XALQARO KONFERENSIYA O’TKAZILDI

Joriy yilning 28 may kuni Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy
universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Falsafa va mantiq”
kafedrasining tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasi Innovatsion
rivojlanish vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi
huzuridagi O’zbekistonning eng yangi tarixini muvofiqlashtiruvchi metodik
markaz, O’zMU qoshidagi “Falsafa” ilmiy markaz va Tadqiqot.UZ ilmiy
jurnallar portali bilan hamkorlikda “O’zbekiston va Markaziy Osiyo: XXI
asr ijtimoiy-gumanitar fanlari dolzarb muammolari, integratsiya va
istiqbol tendentsiyalari” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
bo’lib o’tdi.
Konferensiyada xalqaro miqyosda O’zbekiston va Markaziy Osiyo ijtimoiy-
gumanitar fan yo’nalishlarining zamonaviy dolzarb muammolari, qiyosiy
tahlil qilingan gumanitar ilm-fan fenomen va tendensiyalari kontseptual
mohiyatining dolzarb tomonlarini ommalashtirish, bu sohada xorijiy
mutaxassislar bilan tajriba almashish hamda zamonaviy ijtimoiy-
gumanitar bilimlar yutuqlarini targ’ib etishni masalalari muhokama
etiladi. Shuningdek, O’zbekiston OTMlari ijtimoiy-gumanitar fanlarining
kredit tizimiga o’tishining xalqaro tajribalari va milliy xususiyatlari
muammolari tahlil etildi.
Mazkur tadbirda AQShning Yel, Indiana, Xofstra universiteti
professorlari Marianna Kamp, Elyor Karimov, Kler Roosien, Rossiya FA
akademigi Adham Yunusov, Belorussiya Davlat universiteti professori,
YUNESKOning regional eksperti Tatyana Mishatkina, Italiya xalqaro ta’lim
va turizm markazi direktori Maksim Baxtin, Qozog’iston Al-Forobiy
nomidagi milliy universitet professori Tursun Gabitov, Tojikiston FA
akademigi Firuza Nosirova va O’zMU Falsafa ilmiy jamoasi rahbari
professor G.T.Mahmudova, O’zMU “Falsafa va mantiq” kafedrasi mudiri,
professor SH.O.Madaeva va boshqa bir qator olimlar o’zlarining dolzarb
muammolarni ko’tarib chiqqan mazmunli ma’ruzalari bilan ishtirok
etdilar.
Konferensiyada O’zbekistondagi progressiv, integratsion jarayonlarni
e’tirof etuvchi fikrlar bilan birga, O’zbekistonda bugungi kunda ijtimoiy-
gumanitar fanlar bilan bog’liq hal qilinishi kerak bo’lgan vazifalar,
xususan, O’zbekiston Respublikasi FA qoshida falsafa, sotsiologiya,
psixologiya kabi fanlarni ilmiy-nazariy, amaliy ahamiyatini chuqur o’rganib
jamiyat taraqqiyoti bilan bog’lab beruvchi Falsafa va ijtimoiy fanlar
instituti tashkil etilishi zarurligi masalasi qizg’in muhokama bo’ldi.
Olimlar ma’ruzalarida jamiyat taraqqiyoti va yoshlar istiqbolida falsafiy
kreativ tafakkur, bioetika va estetika masalalari, sun’iy intellekt va ruh
psixologiyasi, raqamlashayotgan va axborotlashayotgan dunyoning inson
ma’naviyatiga ta’siri, mantiqiy tafakkurning jamiyat barqaror
taraqqiyotidagi ahamiyati haqida zalvorli fikrlar bildirdilar. Shuningdek,
O’zbekiston OTMlarida kredit-modul tizimiga o’tish jarayonida jahon
tajribasini namunalari tahlil qilindi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar
orqali insonni shakllantirish masalasi butun dunyo yetakchi universitet
olimlari pedagogik-ilmiy faoliyati namunalari misolida yetkazib berildi.
Konferensiya so’ngida konferensiya moderatorlari tomondan rezolyutsiya
o’qib eshittirildi va tasdiqlandi.

Shaxnoza Madaeva
O’zMU “Falsafa va mantiq” kafedrasi mudiri,
falsafa fanlari doktori, professor