O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qabul boshlandi

Bugun yurtimizning yuz minglab yoshlari o‘z hayotidagi muhim bosqich oldida turibdi — abiturientlar uchun “g‘alvir suvdan ko‘tariladigan palla” yaqin.
Mamlakatimizning barcha oliy ta’lim muassasalari qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham abiturientlardan hujjat qabul qilish jarayoni boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur akademiya yurtimiz va jahonda o‘z nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Zero, u dunyoviy fanlar qatorida islomshunoslik va dinshunoslik yo‘nalishlari ilmiy jihatdan chuqur o‘qitiladigan dunyodagi sanoqli ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi. Ilg‘or va zamonaviy ta’lim standartlari asosida ilm olishni istab akademiyaga hujjat topshirayotgan mahalliy va xorijiy yoshlar safi yildan yilga kengaymoqda.
Hozir akademiyada uchta – Islomshunoslik, Mumtoz Sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti mavjud bo‘lib, ularda o‘z ixtisosligi bo‘yicha dunyoda taniqli mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qabul jarayonidagi yangiliklar
Covid-19 pandemiyasi sharoitida oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar qabuli va test sinovlarini o‘tkazish o‘ziga xos talab hamda sharoitlarni taqozo etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020/2021-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yilda abiturientlarga keng imkoniyatlar berilmoqda. Eng avvalo, abiturient test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha oliy o‘quv yurtining bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, kirish test sinovlari ikkita fandan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan joriy yilda abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish va dastlabki imtihonlarni o‘tkazishda o‘ziga xos yangiliklar tatbiq etilmoqda.
Akademiya bitiruvchilari ilmiy-pedagogik salohiyati va chet tillarni bilish darajasiga qo‘yilayotgan talablar asosida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joriy yildan Akademiyaga qabul jarayonida dastlabki imtihon tatbiq etilmoqda. Ushbu sinovlar bo‘lg‘usi talabaning o‘z intellektual salohiyatini kengroq namoyon etishiga imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi bo‘lishni maqsad qilgan abiturientlar dastlab quyidagi ilovadagi (https://iiau.uz/en-ca/yangiliklar/yangiliklar/q-bul-komissiyasig-biturient-q-ysi-hujj-tl-rni-topshir-di-22.html) hujjatlarining PDF formatdagi shakli yoki sifatli suratini uylarida turgan holda(!) kompyuter yoki zarur imkoniyati mavjud mobil aloqa vositasi orqali https://qabul.iiau.uz portaliga yuklashi zarur.
Ro‘yxatdan o‘tishda so‘rovnomaning belgilangan joyiga abiturient doimiy ish faoliyatidagi o‘z mobil(!) telefoni raqamini kiritishi talab etiladi. Chunki ushbu mobil raqamga SMS xabar orqali dastlabki imtihon vaqti, internet havolasi (link) hamda imtihonga kirish uchun shaxsiy Login va Parol yuboriladi.
Unutmaslik joizki, abiturient hujjatlarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida barcha ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik pasportiga ko‘ra rasmiylashtirishi shart. Agarda ism-familiyasi, sanalar yoki boshqa nomdagi hujjat xato yuklansa, kompyuter tizimi avtomatik ravishda barcha axborotni rad etadi(!). Bu abiturientning hujjatlari Akademiya qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmasligiga sabab bo‘ladi.

Dastlabki imtihon
Abiturientlar 2020-yilning 20-iyunidan to 10-iyul, soat 17-00ga qadar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining https://qabul.iiau.uz portali orqali belgilangan tartibda hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazgach, 11-13-iyul kunlari dastlabki imtihon — Intellektual salohiyatni baholovchi testdan o‘tish talab etiladi. Bunda har bir abiturientning (hujjat topshirishda rasmiylashtirilgan) mobil telefon raqamiga SMS xabar orqali Intellektual test olinadigan internet portali ilovasi (linki), testdan o‘tish kuni (sanasi), vaqti (soati) hamda shaxsiy Login va Parol yuboriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlargina 2020-yilning 15-20-iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy bo‘limlari yoki Davlat test markazi sayti orqali O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qo‘shimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan yana 4 ta oliy o‘quv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati