BUNDAY SINOVLAR ODAMLAR IRODASINI TOBLAYDI

Karim Kamolov, Buxoro viloyat
hokimi vazifasini bajaruvchi:

Butun dunyo o‘ziga xos sinov maydoniga aylangan kunlarda Buxoroda, ayniqsa, uning Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh Olot va Qorako‘l tumanlarida ro‘y bergan tabiiy ofat barchamizni yana bir jiddiy imtihonga ro‘baro‘ qildi. Ta’bir joiz bo‘lsa, vohamizda, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, iroda toblanadigan, tafakkur va temir intizom g‘alaba qozonadigan “ikkinchi front” ochildi.
Tabiiy ofat sababli Prezidentimizning Buxoroga tezkor tashrifi va ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi ofatdan zarar ko‘rgan Olot va Qorako‘l tumanlarida istiqomat qilayotgan odamlar qalbiga harorat bag‘ishladi.
Bugun viloyatimizning ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan Olot va Qorako‘l tumanlari o‘ziga xos qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan.
Biz, buxoroliklarga ushbu murakkab vaziyatda uzoq-yaqin manzillardan yordam berishga oshiqqan viloyatlar rahbarlariga, xalqiga, vazirlik va idoralar rahbar va mutasaddilariga ko‘rsatayotgan do‘stona ko‘maklari, mehr-oqibatlari uchun barcha buxoroliklar nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman. Jonajon yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish borasidagi ezgu faoliyatlariga zafarlar, o‘zlariga sog‘liq-omonlik tilayman.
Yaratgan barchamizga bugungi sinovli kunlardan eson-omon va yorug‘ yuz bilan o‘tishni nasib aylasin.

BUXORODA TABIIY OFAT
141,6 MILLIARD SO‘M ZIYON KELTIRDI

Buxoroda tabiat o‘zining hech kim kutmagan sinovini o‘tkazdi. Joriy yilning 27-aprel tunidagi kuchli shamol va yog‘ingarchilik o‘lkaning ko‘plab manzillariga talafot yetkazdi. Viloyat bo‘yicha 38 mingdan ziyod aholi xonadonlari, 847 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga, ekin maydonlariga zarar yetdi. Ayniqsa, bu tabiiy ofat viloyatning Qorako‘l va Olot tumanlariga ko‘proq ziyon yetkazdi. Biroq qiyin sharoitda qolgan yaqinlarini, hamyurtlarini qo‘llab-quvvatlash, dardiga sherik bo‘lish bu sinovli kunlarni yengib o‘tishga katta turtki bo‘lmoqda.
El boshiga ish tushganda hech qachon ortga chekinmaydigan tanti xalqimiz sa’y-harakati, mutasaddi rahbarlarning yelkadosh turishi, barcha davlat va nodavlat idora-tashkilotlarning yakdilligi bilan bugun ikki tuman yana qayta bunyod bo‘lmoqda.
Buxoro hokimligida tuzilgan shtabga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida hisob-kitoblar bo‘yicha viloyatning barcha shahar va tumanlarida 41927 ta bino va inshootlarga, shu jumladan, 41085 ta aholi xonadonlari, 842 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga turli xil darajada 141,6 milliard so‘mlik zarar yetgan.
15 kun ichida 24 322 ta aholi xonadoni, 326 ta umumta’lim maktabi, 160 ta maktabgacha ta’lim, 81 ta sog‘liqni saqlash va 88 ta boshqa muassasalarida ta’mirlash-tiklash ishlari to‘liq yakunlangan.
Shuningdek, tabiiy gaz tizimi bo‘yicha zarar yetkazilgan jami 115,17 ming xonadonning barchasida tabiiy gaz ta’minoti to‘liq tiklangan. Tabiiy ofat oqibatida ishdan chiqqan 10 ta simli telefon stansiyalari, 13 ta mobil aloqa operatorlari machtasi, 433 ta aloqa ustunlari, 92 km havo aloqa liniyalari, 481 ta mobil aloqa baza stansiyalarilarining barchasi to‘liq ishga tushirilgan.
Aholi turar joylari va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazilgan zararni bartaraf etishda jami 32530 nafar quruvchilar jalb etilgan. Shundan Mudofaa vazirligidan 240 nafar, Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar vazirligidan 245 nafar, Ichki ishlar vazirligidan 79 nafar, Milliy gvardiyadan 250 nafar shaxsiy tarkib amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, qudratli texnikalarning jalb etilgani ish jarayonining jadallashuviga turtki bo‘lmoqda.
Ayni pandemiya davrida tabiatning kutilmagan injiqligi xalqimizni yana bir taqdir sinoviga takror-takror ro‘baro‘ qildi. Biroq yurtdoshlarimiz tahlika, vahima va qo‘rquv oldida esankirab qolmadi. Bir tanu bir jon bo‘lib birlashdi. Tabiiy ofatning ikkinchi kuniyoq, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati kengashi tomonidan “Fidoyi yoshlar otryadi” tuzilib, 300 dan ziyod yoshlar birlashdi. Karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda yoshlar ham kattalar bilan bir qatorda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda hamjihat mehnat qilmoqda, — dedi Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Sherzod Tilavov.
Tabiiy ofat keltirgan talafotlarni bartaraf etish uchun davlat byudjeti hisobidan 100 milliard, mahalliy byudjetlar hamda homiylik mablag‘lari hisobidan 82 milliard so‘m ajratildi.

