Mening onam

Donolar aytadiki, kun kelib buloqlarda suv tugaydi, ammo onaning mehri hech qachon tugamaydi!
O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarida ona timsoli juda chiroyli tasvirlangan. “Gilam paypoq” hikoyasini eslab ko‘ring-a. Ona bolasi betobligini, joni og‘riyotganini ko‘rib chidab turolmaydi. Izg‘irin sovuqda piyoda tabibning oldiga olib boradi. Tabib bolaga kerakli muolajani qilganidan so‘ng bola o‘ziga keladi. Shunda onaning oyoqlariga qarasa, qip-qizil go‘shti chiqib ketganini ko‘radi. Chunki ona oyog‘iga hech narsa kiymay, bolasini ko‘targanicha qorda yurib kelgan, oyoqlari esa sovuqda qotib, hech narsa sezmaydigan bo‘lib qolgan edi.
Onalar shunaqa, o‘zini o‘ylamaydi, bolasi uchun har narsaga tayyor.
Men bir onani bilaman. Azonda turib bozorga chiqarish uchun bo‘g‘irsoq, somsa pishiradi. Kunduzi hamshiralik qiladi. Yana u ¬— ona, u — uy bekasi, kir-chir yuvadi, bolalariga ovqat pishiradi. Kechki payt ham tinim bilmay, siz-u bizning uyimizni bezovchi likopchalarga naqsh soladi… Ammo u qachon dam oladi, qachon uxlaydi?
U kim deysizmi? U mening farishta onam va u mening baxtli kelajagim uchun oromidan voz kechgan muqaddas ayol!
Menga Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan g‘ayritabiiy jasoratdan so‘zlamang. Menga onamning bir kunlik mehnati — jasorat. Onamning mehri — jasorat. Onamning sadoqati — jasorat.
Rayhona TOSHPO‘LATOVA