“O‘ZBEKISTONDA ELEKTRON TIJORAT ISTIQBOLLARI” mavzusida onlayn biznes forum bo‘lib o‘tdi

“Yoshlar press klubi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, Alibaba Group, China Campus Network Uzbekistan kompaniyalari hamkorligida “O‘zbekistonda elektron tijorat istiqbollari” mavzusida onlayn biznes Forum o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, Davlat Soliq va Bojxona qo‘mitalari mutaxassislari, yosh tadbirkorlar va yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5466-son farmoniga muvofiq yosh tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlarini realizatsiya qilishga ko‘maklashish, elektron tijoratning zamonaviy dunyo iqtisodiyotidagi ahamiyati, yurtimizdagi rivojlanishi bo‘yicha yoshlar, xususan yosh tadbirkorlarni xabardor qilish maqsadida tashkil etildi.
Forumda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Xayrulla Sattarov yosh tadbirkorlar va ishtirokchilar bilan elektron tijoratga doir o‘z bilim va ko‘nikmalarini o‘rtoqlashdi. Yoshlar ushbu tadbirkorlik yo‘lini tanlaganida yuzaga keladigan to‘siqlarni sanab o‘tib, ularga yechimlar taklif qildi.
Shundan so‘ng China Campus Network Uzbekistan marketing direktori O.Xudoyberdiyev elektron biznesning zamonaviy dunyo iqtisodiyotidagi ahamiyati, paydo bo‘lishi va rivojlanish bosqichlari, elektron biznesning an’anaviy biznesga nisbatan ustunligi, iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissasi haqida nutq so‘zladi.
Shuningdek, forum davomida elektron biznes – muvaffaqiyatga erishgan yirik kompaniyalar faoliyati misolida tushuntirib berildi. Alibaba Group kompaniyasiga asos solinishi va rivojlanish tarixi, uning rivojlanish strategiyasi haqida “China Campus Network” nodavlat ta’lim agentligi asoschisi, Alibaba.com ekotizimi hamkori Mr. Chzhou Young atroflicha ma’lumot berdi.
Forumda O‘zbekistonda elektron biznesning rivojlanishi va istiqboli elektron biznes va soliq siyosati; elektron biznes segmentida bojxona masalalari mutaxassislar tomonidan muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Davlat Soliq va Bojxona qo‘mitalari mutaxassislari tadbirkorlarga berilayotgan yengilliklar haqida axborot berdi.
Qayd etilishicha, shu kunga qadar “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida axborot kommunikatsion texnologiyalar yo‘nalishidagi 271 ta loyiha uchun 25 milliard 900 million kredit ajratilgan. Mazkur biznes loyihalarining barchasi amaliyotga tatbiq etilgan bo‘lib, shu orqali mingga yaqin yoshlarning bandligi ta’minlangan.