TO‘YDAGI ISROFGARCHILIK O‘ZIMIZGA AZIYAT YETKAZADI

Piru badavlatlarimiz “Topganing to‘yga buyursin!”, deb duo qiladi. Buning zamirida uyingda xursandchilik hukm sursin, bola-chaqang ko‘p bo‘lsin, degan ezgu istak mujassam. Zinhor bor budingni to‘yga sarfla, degan da’vat emas!
Afsuski, so‘nggi yillarda ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, kimo‘zarga berilish natijasida xonadondagi eng go‘zal, fayzli kun ortidan tinch-totuv va baxtli hayot murakkabliklar domiga tushib qolmoqda. Kelin olaman, qiz chiqaraman, degan ezgu maqsad bilan emas, “To‘y qilishim kerak!” degan tashvish bilan yashovchilar ko‘paydi. Bunday holatning jamiyatda ildiz otishi, eng avvalo, ilmsizlik, ma’naviyatning darz ketishiga va kelajak avlod ta’lim-tarbiyasiga ham ta’sir qilyapti. To‘y va marosimlar jiddiy ijtimoiy muammoga aylandi. To‘ylar o‘tkazish borasida shariatimizda qanday tartib-an’ana yoki ko‘rsatmalar mavjudligi, umuman, to‘yni qanday tushunishimiz va o‘tkazishimiz kerakligi to‘g‘risida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi Burxoniddin Ahmedov bilan suhbatlashdik.

— Dinimizda to‘y marosimlariga tavsiyalar va Payg‘ambarimiz(s.a.v)ning o‘z ko‘rsatmalari bor, — deydi Burxoniddin Ahmedov. — Ya’ni inson farzandlari — o‘g‘il-qizlarining juftlashayotganini odamlarga bildirib qo‘yish ma’nosida ixcham to‘y qilishi ko‘rsatilgan. Bundan maqsad bir xonadondan chiqqan qizni yangi uyga xush kuzatishdir. El-yurtga ehson dasturxoni yozib va to‘y qilib, ovoz chiqarib uzatishni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tavsiya qilganlar. Chunki “Xonadoningizda qizingiz voyaga yetayotgan edi”, deya ezgu maqsadda sovchilikka keluvchilarga ham bu o‘ziga xos xabar bo‘ladi.
Qiz bola turmushga chiqayotgan paytda ehson dasturxonini Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bevosita erkakning, ya’ni turmush qurayotgan yigitning zimmasiga yuklaganlar. Qizlari Fotima onamizni Ali (r.a.)ga uzatayotgan vaqtda uning uylanishga imkoniyati bo‘lmagan. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) mahr uchun imom Ali (r.a.)dan qizlariga mablag‘ so‘radilar. Hatto temir uzuk bo‘lsa ham topa olasanmi, dedilar va qiladigan ehsonini Ali (r.a.)ga tavsiya qildilar. Shunday qilib, Ali (r.a.) atrofidagi sahobalarning yordami bilan ixcham ehson qilib, Fotima onamizni boshqa bir xonadonga nikohlab olib ketdilar.
Bunday misollar juda ko‘p. Masalan, Rasululloh (s.a.v.) bir kuni ko‘chada ketayotganlarida o‘sha davrning eng ko‘zga ko‘ringan sarmoyadorlaridan biri Abdurahmonning ustida ko‘rkam liboslarni ko‘rib qoladilar va undan “Uylandingmi?”, deb so‘raydilar. Abdurahmon: “Ha, uylandim”, deydi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Uylansang, bildirib qo‘ygin-da”, deb ta’kidlaganlar.
Buni shunday izohlash mumkinki, o‘sha davrlarda ham to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazish urf bo‘lgan. Lekin shu darajada ixcham bo‘lganki, bu Abdurahmonning uylanganini Rasululloh (s.a.v.) bilmay qolganidan ham ma’lum.
Nikoh qaydnomasi ikki juftlik, ya’ni erkak va ayolning birgalikda turmush qurishga qo‘yadigan ilk qadami bo‘lsa, albatta, unga guvohlar bo‘lishi uchun ham ixcham bir to‘y marosimi qilinadi. Buni yuqorida keltirgan misollarimiz tasdiqlab turibdi.
— To‘ylardagi ortiqcha dabdababozlik tufayli jamiyatimizda yuzaga kelayotgan ijtimoiy muammolar, ularning mohiyati borasida ham to‘xtalsangiz.
