Til – millat ko‘zgusi va faxri

Bugun o‘zimizning millatdoshlarimiz bo‘lgan ba’zi rusiyzamon aka-opalarimiz bilib-bilmay ona tilimizni hurmat qilmay ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilib chiqishmoqda. Ularning ko‘pchiligi hazil mutoiba bilan tilimizga qarata “toshchalar“ otib qo‘yishmoqda. Ularning hazillashib qo‘yganini biz ham hazil-huzilga yo‘ysak qandoq bo‘larkan? Axir, hazil-hazildan o‘q chiqar… degan badbo‘ygina hikmatni ham unutmaslik lozim. Bu kabi gaplarni aytishga yana bir “okaxonimiz“ sababchi bo‘ldi. U ijtimoiy tarmoqlarda davlat tilini haqorat qildi. Ma’lumotga ko‘ra, fuqaro Doniyor Yakubov o‘zi Toyloq tumani hokimligi madaniyat bo‘limida ishlab kelsa-da, 2020-yil 15-mayda Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Xalq fikri” nomli guruhda o‘zining profilidan o‘zbek tili va millatini kamsituvchi fikrlarni qoldirgan. Qilgan ishi etmagandek, ushbu holat yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida IIB xodimlari uning uyiga borgan vaqtida u IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, ularga qarshilik ham ko‘rsatadi. Shundan so‘ng, Samarqand shahar ma’muriy sudida unga nisbatan to‘plangan ish 2020-yil 18-may kuni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 42, 194-moddasi 1-qismi va 195-moddalari bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu kabi kimsalarga bunday jazolar kam deb o‘ylab qolasan kishi. Chunki til millatning dunyoda tutgan o‘rnini belgilab beradi. Avval o‘zimiz uni hurmat qilmasak, boshqalar qanday hurmat qilsin. Aslida bu kabi holatlarni ko‘payishiga boshqa sabablar ham bor. Ma’lumki, “Davlat tili to‘g‘risida“ gi qonunning qabul qilinganiga 30 yildan oshganiga qaramay ko‘plab davlat hujjatlari rus tilida yozilgan. Qonun madaniy meros, o‘zligimizni anglash, milliy ong mustaqilligiga erishish yo‘lida islohotlarga xizmat qilishi lozim edi. Ammo, shu o‘tgan davr ichida ushbu qonun davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalarida o‘zbek tilida ish yuritish hamda o‘zbek hujjatchiligini takomillashtirishga katta imkoniyat yaratib berdimi? Afsuski, javobning qoniqarsiz ekanligi barchani ranjitadi. Negaki, davlat rahbari ham bu mavzuga murojaat qilarkan, demak, masala biz o‘ylagandan ham ko‘p og‘riqli. Shu o‘rinda Davlat Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan raqamlarga nazar tashlasak, mamlakatimizda umumiy aholining 83,2 foizini o‘zbek millatiga mansub kishilar tashkil etadi, shundan 4,8 foizi tojiklar, 2,5 foizi qozoqlar, 2,3 foizi ruslar, 2,2 qoraqalpoqlar, 0,9 foizi qirg‘iz va boshqalar. Shuning uchun ham bugun ijtimoiy tarmoqlarda savollar dovulday yog‘ilib kelmoqda, qachon o‘zbek tilida gapirishni o‘rganamiz? Qachon “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun amalda ishlaydi? Nega davlat tili rivoji uchun aytilgan har qanday minimal himoya, xorijiy tildan boshqasida so‘zlashishni bilmaganlarga qilingan maksimal tajovuzdek sanaladi?

Islomjon Omonjonov