Pandemiya – ta’limga to‘sqinlik qila olmaydi!

2020-yilning boshida o‘quv jarayoni va magistrlik dissertatsiyalari himoyasi onlayn tartibda bo‘lishini hatto tasavvur qilish ham qiyin edi. Mart oyida boshlangan COVID-19 pandemiyasi butun o‘quv jarayoni jadal ravishda onlayn shakliga o‘tishiga turtki bo‘ldi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2020-yilning 2-iyunida magistrlik dessertatsiyalari himoyasi ilk bor onlayn shaklda o‘tkazildi. Mazkur universitetning talabasi sifatida onlayn shakldagi himoyalarda ishtirok etgan “birinchi qaldirg‘ochlar”dan biri bo‘lish menga ham nasib etdi.
2014-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining bakalavriat bosqichi “Xorijiy mamlakatlar iqtisodi va mamlakatshunoslik” ta’lim yo‘nalishi talabasi bo‘lgan edim. 2017-2018-o‘quv yilida o‘qishdagi yutuqlarim, fakultet va institut hayotidagi faol ishtirokim uchun Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasining sovrindori bo‘ldim. 2018-yilda bakalavriat bosqichini a’lo baholar bilan bitirib, magistraturada o‘qishimni davom ettirdim.
2020-yil – institutimiz universitet maqomiga ega bo‘lgan yilda men o‘z uyimdan chiqmagan holda, ilmiy rahbarim bilan hamkorlikda ikki yildan ziyod mehnat qilib tayyorlagan magistrlik dissertatsiyamni himoya qildim. Ishim yuqori baholanganidan hamda TDShUda doktorant yoki mustaqil tadqiqotchi sifatida o‘z ilmiy-tadqiqot ishimni davom ettirishimga berilgan tavsiyadan behad xursand bo‘ldim.
Magistrlik dissertatsiyasi himoya jarayoni, ilmiy muhokamasi va ovoz berish jarayoni barcha me’yoriy talablarga rioya qilgan xolda o‘tkazildi.
Shu fursatdan foydalanib, TDShU rektori Gulchehra Rixsiyeva, barcha professor-o‘qituvchilarga yuqori kasbiy mahorati, bizga bergan bilim va ko‘nikmalari uchun o‘z minnatdochiligimni bildirmoqchiman!
Jasur NIYAZALIYEV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti magistranti