Pandemiyadan ham imkoniyat izlab…

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining (TXVU) Amaliy tadqiqotlar markazi yurtimiz olimlari uchun ilk veb-seminarini tashkil etdi. Vebinar amaliy yechimlarga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar tahliliga bag‘ishlandi. Unda Markaz ilmiy xodimlari — Italiya, Efiopiya, o‘zbekistonlik tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
O‘zbekistonda inson kapitali va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi hamda turizm sohalari istiqboliga bag‘ishlangan taqdimotlar ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Onlayn muloqotga turli hududlardan turib qo‘shilgan akademiklar, yosh olim va izlanuvchilar xalqaro oliy ta’lim muassasasidagi hamkasblari bilan yuqoridagi mavzular yuzasidan fikr almashib, o‘z qarashlari, ilmiy xulosalari va tavsiyalarini bayon etdi.
TXVU Amaliy tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi Rauf Saloxo‘jayev vebinarda inson kapitali xususida so‘z yuritar ekan, mazkur bebaho resurs mamlakat iqtisodiy o‘sishining drayveri ekanini qayd etdi.
— O‘zbekistonda zamonaviy fanning ilg‘or yutuqlariga asoslangan innovatsion texnologiyalarni barcha soha va tarmoqlarga jadal joriy etish jarayoni boshlangan, — deydi Rauf Saloxo‘jayev. — Bunday strategiya keyingi taraqqiyotimizning muhim sharti etib belgilandi. Innovatsiyalar hayotimizga keng kirib kelishi, o‘zimiz ham mana shunday raqobatbardosh intellektual mahsulotlarni yaratib, jahon bozoriga chiqarishimiz uchun, avvalo, inson kapitalini yuksaltirishimiz kerak. Bu yo‘ldagi asosiy vazifalardan biri ilmiy kadrlarning salohiyatini oshirish va o‘zbek olimlarining xalqaro ilmiy jurnallarda ko‘proq maqola chop etishiga erishish hisoblanadi. Zotan, Global innovatsion indeksni aniqlashda mazkur omil hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Efiopiyalik olim Etenesh Bekele Asfav O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining dolzarb muammolarini o‘rganmoqda. Vebinarda u tadqiqot ishining asosiy tezislari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, olimning xulosasiga ko‘ra, mamlakatda fermer xo‘jaliklari tarmog‘ini kengaytirish qishloq yoshlari o‘rtasida ishsizlikni keskin kamaytirish va mehnat migratsiyasini sekinlashtirish imkonini beradi. O‘zbekiston aholisining 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil qilmoqda. Shundan aksariyati qishloq yoshlaridir. Bu esa qishloq hududida ishsizlik muammosi ancha dolzarbligini ko‘rsatadi. Muammoni kichik dehqon xo‘jaliklari salohiyatidan foydalangan holda hal etish mumkin. Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, bugungi kunda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 70 foizini aynan mayda xo‘jaliklar yetishtirmoqda. Lekin ayni chog‘da ushbu tadbirkorlik sub’ektlari davlat ko‘magiga muhtoj. Ularni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini sezilarli ravishda oshirsa bo‘ladi.
Vebinarning yakuniy qismida COVID-19 infeksiyaning turizm tarmog‘iga ta’siri atroflicha tahlil qilindi. Pandemiya sabab tashqi sayyohlik oqimlari deyarli butkul to‘xtab qolgan bo‘lsa-da, ichki turizm imkoniyatlari, aksincha, kengaygan. Demak, endilikda sayyohlik kompaniyalari o‘z mahsulotini ichki bozorga yo‘naltirib, qishloq hududlarida yangi turistik yo‘nalishlarini ochishga intilishi zarur. Bundan iqtisodiyotimiz, shaksiz, foyda ko‘radi.
Vebinar davomida olimlar yuqoridagi mavzular bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza va shaxsiy kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi. Savol-javoblar sessiyasida tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini yanada to‘liq ochib berishga erishildi.
Nargiza UMAROVA