— Xalqning guvohligida kichik to‘y marosimlarini o‘tkazish yaxshi. Ammo bugungi kunda to‘y marosimlarini bahona qilib, isrofgarchilik, dabdababozlik va kimo‘zarlik holatlari tobora ortib ketdi.
Qur’oni karimda Alloh taolo insonlarga marhamat qilib, shunday deydi: “Yenglar, ichinglar lekin isrof qilmanglar. Alloh isrof qilguvchilarni yomon ko‘radi” (A’rof, 21).
Oyat sharhiga mufassirlar ko‘zi bilan qaraydigan bo‘lsak, Alloh buyuryapti: “Yegin, ichgin, isrof qilmagin”, deb. Bu so‘zning ortidan uni yumshatadigan boshqa so‘z keltirmadi. Bu esa berilgan tavsiya va maslahatlar bajarilishi lozimligini anglatadi.
Bugun ushbu nasihatga rioya qilmasligimiz oqibatida jamiyatimizda qanday muammolar yuzaga kelayotganiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Undan kelib chiqayotgan zararlardan faqat va faqat o‘zimiz, xalqimiz aziyat chekmoqda.
To‘yda bezatilayotgan dasturxonlarda nozu ne’matlar, ayniqsa, xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan kechki bazmlarda tortilayotgan taomlarning o‘ndan bir qismi ham yeyilmaydi, isrof bo‘ladi. Isrofgarchilik eng yomon gunoh hisoblanadi. Alloh taolo insonga moddiyatni xohlasa yeb, xohlamasa isrof qilishi uchun bermaydi. Moddiyat bizga omonat. Kimlarningdir rizq-nasibasini to‘kayotganimiz bir tomoni bo‘lsa, ikkinchisi, bu nozu ne’matlar ham aslida bir shaxsiyatdir. Ertaga bular ham da’vo qiladi. “Men insonlar uchun sen tomoningdan yemak uchun yaratildim. Lekin bular meni zoye qildi” demaydimi?!
Rivoyatlarda keltiriladiki, qiyomat kunida bir qo‘y bo‘rilar to‘dasi ichida yurar ekan. Shunda Alloh taolo undan so‘rar ekan: “Ey qo‘y, bo‘rilar ichida nima qilib yuribsan”.
Albatta, o‘sha joyda ham qo‘y bo‘rilar ichida xavotirda bo‘larkan. U aytar ekanki:“Yo Alloh, sen meni bir kishiga mulk qilib bergan eding. U meni asrab-avaylamadi. Meni zoye qildi. Shuning uchun men joyimni adashtirib qo‘ydim. Mana bugun bo‘rilar ichida xavotirda qo‘rqib yuribman”, deya egasi ustidan shikoyat qilarkan.
Alloh taolo qo‘ydan nima xohlaysan desa, qo‘y egamdan haq xohlayman, deb javob qaytararkan. Hatto qo‘y ham o‘z joyini o‘zgartirib, yo‘qotgani uchun qiyomat kunida egasidan haq talab qilishi mumkin ekan…
Shunday ekan, bugungi to‘ylarimizda isrof qilinayotgan har bir luqma taom uni isrof qilayotganlardan, albatta, qiyomat kunida haq so‘raydi. Bu moddiy isrofgarchilik. Ba’zi insonlar “O‘zimniki, topdim, yedirdim, yeyishmadi, nima qilay?”, deb o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ladi. Bunga asos va haqlari yo‘q.
Isrofning yana ham jiddiysi — vaqtning zoe ketganidir. Ertaga bularning ham savol-javobi, uvoli, hisob-kitobi bor.
Qiyomat kunida Alloh tomonidan inson uchun berilgan har bir lahzasi so‘ralarkan. Alloh taolo bandaning qadami jannat yoki do‘zaxga o‘tishidan oldin so‘raladigan to‘rtta narsadan biri sifatida vaqtni sanamadimi? Banda o‘z vaqtini nimaga ishlatdi? Nega o‘sha dabdabali to‘yga, to‘y uchun pul topishga ketgan kunlar va oylarni o‘zining ma’naviyatiga, imon-e’tiqodiga, farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga, jamiyatning taraqqiyotiga yo‘naltirmadi?!
