Iqtidorli yoshlarga “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni topshirildi

Poytaxtimizdagi Yoshlar press klubida mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yoshlarga “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirok etganlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz yoshlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ular o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon qilishlari, yuksak ilmi, fidoyiligi bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlari uchun barcha sharoit mavjudligini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimizda yosh avlodning jahon andozalari darajasida ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, o‘z salohiyati va intilishlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan keng shart-sharoitlar samarasida yigit-qizlarimiz turli sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

2003 yildan buyon “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan yuksak vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘usi, mehnatsevarlik fazilatlarini o‘zida mujassamlashtirgan, Vatanimiz obro‘si, shon-shuhratini yuksaltirishga, uning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, tengdoshlariga namuna bo‘layotgan yoshlar taqdirlanmoqda. Bugungi kunda bu ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan yoshlar soni 592 nafarni tashkil etadi.

Ushbu ko‘krak nishoniga nomzodlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining quyi tashkilotlari va jamoatchilik tomonidan taqdim etilib, sovrindorlarga mukofot Yoshlar ittifoqi markaziy kengashining qarori asosida beriladi.

“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonining topshirilishi yoshlarni yanada jipslashtirishga, ularni bir kuch bo‘lib, o‘z bilim va iste’dodi, fidoyiligi bilan Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishga rag‘batlantirmoqda.

Marosimda ilm-fan, madaniyat, san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, jurnalistika, sport, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda o‘qiyotgan, ishlayotgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, yuksak natijalarga erishayotgan 41 nafar yigit-qizga “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.

Manba: yoshlarittifoqi.uz