Xalqim, biz sen bilanmiz!

Tinchlik va ahillik mamlakat taraqqiyoti va xalq faravonligining asosidir. Xalqimizning fidoyiligi, bag‘rikengligidan har qancha faxrlansak arziydi. Kezi kelganda bir burda nonini ham atrofdagilar bilan baham ko‘rishi haqiqiy o‘rnak namunasidir. Xalqimizning qudrati, mardligi bugungi sinovli kunlarda yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
— Boylik boylik emas, ahillik — boylik, deb bejiz aytilmagan, — deydi Volontyorlar maktabi bosh koordinatori A’zamxo‘ja Rasulov. — Biz o‘zbeklar uchun ahillik, do‘stlik va birdamlik kabi insoniy fazilatlar yuqori o‘rinlarda turadi. Jondoshining, yurtdoshining boshi uzra kulfat bulutlari suzganda uyida xotirjam o‘tirishni hech bir o‘zbek o‘ziga ep ko‘rmaydi.
Dunyodagi epidemiologik vaziyat sababli ko‘plab mamlakatlar qatori yurtimizda ham karantin e’lon qilinib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning 1-may kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi tufayli viloyatning Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi minglab aholi zarar ko‘rdi. Mazkur holatlardan so‘ng ko‘plab xayriya aksiyalari tashkil qilinib, saxovatpesha insonlar yordam qo‘lini uzatmoqda. Fuqarolar qo‘ldan kelguncha vatadoshlariga oziq-ovqat, kiyim-kechak va narsa-buyumlarni yordam sifatida taqdim etib kelmoqda.
Shuningdek, “Sirdaryo, biz sen bilan” xayriya aksiyasi doirasida Yoshlar ittifoqi tomonidan oziq-ovqat, kiyim-kechak, gigiyena vositalari va 12 mingdan ortiq badiiy kitoblar evakuatsiya qilingan oilalar farzandlariga ulashildi. Bundan tashqari, viloyat kengashlari tomonidan xayriya karvonlari yuborildi. Aholiga amaliy yordam berish maqsadida tezkor ravishda tuman-shaharlar kesimida ko‘ngilli yoshlardan tashkil topgan 650 nafardan ortiq volontyorlardan iborat guruhlar tuzilib, aholi evakuatsiya qilingan obyektlarga biriktirildi. Hodisaning birinchi kunidan boshlab volontyorlar jabrlangan aholiga zarur bo‘lgan birlamchi ehtiyoj mahsulotlar ro‘yxatini tuzish ishlarida ko‘mak berib kelmoqda. Suv toshqini natjasida talafot ko‘rgan aholi yashash maskanlarida tozalash, obodonlashtirish va qidiruv ishlariga ham 350 nafardan ortiq ko‘ngilli yoshlar jalb etildi.
Epidimiologik vaziyat sababli katta hajmdagi ishlarni amalga oshirish bir muncha qiyinchiliklarni yuzaga keltirsa-da yoshlarimiz o‘zining zukkoli bilan ish ko‘rib, bir yoqadan bosh chiqarib xalqqa beminnat xizmat ko‘rsatmoqda.
Ma’mura XUSINOVA