Dabdabali to‘y qilayotganlardan ba’zan farzandi ta’lim-tarbiyasi uchun mablag‘ so‘ralganda e’tiroz bildirishadi. Axir yillar davomida ne-ne mashaqqatlar bilan topilgan mablag‘ni bir kunlik orzu-havas uchun ishlatgandan ko‘ra, bir umrlik ma’naviyat, ma’rifat yo‘lida sarflash to‘g‘ri tanlov-ku! Bu mablag‘larni odamlar farzandlarining o‘qishiga, tarbiyasiga yo‘naltirganida edi, o‘zining ertangi kuni bo‘lgan o‘g‘il-qizlaridan qaytadigan izzat-hurmatga musharraf bo‘lardi. Ham ota-onalik vazifasini, ham jamiyat oldidagi burchini bajargan, Alloh huzurida yuzini yorug‘ qilgan bo‘lardi.
Dinimizda biror-bir salbiy holatga cheklov qo‘yildimi, albatta, bunga rioya qilishimiz kerak. Taqiqlangan jihatlarni eshitib, ko‘ra-bila turib, o‘z bilganimizdan qolmasak, yanada og‘irroq gunohga yo‘l ochgan bo‘lamiz.
Bir ustozning ibratli gapini eshitib qoldim. Xalqqa osh berib, to‘y qilayotganida ba’zi kishilar dasturxonga qazi-qarta qo‘yishni tavsiya qilishibdi. Ustoz bunga rad javobini beribdi. “Mening imkoniyatim bunday osh qilishga yetmaydi”, desa haligi kishilar “Unda biz yordam beramiz”, deya ko‘magini tavsiya qilibdi. Shunda ustoz, “Siz ham yordam qilmang, chunki elga bu osh dasturxonini men yozyapman. Ertaga shu domla qazi-qartali osh qilibdi-ku, deb boshqalarga ham malol bo‘lmasin, og‘irimiz tushib qoladi”, deya ta’kidlagan ekan.
Albatta, jamiyatimizda bunday insonlarga ehtiyoj bor. Ularning xalq manfaatini o‘ylab aytgan har bir gapi, og‘irini yengil qilishi borasidagi fikrlari hammamiz uchun ibratdir.
— To‘y va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ishlarga, o‘rnatilayotgan taqiqlarga fuqarolarimiz o‘z hayotiga qanday tatbiq etishi lozim?
— To‘y-hashamlar borasida ziyolilarimiz tomonidan ilgari surilayotgan fikrlar, hukumatimiz qabul qilayotgan tartib-taomillar el-yurtimiz farovonligi, fuqarolarimizning manfaati uchun xizmat qiladi. Qo‘yilayotgan talablar xalqimizning ichidagi dardini, muammosini o‘rgangan holda ishlab chiqilyapti. Xalq vakillari hisoblangan deputatlar, MFY raislari va jamoatchilikning fikr va tavsiyasiga binoan yondashilyapti.
Dinimizda hukumat o‘rnatgan yoki umumbashariy qoidalarga rioya qilish shariy burch, deb belgilangan. Xalq vakillari hisoblangan rahbarlar tomonidan fuqarolar foydasi, manfaati uchun bir taklif berilsa, unga amal qilish kerak. Lekin ba’zi kishilar tomonidan bu ko‘rsatmalarga “ko‘z yumib ketish”, e’tiborsizlik yoki loqaydlik, o‘zibilarmonlik holatlari ham uchrab turibdi.
Jamiyat peshvolari bir masalada kelishsalar, xalqning manfaati uchun bo‘ladi. Unga e’tiborsiz munosabatda bo‘lmaslik lozim. Negaki, dinimizda qaror qilishda ijmo, ya’ni soha mutaxassislari yig‘ilib, jamiyatdagi bir muammoga yechim izlashda yaxlit bir fikrga kelish, deyilgan masala bor. Bularga ham amal qilish talab etiladi. Aks holda kishi o‘zi bilib yoki bilmagan holda, avvalo, o‘zini, undan so‘ng boshqalarni ham qadrsizlantirib qo‘yishi mumkin.
Keng jamoatchilik vakillari, ziyolilarimiz fikr va takliflari o‘rganilib, fuqarolarimizga har tomonlama qulay sharoitlarni yaratish maqsad qilingan ekan bunga rioya qilmaslikka yoki e’tiborsiz bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu yerda shaxsiy manfaat ko‘zlanmayapti. Shu xalq, Vatan taraqqiyoti, o‘g‘il-qizlarning kelajagi o‘ylanyapti.
