SOXTA MA’LUMOTNOMA OLGAN TALABANING “ISITMASI” OSHKOR BO‘LDI

Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinika mudiri, shifokor B.A. Buxoro muhandislik-texnologiya institutining sobiq talabasi T.X.ning nayrangiga “chuv” tushdi.
Buxoro viloyati IIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 20 yoshli T.X. joriy yilning mart oyi o‘quv davriga qadar bir necha bor sababsiz dars qoldirgan va “nb”lari oshib ketgani uchun talabalar safidan chetlatilgan.
T.X. o‘qishini qayta tiklash uchun biror bir kasallikka chalinmagan bo‘lsa-da, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinika mudiri B.A.bilan jinoiy til biriktirib, undan “kasalligi” to‘g‘risida soxta ma’lumotnoma olishga erishgan va uni Buxoro muhandislik-texnologiya institutiga taqdim qilgan.
Darslarga kelmaganini virusli gepatit “A” va “yuqori nafas yo‘llari o‘tkir kasalligi”ga chalinganlik to‘g‘risidagi 348-364-sonli kasallik varaqasi bilan oqlashga uringan sobiq talabaning xatti-harakatlari institut ma’muriyatida shubha uyg‘otgan. Tuman ichki ishlar bo‘limi vakillari bilan olib borilgan surishtiruv davomida hujjatlarni soxtalashtirish va ulardan foydalanish jinoyatlari sodir etilganiga aniqlik kiritilgan.
Mazkur holat yuzasidan T.X. va B.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va shu moddaning 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Laylo HAYITOVA