SOVG‘AGA – 846 TA KITOB

Kitob bilim xazinasi. Shu sababli uni eng yaqin do‘st bilamiz. Ayniqsa, yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishlari ortmoqda.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyat kengashi vakillari IIV Xorazm akademik litseyida bo‘lib, talaba va pedogoglar bilan uchrashdi, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Litsey ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari o‘quv-metodik xonalarning tashkil etilganligi, xonalar ko‘rgazmali qurollar hamda stendlar bilan ta’minlanganligi mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirdi.
Uchrashuvda yoshlar ittifoqi viloyat kengashi yoshlar oyligi doirasida litsey kutubxonasiga 15 million so‘mlik 134 nomdagi 846 dona badiiy-ommabop kitoblar sovg‘a qildi.
– Yurtimizda yosh avlodga ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik zamirida buyuk davlat barpo etishdek olijanob maqsad mujjasamligini yoshlarimiz teran anglashi yurtimizning istiqboli yo‘lida astoydil mehnat qilishida bosh omildir, – deydi yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Mansurbek Masharipov. – Bu kitoblarni o‘qigan yoshlar kelajakda fidoyi insonlar bo‘lib kamolga yetadi.
– Kitob bilan do‘stlashish har kanday kishini nafaqat yuksaltiradi, balki uni ezgulikka ham yetaklaydi, – deydi IIVning Xorazm akademik litseyi direktori, podpolkovnik Ro‘ziboy Masharipov. – Litsey kutubxonasiga sovg‘a qilingan kitoblar uchun Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati kengashiga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz.
Sumbuloy NURMETOVA