HAQIQIY KELAJAK BUNYODKORI

Mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar ko‘lami tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilishi va uning faollariga bir qator imtiyozlar taqdim etilishi tashkilotning nufuzini yanada oshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” 3138-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda Ittifoq tizimida ko‘p yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan, yetakchilik qobiliyatini namoyon etgan, vatanparvar, yurt kelajagiga daxldorlikni his qiladigan, mehnatsevar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2017-yil 14-noyabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol azolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi 914-sonli qarori tasdiqlangan edi. Unga muvofiq, Yoshlar ittifoqi tizimidagi ko‘plab sardorlar, boshlang‘ich tashkilot yetakchilari va tizimda ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi yoshlarga imtiyozli tavsiyanomalar berildi.

Ular safida Yoshlar ittifoqi Yangiariq tumani kengashining besh tashabbus va boshlang‘ich tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi Ixtiyor Madrimov ham bor. Uning oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingani nafaqat oilasi, balki butun xorazmliklarni quvontirdi.
Ixtiyor 1994-yil 6-aprelda Yangiariq tumanida tug‘ilgan. 2019-yil 9-iyuldan buyon Ittifoqning Yangiariq tumani kengashida bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Ish faoliyati davomida o‘zining tirishqoqligi, izlanuvchanligi bilan o‘z hamkasblari orasida obro‘-e’tibor qozongan.
U yoshlarning munosib yetakchisi sifatida o‘zini ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, uning yetakchiligidagi Yangiariq tumani jamoasi “Eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Kamolot shaxmat taxtasi”, “Bashta muhim tashabbus” kabi tanlov va musobaqalarning respublika bosqichlarida yuqori o‘rinlarni egallagan.
Shuningdek Ixtiyor Madrimov 2019-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi viloyat, tuman va shahar kengashlariga o‘tkazilgan deputatlik saylovlarida faol ishtirok etib, nafaqat yoshlar, balki xalq ishonchini ham qozondi — 14-Yangiobod saylov okrugidan xalq deputatlari Yangiariq tumani kengashi deputatligiga saylandi.
Sumbuloy NURMETOVA