Internet orqali radikallashuv: muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Internet orqali radikallashuv: muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusida respublika onlayn ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlar idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi vakillari ishtirok etdi.
Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori, siyosiy fanlar doktori, professor Sh.Yovqochev kirish so‘zi bilan boshlab, bugungi kunda axborot texnologiyalarining jadal suratlarda rivojlanib borayotgani, kashfiyotlar va buning natijasida erishilayotgan yutuqlar hamda xavf-xatarlar tobora ortib borayotgani haqida fikr bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari H.Ishmatbekov “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmoq zamon talabi”, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita yetakchi mutaxassislari Sh.Jo‘rayev “Ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik guruhlar orasida kuzatilayotgan o‘zaro tortishuv va munozaralar xususida”, J.Aliyev “Ekspertizaga taqdim etilayotgan materiallarning mavzuiy tahlili (radikal kontentlar klassifikatsiyasi), Toshkent islom instituti rektori U.G‘afurov “Yoshlarni yot g‘oyalardan asrashda axborot iste’moli madaniyati”, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktor maslahatchisi, filologiya fanlari doktori, professor B.To‘rayev “Yoshlarga manipulyativ ta’sir ko‘rsatishda internetning o‘rni”, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i T.Ahmedov “Pandemiya sharoitida ekstremistik g‘oyalarning tarqalishi” kabi mavzularda ma’ruza qildi.
Ma’lumki, radikal so‘zi – lotincha “radix” ya’ni, ildiz so‘zidan olingan bo‘lib, qat’iy va keskin choralar, harakatlar, dasturlar tarafdori, degan ma’nolarni anglatadi. Mavjud davlat tuzumini tanqid ostiga olib, radikal o‘zgarishlar va islohotlar o‘tkazishni talab etuvchi siyosiy oqimdir.
Bunday oqim tarafdorlari o‘z oldiga qo‘ygan g‘arazli maqsadi yo‘lida hech narsadan tap tortmaydi. Davlatlarning tinchligi, maqomi, milliy qadriyati, tili, dini, asriy an’analarining izdan chiqishi, yemirilishi uchun yovuz harakatini olib boradi. Buning natijasida butun bir xalqning milliy ma’naviyati va madaniyatiga darz ketadi.
Hozirgi paytda davlatlar oldida turgan eng muhim masalalardan biri ham radikallashuv muammosining oldini olishdir. Hattoki, xalqaro tashkilotlar tomonidan yil davomida o‘tkazilayotgan tadbirlarning aksariyatida shu jihatga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Turli nomlar ostida o‘zining g‘arazli maqsadini, terrorchilik va ekstremistik faoliyatni olib borishni ko‘zlagan radikal oqim vakillari internet va ijtimoiy tarmoqlari orqali o‘z sahifalarini ochib, noqonuniy faoliyat olib bormoqda. Ularning aksariyati dunyoning bir chekkasida turib, tinch-totuv yashayotgan boshqa xalqlarning farovonligiga taxdid solayotir.
Anjumanda bu kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Olimlar va mutaxassislar radikallashuvning oldini olish, aholida, ayniqsa, yoshlarda sog‘lom fikr va mustahkam e’tiqod shakllanishida milliy an’analar, alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi yechim bo‘lishi haqidagi takliflarini bildirdi.
Joriy yilda sud tomonidan ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan tashkilotlar ro‘yxati Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilgani xususida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, 40 ga yaqin ijtimoiy tarmoqlardagi profil, kanal va sahifalarda ekstremistik va terrorchilik faoliyatini yurituvchi guruhlar aniqlangani va bunday tashkilotlarning faoliyati O‘zbekiston hududida taqiqlangani ta’kidlandi.
Hasan USMONOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bosh mutaxassisi