Masofaviy ta’limga ham o‘rganib qoldik

Yurtimizda Covid-19 koronavirus infeksiyasi sabab karantin e’lon qilingach, ko‘pchilik o‘quvchi va talaba-yoshlar ta’limni endi qanday davom ettiradi, mazkur jarayonda uzilish paydo bo‘lmasmikan, degan xavotirga tushgandi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat tezkor choralar ko‘ra boshladi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan karantin davrida millionlab yigit-qizlarning uy sharoitida to‘kis bilim olishi uchun yetarli imkoniyatlar yaratilgani fikrimizni yaqqol isbotlaydi.
Tan olish kerak, o‘quvchilarga masofadan turib dars berish bo‘yicha biz pedagoglarda yetarli ko‘nikma mavjud emasdi. Ammo yuzaga kelgan og‘ir vaziyat barchani birlashib ishlashga majbur qildi. Onlayn darslarda nafaqat o‘qituvchi va o‘quvchilar, balki ota-onalar ham qatnashgani alohida e’tiborli jihatdir.
Karantin davrida o‘quvchilar bilan onlayn tarzda muntazam muloqotni yo‘lga qo‘ydik. Garchand bunday noodatiy format o‘ziga yarasha texnik tayyorgarlik va ta’minotni talab qilgan bo‘lsa ham, o‘quvchilar onlayn mashg‘ulotlarda bo‘shashmadi, balki aksincha, imkon qadar faollashishga harakat qildi. Nazarimda, bunda onlayn darslarning erkin muhitda hamda ota-onalarning bevosita nazorati ostida o‘tgani muhim rol o‘ynadi.
Shu bilan birga, karantin tufayli uyda qolgan o‘qituvchilarda o‘zi ustida ko‘proq ishlash, doimiy izlanishda bo‘lish, qo‘shimcha adabiyotlarga murojaat qilish uchun qulay imkoniyat tug‘ildi. Masalan, o‘zim dars paytida o‘quvchilar bilan savol-javob va muloqot qilishdan tashqari, ularni turli ijodiy ishlarga jalb qilishga ham harakat qildim. Xususan, Prezidentning beshta muhim tashabbusi doirasida o‘quvchilar o‘rtasida ijodiy va intellektual bellashuvlar, qiziqarli viktorinalar o‘tkazdim. Onlayn tanlovlarda o‘quvchilarning yangi qirralari ochilib, sog‘lom raboqat muhiti vujudga kelgani meni, ayniqsa, quvontirdi.
O‘tilgan har bir darsdan so‘ng bolalar ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot kanallari orqali ko‘pgina savollar bilan murojaat qilgani, internet tarmog‘idagi ma’lumotlar bazasidan unumli foydalangani, mavzu yuzasidan yangi ma’lumotlar topishga intilgani ularning bilimga qanchalik tashna ekanini ko‘rsatdi.
Xulosa qilib aytganda, koronavirus pandemiyasi davrida masofaviy ta’lim ham o‘z o‘rnida samarali bo‘la olishiga amin bo‘ldik. Bundan tashqari, ta’lim jarayonida o‘quvchilarni turli qog‘oz va hujjatlar to‘ldirishga majbur qilgandan ko‘ra, ularga aniq va manzilli topshiriqlar berish ming chandon afzal ekani ham yaqqol ayonlashdi.
Shahnoza RAHMONOVA,
Samarqand shahridagi 62-umumta’lim maktabining
ingliz tili o‘qituvchisi