisligi bo‘yicha diplom oldi;
— 11 nafari mustaqil hayot boshladi;
— 19 nafari ish bilan ta’minlanib, mehnat faoliyatlarini olib boryapti;
— 1 nafar o‘smir Qurolli Kuchlar safida xizmat qilyapti;
— 6 nafar tarbiyalanuvchimiz akademik litsey va kollejlarda, 4 nafari oliy o‘quv yurtlarida tehsil olyapti;
— 6 nafar tarbiyalanuvchimiz Toshkent shahridagi yangi qurilgan uylardan kvartira oldi;
— 13 tarbiyalanuvchimiz davlat tomonidan beriladigan yordam pullarini oldi.
Karantin davrida o‘smirlarni psixologik qo‘llab-quvvatlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va kerakli maslahatlar berib borish maqsadida O‘zbekiston «SOS Bolalar mahallalari» uyushmasi Toshkent shahri filiali rahbari ko‘magida telegramda «Birga biz kuchlimiz» kanaliga asos solindi. O‘smirlar onlayn tarzda aloqada bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishyapti va huquqiy bilimlarini oshiryapti. Unda berilayotgan psixologik testlar, mutaxassis maslahatlari va ko‘ngil ochar roliklar kanalimiz muhlislari tomonidan yuqori baholanmoqda.
O‘zbekiston “SOS Bolalar mahallalari” uyushmasining Toshkent shahri filiali jamoasi