TABIIY OFAT – GIDROMETEREOLOGIK KAMCHILIK…MI?
FAVQULODDA VAZIYATLARGA SHAYMIZMI?

Buxorodagi tabiiy ofat paytida birinchi navbatda yangi qurilgan namunaviy uy-joylarga ziyon yetgani aytilmoqda. Bundan tashqari, hodisadan so‘ngi tahririyatga savol va murojaatlar kelib tusha boshladi: “Favqulodda vaziyatlar vazirligi bunday holatlarga tayyormidi?”.
Ushbu savollarga Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mirjon Fayzullayev quyidagicha javob berdi:
Aholi punktlaridagi, sanatoriy, dam olish uylaridagi, sog‘lomlashtirish lagerlaridagi odamlarning, turistlar va sportchilarning jarohatlanishiga va o‘limiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan Kuchli shamol xavfli gidrometeorologik hodisa sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-oktyabrdagi 455-sonli qaroriga asosan, tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar turkumiga kiradi. Bunday turdagi favqulodda holatlar tabiat hodisasi bo‘lib, ularning aynan qaysi vaqtda, qay holatda bo‘lishini aniq belgilab bo‘lmaydi.
Bunday hollarda inson jabrlanuvchi hisoblanib, faqatgina favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish mumkin, xolos. Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 24 avgustdagi 242-sonli qaroriga asosan, Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifasi favqulodda vaziyatlar sharoitida favqulodda holat sodir bo‘lgan hududga safarbar qilinadigan FVDT kuch va vositalari (ularning ro‘yxati, qaysi vazirlik va idora qanday vazifani bajarishi qarorda to‘liq aks ettirilgan) harakatlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilishdan iborat. Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish Davlat tizimi (FVDT) faoliyati 242-sonli qaror talablari asosida to‘liq tashkil etilgan va har qanday favqulodda vaziyatning oldini olish bo‘yicha o‘z funksional vazifasiga ko‘ra, harakatlana oladi.
Hozirgi kunda, Buxoro viloyati hokimligi rahbarligida tashkil etilgan Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish komissiyasi tomonidan favqulodda vaziyatdan zarar ko‘rgan hududlardagi kommunal, telekommunikatsiya, yo‘llar va irrigatsiya tizimlarining holati qayta tiklanmoqda.
Aytish o‘rinliki, birgina viloyat miqyosida oladigan bo‘lsak, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari favqulodda holatlarda doimo shay. Buning uchun kuch va vositalar ham yetarli. Shuningdek, ayni kunlarda “Sardoba” suv omboridagi toshqinni bartaraf etishda ham yigitlarimiz jonbozlik ko‘rsatmoqda.

YOSHLARDAN “SAXOVAT VA KO‘MAK” AKSIYASI
Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan e’lon qilingan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati kengashi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat boshqaruvi hamkorligida Buxoro yoshlar markazida “Saxovat va ko‘mak” aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Sirdaryo viloyati hamda Buxoroning Qorako‘l, Olot tumanlari aholisini qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisi bo‘lmagan va yakka-yolg‘izlar ko‘nglini obod etishga ham yo‘naltirildi.
Saxovatpesha tadbirkorlar, turli idora-tashkilotlar va ishlab chiqarish korxonalari-yu saxiy insonlarning aksiyada faol ishtirokida o‘zbek xalqining o‘ziga xos oqibati namoyon bo‘ldi.
Shunday kunlarning birida kiyinishidan o‘ziga to‘q bo‘lmagan yoshi ulug‘ bir kishi “Saxovat” qutisiga 1,5 million so‘m mablag‘ keltirib topshirdi.
— Boshimda uyim, egnimda kiyimim, dasturxonda nonim bor. Qo‘shnim uysiz, yupun, och o‘tirganda, biz, keksalar ham pensiya pulimizni bekitib o‘tirmaymiz-ku! — dedi bobo gapni cho‘zib turmay.
Ko‘mak mahsulotlari va pul mablag‘lari Olot, Qorako‘l tumanlaridagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, karantin davrida muhtoj qolgan aholiga, shuningdek, sardobaliklarga ham yetkazildi.
— Buxoroi sharifdan yetib kelgan “Saxovat” karvonini qarshi olar ekanmiz, og‘ir kunda bir-biriga yelka tutadigan xalqimiz borligiga yana bir karra shukrona keltirdik. Boshimizga tashvish tushganda saxovatpesha tadbirkorlaru ko‘ngilli yoshlarni ezgu maqsad sari birlashtirib, chin dildan ko‘mak bergan tashkilotchilarga, buxoroliklarga minnatdorlik bildiramiz, — deydi “Qizil yarim oy” jamiyatining Sirdaryo viloyati tashkiloti Sardoba tuman bo‘limi ijrochi direktori Gulnora Jo‘rayeva.

Laylo HAYITOVA