— O‘tgan asrda ham to‘y bilan bog‘liq masalalar dolzarb hisoblangan. Bu borada ma’rifatparvar bobolarimizning qarashlari qanday bo‘lgan?
— Butun dunyo ilm-faniga o‘z hissasini qo‘shgan ajdodlarimiz insonlarga zarar keltirayotgan juda ko‘p ijtimoiy muammolarni ta’kidlagan. Bundan ehtiyot bo‘lishimiz, faqat va faqat aql-idrok ila ish ko‘rishimizni o‘z asarlarida yozib qoldirgan.
Masalan, ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z nasihatlarida: “To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimizda va dinimizda obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur”, deya aytadi.
Bugun ham jamiyatimizda bu o‘gitlarga ehtiyoj bor va bu so‘zlar qancha davrlar o‘tgan bo‘lsa-da, hali ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda barchani mulohazaga chorlagan bir xabarni o‘qib ta’sirlandim. Chet davlatda uch millat fuqarosi ishlay boshlabdi. Biri o‘zbek, qolganlari boshqa millat vakillari. Ular har doim uylariga pul jo‘natib, bu mablag‘larni farzandlarining sog‘lig‘i va bilim olishi uchun sarflashni tayinlar ekan. Afsuski, bizning vatandoshimiz uyiga pul jo‘natganda ayoliga “ertaga xalqqa osh berishimiz kerak”, deb har safar jo‘natgan mablag‘ini turli buyumlarga sarflashni uqtirar ekan.
O‘zi xohlagandek, to‘y qilgandir. Ammo biroz muddat o‘tganidan keyin narigi ikki kasbdoshining farzandlari biri shifokor, ikkinchisi iqtisodchi mutaxassis bo‘lib, katta joylarda faoliyat boshlabdi. Bir kunda o‘tib ketadigan to‘y-hashamga bor-budini sovurgan yurtdoshimizning farzandlari esa otasining qora mehnatini davom ettiribdi.
Mutafakkir allomalarimiz yozib qoldirgan bir hikmat bor, “Farzand senga bir kun o‘qiladigan qissadir”. Albatta, bu yerda majoziy ma’no bor. Ya’ni o‘zingdan keyin farzanding tomonidan sodir etilayotgan xatti-harakat sen bugun yozayotgan satrlardir. Yaxshi qissa o‘qilishini xohlasang, unga bugun ilm va ma’rifat berib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga erishmog‘ing kerak. Farzandingni ertaga qanday ko‘rishni istasang, bugun unga shunday munosabatda bo‘l. Ertaga ziyoli bir shaxs bo‘lib yetishishi, ta’lim-tarbiyasi yo‘lida hech narsani qizg‘anma, degan xitob bor.
Hasan USMONOV suhbatlashdi.

Tahririyatdan: Pandemiya sababli mamlakatimizda e’lon qilingan karantin davrida to‘y va tadbirlarni o‘tkazishga taqiqlar belgilandi. Xabarlarga ko‘ra, ayrim oilalar zarurat tufayli faqat oila a’zolari ishtirokida o‘g‘il uylantirish, qiz chiqarish marosimlarini o‘tkazmoqda. Demak, to‘yni ixcham qilib o‘tkazsa ham osmon uzilib yerga tushmaydi!
Albatta, muayyan vaqt o‘tib, karantin bekor qilingach, bosqichma-bosqich ravishda to‘y va marosimlarni o‘tkazishga ham ruxsat beriladi. Ammo manu shu sharoitdan unumli foydalangan holda to‘ylarni ixcham tarzda o‘tkazish bo‘yicha qat’iy talab va me’yorlarni hayotga tatbiq etish juda zarur! Pandemiya davrida o‘zaro mehr-oqibati sinovdan o‘tib, yagona maqsad yo‘lida birlashgan, ma’naviy jihatdan bir qadar yuksalgan xalqimiz hayotdan asl maqsad nima ekanini yanada teranroq anglab yetdi, nazarimizda. Shunday ekan, hozir millatimizning oyog‘iga tushov bo‘lib kelayotgan dabdabali to‘ylarga chek qo‘yishning ayni mavridi!